O‘zA O`zbek

09.07.2019 Chop etish versiyasi

Aholining e’tiqod darajasi qayta hisoblab chiqiladi

Aholining e’tiqod darajasi qayta hisoblab chiqiladi

Tojikiston rasmiylari navbatdagi aholini ro‘yxatga olish tadbirida mamlakatdagi turli dinlarga e’tiqod qiluvchilar sonini aniqlashga qaror qildi. Parlament quyi palatasining ijtimoiy masalalar bo‘yicha qo‘mita a’zosi Abduhalim G‘afforovning aytishicha, Tojikiston aholisining katta qismi islom diniga e’tiqod qiladi. Shunday bo‘lsada, navbatdagi aholini ro‘yxatga olish tadbiri vaqtida bu ma’lumotlarga yanada oydinlik kiritiladi.

“Biz hamisha mamlakat aholisining 90 foizdan ortig‘i musulmon ekanligini aytib kelamiz. Endi esa oldimizda turgan asosiy maqsad, aholini ro‘yxatga olish tadbiri davomida qancha odam islomga e’tiqod qilishini, qanchasi xristian, qanchasi boshqa din vakillari va qanchasi ateist ekanligini aniqlashdan iborat”, – deydi parlament deputati.

Deputatning aytishicha, bu kabi ma’lumotlar davlat idoralariga kerak, chunki davlat idoralari o‘z fuqarolarining diniy e’tiqodlarini bilishi lozim. Shuningdek, Tojikiston bilan hamkorlik qiladigan xalqaro tashkilotlarga ham bu ma’lumotlar zarur.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerkki, Tojikistonda islomdan tashqari 70 dan ortiq diniy tashkilot ro‘yxatga olingan.

693
O‘zA