O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Afrikada koʻhna poyezd hashamatli mehmonxonaga aylanadi

Afrikada koʻhna poyezd hashamatli mehmonxonaga aylanadi

Janubiy Afrika Respublikasining Kryuger milliy parki hududida, Sabi daryosi uzra oʻtgan tashlandiq temir yoʻl koʻprigi ustida koʻp yillar oldin “unutib qoldirilgan” eski poyezddan mehmonxona yasaladigan boʻldi. Bu haqda turizmga ixtisoslashgan “Travel & Leisure” saytida xabar berilgan.

Boʻlajak otel egalarining aytishicha, bir necha vagondan iborat tarkib qaytadan jihozlanib, yangi turar-joy holiga keltiriladi. Bu “mehmonlarning bundan 100-yil avval ushbu xiyobonda tadqiqotlar olib borgan kishilar xotirasiga hurmati natijasi” sifatida namoyon boʻladi.

Kryuger xiyoboni boʻylab sayr qilishga ilk bor 1920-yil boshlarida ruxsat etilgandi. Poyezd harakatining yakuniy nuqtasi aynan shu joyda, yaʼni mehmonxona vujudga keladig yerda edi. Oʻsha payt dam oluvchilar ushbu parkka faqat mana shu poyezdda sayr qilish uchungina kirishardi.

Poyezd-mehmonxona devori endi oynali koʻrinishga keltiriladi, sayyohlar kun davomida ichkaridan turib ham tabiatdan zavq olish imkoniga ega boʻlishadi. Basseynli ochiq ayvon esa umumiy manzaraga qoʻshimcha koʻrk bagʻishlaydi.

Mehmonxonada hozirlanadigan 31 ta xonaga zamonaviy, qimmatbaho mebellar joylashtiriladi. Har bir xonada yerdan shipgacha choʻziladigan oynali derazalar hamda vanna oʻrnatiladi.

Toʻgʻri, koronavirus pandemiyasi oqibatida majmua qurilishi choʻzilib ketdi. Baribir, masʼullar 2020-yil oxiriga kelib, dastlabki mehmonlarni qabul qilishni koʻzlab turishibdi.

2 245
OʻzA