O‘zA O`zbek

10.09.2019 Chop etish versiyasi

Afg‘onistondagi Amerika harbiylari sonini qisqartirish borasidagi muzokaralar davom etmoqda

Afg‘onistondagi Amerika harbiylari sonini qisqartirish borasidagi muzokaralar davom etmoqda

Oq uy ma’muriyati Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqish masalasida kelishuvga erishish maqsadida ikki yildan beri toliblar bilan muzokara olib borayotganiga qaramay AQSh prezidenti Donald Tramp “Tolibon” harakati bilan muloqot to‘xtatilganini e’lon qildi.

Prezident 8 sentabr kuni Kemp-Devid qarorgohida toliblar yetakchilari va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan bo‘lib o‘tishi kutilgan uchrashuvni bekor qilganidan so‘ng Trampning bayonoti yangradi. Bu uchrashuvda Oq uy 18 yildan beri Afg‘onistonda bo‘lib turgan Amerika qo‘shinlarini olib chiqish masalasida har ikki tomonning roziligini olishga harakat qilmoqchi edi. Ayni damda bu yerdagi Amerika qo‘shinlarining soni taxminan 14 ming harbiy xizmatchidan iborat.

Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay toliblar o‘zlarining saytlariga muzokaralarning to‘xtatilishi Qo‘shma Shtatlarning o‘ziga zarar keltirishi borasidagi ogohlantirishni joylashtirdilar. AQSh Markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Kennet Makkenzi dushanba kuni bayonot berib, Afg‘onistondagi Amerika harbiy kontingenti tez orada mamlakatda toliblarning ehtimoliy terror faolligiga qarshi harakatlarini kuchaytirishini ma’lum qildi.Qatar poytaxti Doxada AQSh ma’muriyati bilan muzokaralar olib borilayotganiga qaramay toliblar so‘nggi vaqtlarda hujumlarni kuchaytirmoqda. O‘tgan hafta shu kabi hujumlardan birida Qobulda amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi.

O‘tgan haftada erishilgan Kelishuv loyihasiga ko‘ra yaqin oylarda Vashington 5000 ga yaqin amerikalik harbiy xizmatchini olib chiqishi, buning evaziga Afg‘oniston Qo‘shma shtatlar va uning ittifoqchilariga qarshi terror hujumlari uchun baza sifatida foydalanilmasligi borasida kafolat olishi kerak.

Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini butunlay olib chiqish Trampning 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasining ustuvor tashqi siyosati edi va prezident bayonot berib o‘z administratsiyasi hamon qo‘shinlarini to‘laligicha olib chiqish masalasi ustida bosh qotirayotganini aytdi.

Doxada bo‘lib o‘tgan toliblar va Amerika ma’muriyati vakillari o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etmagan Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani dushanba kuni bayonot berib yana bir bor yarashishga da’vat qildi, uning fikricha toliblar o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuvga amal qilishi kerak. Ammo ular bu kelishuvni hamon bajarmayapti.

Afg‘onistonda Amerika harbiy kontingentining taqdiri hamon noaniq bo‘lib qolmoqda. Tramp Afg‘onistondagi Amerika harbiylari sonini 8600 nafargacha qisqartirish niyatida ekanligi aytib o‘tdi.

411
O‘zA