O‘zA O`zbek

14.09.2019 Chop etish versiyasi

Afgʻoniston-Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Xitoy birinchi konteyner poyezdi yoʻlga tushdi

Afgʻoniston-Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Xitoy birinchi konteyner poyezdi yoʻlga tushdi

Joriy yil 11-sentyabr kuni Kobul shahridagi “Arg” saroyida Afgʻonistondan Xitoyga Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlari orqali birinchi konteyner poyezdi yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati. Unda Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani, Hukumat aʼzolari, Parlamentning ikkala palatasi deputatlari, Afgʻonistonning ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishgan.

Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Afgʻoniston transport vaziri Yama Yari mamlakatda transport koridorlarini rivojlantirish va afgʻon mahsulotlarini Xitoyga eksport qilish rejalari toʻgʻrisida soʻzladi. U Hayraton portidan Xitoyga 41 vagonlik birinchi konteyner poyezdining muvaffaqiyatli yuborilishini olqishladi. Vazirning taʼkidlashicha, temir yoʻl transportining yoʻlga qoʻyilishi Afgʻoniston eksportini bir necha marotaba koʻpaytiradi va shu bilan birga tovarlarni tashish va yetkazib berish vaqtini kamaytiradi.

Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani oʻz nutqida ishtirokchilar eʼtiborini Afgʻoniston oʻzining noyob geografik joylashuvi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin ekanligiga qaratdi. “Bugun Afgʻoniston uchun tarixiy kun, u eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻliga oʻtmoqda”, – dedi Afgʻoniston rahbari.

Muhammad Ashraf Gʻani Oʻzbekistonning mintaqadagi yuklar tranziti, transport va kommunikatsiya yoʻnalishlarini rivojlantirishdagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi va Afgʻoniston yuklarining Xitoyga tranzit qilinishiga koʻmaklashgani uchun respublika rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildirdi. “Men qadrdon doʻstim Prezident Shavkat Mirziyoyevga Afgʻonistonni tiklash va rivojlantirish yoʻlida mamlakatimiz xalqi va hukumatiga koʻrsatayotgan yordam uchun samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman”, - dedi Ashraf Gʻani.

2019-yil 12-sentyabr kuni Kobul politexnika universitetida “Afgʻonistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi oʻrni” mavzusidagi konferensiya oʻtkazildi. Unda Afgʻonistonning ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

688
O'zA