O‘zA O`zbek

18.08.2018 11:42 Chop etish versiyasi

19-avgust – Afg‘oniston mustaqilligi kuni

19-avgust – Afg‘oniston mustaqilligi kuni

Bundan 99 yil ilgari, 1919-yil 19-avgustida Afg‘onistonning vatanparvar, erksevar xalqi va yoshlari yalpi qo‘zg‘olon orqali kurash maydoniga chiqdilar va misli ko‘rilmagan fidokorliklar natijasida Vatan ozodligi va mustaqilligini qo‘lga kiritdilar.

Tarix shunga guvohlik beradiki, Afg‘oniston zaminida Mavlono Balxiy, alloma Sayid Jamoliddin Afg‘on, Xo‘ja Abdulla Ansoriy, Alisher Navoiy kabi buyuk insonlar yashab-ijod etganlar. Afg‘oniston qadimiy tamaddun markazlaridan biri sifatida turli yo‘nalishlarda o‘zini namoyon etgan, mintaqa va jahon ilm-fan va madaniyati rivojlanishida katta ulush qo‘shgan. Shuningdek, jahon hamjamiyatining teng huquqli va faol ishtirokchisi bo‘lib sahnaga chiqdi.

Mamlakat milliy bayrami – Afg‘oniston mustaqilligi tiklanishining 99-yilligi munosabati bilan Toshkentda qabul marosimi o‘tkazildi. 

Tadbirda Afg‘onistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sayyid Shahobiddin Temuriy nutq so‘zladi: 

“Ma’lumki, hozirgi sharoitda zo‘ravonlik, terrorizm va ekstremizm insonlarga qarshi qaratilgan yovuz illat bo‘lib, nafaqat aziz Vatanimiz Afg‘oniston, balki mintaqa va dunyo mamlakatlarining asosiy muammosi, deb e’tirof etilmoqda. Ko‘p yillar davomida Afg‘oniston ushbu shum illatga qarshi kurashda qurbonlik bermoqda. Shu sababdan Afg‘oniston jahon hamjamiyatidagi faol ishtiroki tufayli xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida turibdi”. Jahon hamjamiyati Amerika Qo‘shma Shtatlari boshchiligida mazkur xavfli illatni nobud etishga kirishgan va amalda unga qarshi kurash olib bormoqda, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini mustahkamlash va hukumat faoliyatini yaxshilashda hamkorlik qilmoqda. Afg‘oniston hukumati va xalqi do‘st mamlakatlar ko‘rsatayotgan insonparvar yordamni qadrlaydi va minnatdorlik bildiradi. Shuningdek, Afg‘onistonda xalqaro terrorizm va zo‘ravonlikka qarshi kurashda o‘zini qurbon qilganlarning oila a’zolariga chuqur ta’ziya bildiradi. Ularning fidokorliklarini yodda tutadi, shuningdek, ishonchimiz komilki, jahon hamjamiyati Afg‘oniston unutilishi va terrorizm tufayli sodir etilayotgan mudhish va alamli hodisalarning dunyo bo‘ylab yana tarqalishini istamaydi“, dedi Afg‘oniston elchisi.

Uning so‘zlariga qaraganda, “Afg‘oniston bilan do‘st, birodar va shimoliy qo‘shni mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyodagi nufuzli va muhim mamlakatlardan biri sanaladi. Bu mamlakat mintaqada katta salohiyatga ega bo‘lib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda, xususan, terrorizm va giyohvand moddalarga qarshi kurashishda muhim strategik o‘ringa egadir”.

“O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi yillarda Afg‘oniston hukumati va xalqiga davomli yordam ko‘rsatib kelmoqda, aziz mamlakatimizni qayta tiklash jarayonida faol ishtirok etmoqda, Hayraton-Mazori Sharif yo‘nalishida birinchi temiryo‘l qurilishi, O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr quvvati uzatilishi ushbu hamkorlikning yorqin namunasidir”, deya alohida e’tirof etdi Sayyid Shahobiddin Temuriy. 

Ta’kidlash joizki, o‘tgan bir yil davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirish, kengaytirish va mustahkamlash borasida samarali qadamlar tashlandi. O‘tgan davr mobaynida yuqori martabali hay’atlarning o‘zaro safarlari amalga oshirildi, jumladan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Mohammad Ashraf G‘ani Janobi Oliylari 2017 yil 5-6 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif buyurdi. Ushbu safar doirasida ikki mamlakat o‘rtasida xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo va madaniyat sohalarida hamkorlik to‘g‘risida 20 dan ortiq bitim, anglashuv memorandumi, bayonnoma va shartnomalar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Afg‘onistonda o‘rnatishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashish uchun Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti 2018 yil 26-27 mart kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy Janobi Oliylari O‘zbekiston Respublikasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qobul shahriga rasmiy tashrif buyurdi. 

Afg‘oniston Islom Respublikasi yuqori martabali hay’atlarining o‘tgan olti oy mobaynida O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ko‘plab safarlari natijasida 9 ta rasmiy hujjat, jumladan temir yo‘l, elektroenergiya, aloqa va texnologiyalar, neft va gaz, standartlashtirish, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitim, memorandum va shartnomalar imzolandi. Umuman olganda, o‘tgan bir yil ichida ikki birodar va qo‘shni mamlakat o‘rtasida xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo va madaniyat sohalarida hamkorlik to‘g‘risida 29 ta rasmiy hujjat imzolandi. Bu esa ikki tomonlama aloqalarning izchil rivojlanishi va mustahkamlanishidan dalolat beradi.

Ikkinchi tomondan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirish maqsadida xavfsizlik va iqtisodiyot masalalarida yuqori martabali Qo‘shma komissiyalar tuzildi. 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi o‘tgan bir yil ichida Afg‘oniston hukumati va xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi samarali chora-tadbirlarni amalga oshirdi:

Afg‘oniston tadbirkorlariga qulayliklar yaratish maqsadida Termiz shahrida Kargo-sentr ochildi va ishga tushirildi;
Termiz shahrida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi ochildi va Afg‘onistonlik talabalarning o‘qishi uchun 50 foizli chegirmalar berildi;

O‘zbekistondan Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr quvvatining narxi 2,65 sentga kamaydi;

Afg‘oniston xalqi uchun beg‘araz va insonparvarlik yordami sifatida 3000 tonna bug‘doy yuborildi;

Surxon-Pulixumri yo‘nalishida 500 kVt.li elektr uzatish liniyasini qurilishi va Mazori Sharif-Hirot yo‘nalishida temiryo‘l qurilishi bo‘yicha sa’i-harakatlar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostidagi O‘zbekiston Respublikasi hukumati, shuningdek, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, O‘zbekistonning tegishli vazirliklari va idoralariga doimiy qo‘llab-quvvatlash, e’tibor va hamkorliklar uchun Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumati nomidan chuqur va samimiy minnatdorlik izhor etaman, dedi Afg‘onistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Sayyid Shahobiddin Temuriy. 

Sharqda ajoyib naql bor, “qo‘shning tinch, o‘zing tinch“. Qariyb 40 yildan buyon notinchliklarni boshdan kechirayotgan afg‘on xalqi jahon hamjamiyati keng qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Jafokash o‘lkada yillar davomida hal etilmay kelinayotgan inqirozu ixtiloflarni bartaraf etish borasida barcha kuchlar safarbar etilayotir. Bu borada yon qo‘shni – jon qo‘shni O‘zbekiston davlati tomonidan Afg‘onistondagi vaziyatni izga solish borasidagi sa’y-harakatlarni har qancha olqishlasak, mubolag‘a bo‘lmas. 

Toshkentda 26-27 mart kunlari mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini tilga olish joiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon qilgan, bu borada amaliy takliflarni ilgari surgan edi. Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘oniston muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muhim siyosiy jarayondir. Unda Afg‘oniston rahbari Muhammad Ashraf G‘ani, bir qator mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, AQSH davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerinining ishtirok etganligi ham afg‘on diyoridagi muammolar ularni befarq qoldirmayotganidan dalolat beradi. 

O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir, degan masalani ilgari surganligi diqqatga sazovor. Bugungi kunda Afg‘onistondagi vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p qirrali va murakkab masalalar mintaqa va xalqaro miqyosda keng muhokama qilinmoqda. Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlab ko‘plab muzokaralar, uchrashuvlar o‘tkazilgan, biroq Toshkent anjumani ularning hech birini aynan takrorlamaydi. Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy inqirozni hal etish yo‘llarini topish maqsadida tashkil etilgan Qobul jarayoni, Moskva formati, Xalqaro muloqot guruhi, Istambul jarayoni kabi ko‘p tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazovor.

Afg‘onistonda 20 ga yaqin millat va elatlar istiqomat qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra Afg‘onistonda hozir 3 yarim milliondan ortiq o‘zbeklar yashaydi. Yaqinda o‘zbeklar yangi siyosiy partiyani tuzishdi. O‘zbeklar orasida vazirlar va prezident maslahatchilari ham bor. 

Sh. To‘laganov, O‘zA
2 827