O‘zA O`zbek

12.04.2019 Chop etish versiyasi

Ziyoratchi va sayyohlarga qulaylik

Ziyoratchi va sayyohlarga qulaylik

Mamlakatimizda tarixiy obida va madaniy yodgorliklar ko‘p. Ular xalqimizning o‘tmishini o‘zida mujassam etgan milliy qadriyatlarimiz namunasi, bebaho boyligimizdir. Yurtimizdagi yuzlab ko‘hna va betakror obidalar asrlar davomida jahon ahlini lol etib kelmoqda.

Shu bois, ularni o‘rganish, muhofaza qilish, kelajak avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 19 dekabrdagi “Moddiy madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Viloyatda mahalliy va respublika ahamiyatiga molik 359 ta tarixiy va madaniy meros ob'yekti ro‘yxatga olingan, – deydi Madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish departamenti Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bekzodbek Umarov. – Ulardan 115 tasi arxeologik, 70 tasi me'moriy yodgorliklar, 96 tasi mahobatli san'at yodgorliklari va haykallar bo‘lib, 78 tasi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlardir. Ularni asrab-avaylash, obodonlashtirish ishlariga alohida e'tibor qaratilayotir. Jumladan, viloyatdagi madaniy meros ob'yektlari ro‘yxati shakllantirilib, elektron ma'lumotlar bazasi yaratildi.

Mavjud ob'yektlar holati o‘rganilib, aksariyatida kadastr-baholash, muhandislik-tadqiqot, toponomik, kartografiya ishlari amalga oshirildi. Xususan, 80 dan ziyod tarixiy yodgorliklarning kadastr hujjati tayyorlandi. Bu ishlar uchun 2017-2018 yillarda qariyb 185 million byudjet mablag‘i sarflandi. Ayni kunga qadar 35 ta ob'yektning pasporti tayyorlandi.

Xorijlik va yurtimiz tarixchi olimlari, arxeologlari hamkorligida Marhamat tumanidagi Mingtepa, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Qo‘shtepa arxeologik yodgorliklarida qazilma va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.

Mingtepa qal'asi qadimiy Davan davlatining poytaxti – Ershi shahri xarobalari ekani tarixdan ma'lum. Olimlarning aniqlashicha, o‘z davrida qal'aning shahar ichi 38 gektar, tashqarisi esa 230 gektar maydonni egallagan. Ershi hukmdorining maxsus saroylari joylashgan Jung‘ortepa, Qorovultepa, Mingtepa, Alitepa singari 30 dan ortiq tepalik xarobalari hozir ham saqlangan.

Viloyat markazi va Toshkent shahrida ushbu arxeologik yodgorliklarda olib borilgan qazishmalar chog‘ida topilgan noyob osori-atiqalar, turli buyumlar ko‘rgazmalari tashkil etilib, keng jamoatchilikka namoyish etildi. Shuningdek, ochiq osmon ostidagi "Mingtepa” muzeyini tashkil etish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda.

– Xalqimizning ko‘hna tarixini aks ettiruvchi bu kabi noyob yodgorliklarni asrash, jahon ahliga ko‘rsatish, eng asosiysi, ularni kelajak avlodlarga yetkazish muhimdir, – deydi "Mingtepa – madaniy meros" jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Mingtepa xarobalarini o‘rganish borasidagi ishlar reja asosida olib borilayotgani mazkur hudud va xalqimiz tarixiga oid yangi-yangi ashyo va ma'lumotlar olish imkonini bermoqda.

Buyuk ipak yo‘lini tiklash maqsadida YUNESKO tomonidan amalga oshirilayotgan “Buyuk ipak yo‘li: Farg‘ona – Sirdaryo koridori” loyihasi doirasida Mingtepa arxeologik yodgorligi tarkibidagi Jung‘ortepa, Qorovultepa, Mingtepa tepaliklarini o‘rganish, qayta tiklash, xalqaro turistik yo‘nalishga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ayni kunda byudjet mablag‘lari hisobidan Paxtaobod tumanidagi Hovuskon ota, Xo‘jataqsim ota, Xo‘jaobod tumanidagi Imom ota, Andijon tumanidagi Mehmoni Valiy, Baliqchi tumanidagi Tuzluq momo ziyoratgohlarida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Hovuskon ota ziyoratgohida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda, – deydi Madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va undan foydalanish departamenti Andijon viloyati boshqarmasi jamoatchi inspektori Sayfullo Yunusov. – Milliy uslubdagi ayvon, maqbara, shuningdek, ziyoratchilarga qulaylik yaratish uchun qator savdo va xizmat ko‘rsatish ob'yektlari barpo etiladi, ziyoratgoh yanada obodonlashtiriladi. Buning uchun 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi madaniy meros maskanlarida ziyoratchilar va sayyohlarga yanada qulaylik yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, infratuzilmasini yaxshilash, avtoturarjoylar tashkil etish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada Andijon shahridagi Bog‘i Bobur dam olish maskani, Jome' yodgorlik majmuasi, Xonobod shahridagi Fozilmon ota ziyoratgohida ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan. Biroq qator ziyoratgoh va dam olish maskanlari borki, ularda tashrif buyuruvchilar uchun sharoitlar hali ko‘ngildagidek emas. Mutasaddi tashkilotlar, keng jamoatchilik hamkorligida ana shu maskanlarda ham zarur ishlar olib borilishi lozim.

Muxtasar aytganda, tarixiy obida va madaniy yodgorliklar yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, o‘tmishdan iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish, yosh avlodni tariximizga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

3 650
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA