O‘zA O`zbek

22.02.2019 19:05:34 Chop etish versiyasi

Ziyorat turizmida yoshlarni ham unutmaslik taklif etildi


Buxoroda oʻtkazilayotgan birinchi Xalqaro Forum Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini oshirishga va xorijiy tajribaga asoslanib yangi turizm mahsulotlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fazal Bahardin, “Crescent Rating” asoschisi va bosh direktori (Singapur):

– Musulmon sayyohlar uchun xalqaro reyting va uning mamlakat imijini oshirishga taʼsiri xususida soʻzlaydigan boʻlsak, bu borada oʻz takliflarimni bildirmoqchiman. Ziyorat turizmi tushunchasini ifodalovchi bir qator terminlar bor. Xususan, 2008 yildan buyon dunyoda halol tushunchasi paydo boʻldi. Ayni vaqtda esa Malayziya, BAA va Indoneziya eng yaxshi natijalarga erishmoqda. Yaponiya, Koreya ham bu bozorga talabgorlik qilmoqda. Joriy yilda bu borada yana bir qator yangi texnologiyalar va innovatsiyalar joriy etish kutilmoqda.

Maʼlumki, butun jahonda Islom diniga eʼtiqod qiluvchi 1,8 milliard musulmon istiqomat qiladi, shundan qariyb 150 millioni har yili sayohat qiladi.

Toʻgʻri, Oʻzbekistonda madaniy obidalar va qadimiy arxitektura muhim oʻrin tutadi. Buxoro va Samarqand dunyoning ajoyib shaharlaridan. Bu yurtga koʻplab odamlar qadimiy arxitekturadan bahramand boʻlish uchun keladi. Oʻzbekistonni islom olami uchun ikkinchi Makka sifatida eʼtirof etish mumkin. Bu yer ilmlar markazi, oʻrganishlar dargohi. Shu bois sizlarda ziyorat turizmi uchun taqdim etiladigan takliflar juda koʻp.

Ammo qayd etish joizki, ayni vaqtda musulmonlar orasida yoshlarning hissasi ortib bormoqda. Yaʼni musulmon aholining 46 foizini 35 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi. Shuning uchun hozirda turizmni rivojlantirish uchun yoshlarning ehtiyojlarini oʻrganish muhim. Ular uchun koʻngilochar maskanlar, dam olish infratuzilmasini ham barpo etish joiz.