O‘zA O`zbek

18.09.2019 Chop etish versiyasi

Yuksalayotgan millatning orzusi yuksak, mo‘ljali aniq bo‘ladi

Yuksalayotgan millatning orzusi yuksak, mo‘ljali aniq bo‘ladi


O‘zbekiston bir necha asrlik qaramlik, qaddi egiklikdan keyin tiklanib olishiga chorak asr kerak bo‘ldi. Chunki bukilib, o‘tirib qolgan odam birdaniga yurib-yugurib keta olmaydi. Avval qaddini tiklab, rostlanadi, o‘zini tayyorlaydi, mo‘ljalni o‘zi, mustaqil, aniq belgilab, keyin yurib, yugurib ketadi.

1991 yildan keyingi 25 yillik tariximizni ana shunday tiklanib olish davri sifatida e’tirof etish mumkin. Bu davr milliy tiklanish davri edi.

Endi qadamimizni milliy yuksalish sari qo‘ydik. Bunda milliy g‘oya har birimiz uchun dasturilamal vazifasini o‘taydi. Mustaqillik davrida milliy g‘oyaga oid nazariy asoslarning ishlab chiqilgani mamlakatimiz suverenitetini asrash, xalqimizni pirovard maqsadlar yo‘lida safarbar qilish, uni uyushtirish va jipslashtirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ushbu yo‘nalishda muhim normativ-huquqiy hujjatlar kabul kilindi, mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, “milliy g‘oya” turkumidagi o‘quv fanlari shakllandi, o‘quv dasturlari, darsliklar va qo‘llanmalar yaratildi. Umuman, milliy g‘oya targ‘iboti bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Bular milliy istiqlol, ya’ni milliy tiklanish g‘oyasi asosiga qurilgan edi. Biz bugun milliy tiklanish bosqichidan milliy yuksalish fazasiga o‘tdik. Bizga mayoq bo‘ladigan milliy yuksalish g‘oyasi zarur. O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish – “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasining konsepsiyasi ana shu ulug‘ yo‘l xaritasini belgilab bermoqda. Unga ko‘ra, mamlakatimizda milliy g‘oyaga yangi davr, millatimiz tarixining yangi bosqichi talablaridan kelib chiqqan real vazifalar qo‘yilmoqda.

Milliy yuksalish – millatning yuksalishi

Haqiqatan ham shunday. Shu millat vakili bo‘lgan hammamizning yuksalishimiz. Shu bois 7 yoshdan 70 yoshgacha har bir fuqaro o‘zini har jihatdan yuksaltirishi lozim. Chunki "men"lardan "BIZ" paydo bo‘ladi. Biz – bu millatimiz, degani. Demak, har bir shaxs o‘zini, o‘z dunyoqarashini, fazilatlarini, ayniqsa, vatanparvarligini yuksaltirib borsa, millatni yuksaltirishga hissa qo‘shgan bo‘ladi. Milliy yuksalish va vatanparvarlik bir-biriga ikki ko‘zday yaqin tushunchalardir. Bunga misol sifatida ma’naviyat va ma’rifat ahlining buyuk ustozi – Abdurauf Fitratning “Najot yo‘li” (“Rahbari najot”) asaridan bir lavha keltirsak: “Bundan olti oy muqaddam Istanbulga No Kamo nomli yosh yapon sayyohi kelgan edi. U shayton aravasi (velosiped)da uch yil davomida olam kezib, Chin, Hind, Eron, Arabistonlarni aylanib chiqib, bu yerga kelganini va bundan keyin shu ikki charxli aravasida Farangistonga safar qilish fikri borligini eshitdim. Shu yigit bilan uchrashishni xohladim. Bir do‘stim orqali xonasiga borib, u bilan muloqotda bo‘ldim. 26 yoshlardagi bir yigit kursida o‘tirib xat yozardi. Yo‘ldoshi, ya’ni yapon davlatini kafolati bo‘lgan bayroqcha ilingan shaytonaravasi ham ro‘parasida turardi. Bizni ehtirom bilan kutib oldi, o‘tirdik, uch yil muddatda islomiy mamlakatlarda ko‘rgan ajoyibotlarini bizga so‘zlab berdi. Suhbat asnosida dilim tang bo‘lib so‘radim:

– Birodar, bepul, yolg‘iz, beaslaha bu ikki charxli aravang bilan Arabistonning jonni kuydiruvchi cho‘llaridan qanday o‘tding? Faraz qildikki, o‘zingga taom topib yeb, yotar joy ham topding, lekin chumchuqni ham sog‘ qo‘ymaydigan sahroyi arab changalidan qanday xalos topding?

Yapon yigiti menga qarab kuldi-da, qo‘lini ko‘tarib Yapon davlatining bayrog‘ini ko‘rsatib dedi:

– Shu bayroq meni siz aytayotgan xavf-xatardan, mushkulotlardan muhofaza qildi!

Bu kuchli javobdan titrab ketdim, bir lahza sukut saqladim, lekin bu qat’iy mag‘lubiyat og‘ir botdi, qalbimda bir intiqom tuyib, yigitni gapning zo‘ri bilan mag‘lub qilish maqsadida dedim:

– Birodar, ahdi islom tab’an mehmondo‘st va musofirparvar, shuning uchun seni hurmat qilganlar, lekin sen Farangistonga sayohat qilmoqchisan, u yerda sening holing mushkul bo‘ladi, zero, ovro‘palilar hech bir musofirning holiga qarashmaydi.

Lekin No Kamo xotirjamligini buzmay dedi:

– Bizning millatimiz o‘zining buyukligi va sharafini butun zaminga taratgandir, uning biror-bir vakili dunyoning hech bir nuqtasida mushkulotga duchor bo‘lmaydi. Men shunday qavm orasida ham bo‘ldimki, yapon millatidan boshqa narsaning nomini bilmaydilar. Keyin men borgan ba’zi mamlakatlarda odamlar bizni iftixor bilan tilga olib, maktabda o‘z bolalariga dars beradilar. Albatta, ular meni arablardan ham ko‘proq ehtirom qiladilar". Mana shuni dunyoning sharafu saodati desa bo‘ladi! Xulosa o‘zingizdan!

Erkinlik – hamma narsa mumkin degani emas

E’tibor qilayapsizmi, bugun ayrimlar demokratiya va erkinlik degan tushunchalarni o‘ziga qurol qilib olmoqda. Lekin erkinlikning ham chegarasi, uning ham madaniyati bor. Bunday odamlar aslida erkinlik haqida to‘g‘ri va to‘liq tushunchaga ega emas. Shu bois undan qachon, qanday qilib, nima maqsadda foydalanish mumkinligini bilmaydi yoki bilsa ham tan olmaydi. Natijada-chi? Natijada ular erkinlikni qurol qilib, undan shaxsiy manfaatlari, xoyu-havaslari va havoyi nafslari yo‘lida, hatto, o‘z millatining oyog‘iga bolta urish maqsadida foydalanishgacha bormoqda. Ma’naviyatsiz, ma’rifatsiz erkinlik ana shunday halokatli yo‘llarga yetaklab ketishi mumkin. Bu haqda buyuk olmon faylasufi V.Vindelbandning fikrlari tahsinga loyiq: “Aslida esa tarixda erkinlik nomi ostida ko‘p ulug‘ ishlar amalga oshirilgan, lekin aynan shu nom bilan qanchadan-qancha gunohlar qilingan. Har bir kishining xayoliga kelganida yuragi dukillab urib ketadigan shu nom bilan qanchadan-qancha jinoyatu nodonliklar, ehtiros aldoviyu so‘qirliklar o‘zini bezadi va bezamoqda”. Erkinlik atamasining mazmuni, haqiqatda ham, haligacha turli xil bo‘lib kelmoqda. “Erkinlik” tushunchasini yakdil, milliy g‘oyamizga mos tushunsak, u milliy yuksalishimizning kreativ resursiga aylanadi.

Aslida milliy g‘oyani targ‘ib qilish uchun joy, vaqt, vosita tanlash unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi. Ammo targ‘ibot samaradorligini oshirish uchun uni tashkil qilish usullarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Milliy g‘oyani targ‘ib qilish masalasi faqatgina u yoki bu tashkilotgagina yuklatib qo‘yilmagan, uni targ‘ib qilish mumkin bo‘lgan yoki mumkin bo‘lmagan joylari ham qat’iy qilib belgilab qo‘yilmagan. Aslida milliy g‘oyaning milliyligi – umumxalq g‘oyasi ekanligi ham shunda. Agar barcha bugun o‘z sohasi xususiyatidan kelib chiqib, milliy qadriyatlarimizni, milliy tarbiyani targ‘ib qilish ishlari bilan ham shug‘ullansa, fuqarolarimizni, albatta, bir g‘oya atrofida birlashtirishga erisha olamiz.

Bu masalada biz bir-birimiz bilan tortishib, faqat o‘zimiznikini ma’qullashga urinmasligimiz kerak. Aynan shu borada o‘zimizni ko‘rsatib qolish fikridan yiroq bo‘lishimiz lozim. Birgalikda, arqonni bir xil tortmasak, bo‘lmaydi.

Zamon shiddatli, nima qilmoq kerak?

Bu savolga javobni muhtaram Prezidentimiz biz tushunishimiz va chuqurroq anglagan holda harakat qilishimiz uchun qayta-qayta takrorlayaptilar: Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya! Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, milliy g‘oya ta’lim-tarbiya tizimining umurtqa pog‘onasi bo‘lishi kerak. Ta’lim dasturlari va standartlari bilan birgalikda tarbiya dasturlari va standartlari ham qabul qilinishi lozim. Ana shundagina tarbiya ishlari pedagoglarimizning bo‘sh vaqtida shug‘ullanadigan ishi emas, balki ish vaqtida shug‘ullanadigan asosiy vazifasiga aylanadi. Biz yoshlarimizni qancha bilimli, ilmli qilmaylik, agar ularda ma’naviyat, axloq-odob, madaniyat yetarli bo‘lmasa, qilgan ishlarimizning barchasi befoyda.

Har bir o‘g‘il-qiz ongiga milliy g‘ururni, yoshiga mos ma’naviyatni jo qilib borsak, ular nima yaxshiyu nima yomonligini, kimga ergashib, kimdan qochish kerakligini anglab yetadi. Mustaqil fikr va qat’iy e’tiqodga ega bo‘ladi. Qisqasi, oq va qorani bir-biridan o‘zi ajratib, bexato yashaydi. Bir narsani unutmaylik. Endi biz bo‘g‘iq, bukik, egik, siniq millat emasmiz. Qaddi tik, yuksalish yo‘lida dadil odimlayotgan xalqmiz. Yuksalayotgan millatning orzusi ham, mo‘ljallari ham pastda emas, oldinda va yuqorida bo‘ladi.

Yaqindagina Senat Raisi Tanzila Norboeva ham senatorlarga murojaatida ma’naviyat va ma’rifat, mafkuraviy tarbiya masalalari haqida to‘xtalib o‘tdi. Ochig‘i, hayratlandim. Avvallari bu kabi masalalar yalpi majlisda bunchalik jiddiy ko‘tarilmagan. Shulardan kelib chiqib, mamlakatimizda tarbiya bo‘yicha yagona tizim, tartibga solingan mexanizm yaratilishi zarur, degan xulosaga keldim.

Bu borada mamlakatimizdagi tarbiyaviy ishlarda davlat idoralariga, hukumatga yordam beradigan Milliy tarbiya jamiyatini tuzish maqsadga muvofiq. Barcha partiyalarning vazifalari qatoriga yoshlar tarbiyasi masalasini kiritish kerak. Har bir tizimdagi malaka oshirish muassasalarida tarbiya berish metodikasini o‘rgatadigan kurslarni yo‘lga qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi. Milliy g‘oyani targ‘ib qilishga mo‘ljallangan jamoatchilik (nodavlat notijorat) tashkilotini tashkil etish ham ayni muddao.

Otabek BOZOROV,

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

boshqarma boshlig‘i


4 590
O‘zA