O‘zA O`zbek

22.03.2019 Chop etish versiyasi

Yaponiyada Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilindi

Yaponiyada Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilindi

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Yaponiyadagi vatandoshlarimiz tomonidan Nagoya shahrida bahor ayyomi – Navroʻzi olamga bagʻishlangan bayram tadbirlari tashkil etildi.

Unda Nagoyaning mahalliy aholisi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ishbilarmon doiralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

photo6096100688602966355.jpg

Tadbirda Oʻzbekistonning turizm brendini faol targʻib qilish maqsadida Navroʻz umumxalq bayramiga xos boʻlgan urf-odatlar, milliy liboslar va bahor taomlari namoyish qilindi.

Tadbir qatnashchilariga Navroʻz Oʻzbekistonda keng nishonlanishi, yaʼni umumxalq sayillari, kuy-qoʻshiqlardan iborat madaniy dasturlar tashkil qilinishi, bayram kuni sumalak, koʻksomsa va boshqa turli milliy taomlar tayyorlanishi anʼanalari haqida maʼlumotlar berildi.

photo6096100688602966357.jpg

“Yaponiyada bahor fasliga bagʻishlab har yili anʼanaviy festivallar boʻlib oʻtadi. Bu yilgi festival doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida Nagoya shahrida Navroʻz umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Qoʻmita tomonidan taqdim etilayotgan Oʻzbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi yapon tilidagi targʻibot materiallari mahalliy aholiga tarqatilayapti. Bunga yaponiyaliklar juda katta qiziqish bildirmoqda,” – deydi Yaponiyaning Nagoya shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz, Nagoya iqtisodiyot universiteti talabasi Mirjalol Mengboyev.

“Biz bugun oʻzbek xalqi madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat yaratilganidan behad xursandmiz. Oʻzbekiston qadim va koʻp asrlik anʼanalarga ega. Navroʻz bayrami ham shulardan biri hisoblanadi. Bu bayram oʻzining qadimiyligi va hayratomuz goʻzalligi, chuqur mazmun-mohiyati bilan ajralib turadi. Barcha oʻzbekistonliklarni ushbu ajoyib shodiyona bilan tabriklayman, Oʻzbekistonga albatta oilam bilan boramiz,” – deydi tadbir ishtirokchisi Sadomori San.

photo6096100688602966359.jpg

Navroʻz bayramiga bagʻishlangan tadbirlar 23 martga qadar davom etadi. Unda yapon xalqi Oʻzbekistonning turizm salohiyati hamda mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtiriladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Yaponiyadagi vatandoshlarimiz tomonidan 2019 yil davomida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini yanada kengroq targʻib qilish borasida qator tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.

2 836
OʻzA