O‘zA O`zbek

31.07.2019 Chop etish versiyasi

Xorijliklarni hayratlantiradigan noyob sanʼat asarlari

Xorijliklarni hayratlantiradigan noyob sanʼat asarlari

“Bunday yirik festivalda birinchi marta ishtirok etishim. Shunday boʻlsada “Hunarmand” uyushmasi vakillari bilan kelishib, olib kelgan mahsulotlarimiz belaruslarga juda manzur boʻldi. Ularning qoʻl mehnatidan yaralgan mahsulotlarga mehri boshqacha ekan. Buyumlarimizni juda qiziqib, tomosha qilib, xarid qilish istagini bildirishmoqda. Ularning olqishlariga guvoh boʻlib turganim bois, yurtimizda oʻtkaziladigan xalqaro hunarmandlar festivaliga yaxshilab tayyorlanmoqchiman. Xorijliklarni hayratlantiradigan noyob sanʼat asarlari tayyorlab, namoyish etamiz.”

Bu ayni vaqtda Minsk shahrida “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasida ishtirok etayotgan xorazmlik hunarmand Zumradxon Nurmetovaning fikrlari edi.

2-avgust kunigacha davom etadigan, Belarus Respublikasining Minsk shahrida oʻtkazilayotgan koʻrgazmadan asosiy maqsad tovar ayriboshlash hajmini oshirish, Belarus ishbilarmon doiralarini mamlakatimizning ishlab chiqarish, eksport va investitsiya salohiyati, boy madaniy-tarixiy merosimiz keng tanishtirish, va yurtimizda turizmni rivojlantirishdan iborat.

– Ushbu koʻrgazmada yogʻoch oʻymakorligi, adras, atlas, milliy liboslar milliy taqinchoqlar kabi hunarmandchilik yoʻnalishlarida mahsulotlar bilan ishtirok etmoqdamiz, – deydi “Hunarmand“ uyushmasi boʻlim boshligʻi Chori Shodiyev. – Ayniqsa, ganch, kulolchilik, kashtachilik mahsulotlari koʻpchilikni qiziqtirmoqda. Ular orasida Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo va vodiy viloyatlarida tayyorlangan buyumlar keng oʻrin olgan.

Bu kabi yirik tadbirlarda ishtirok etish ushbu tadbir mehmonlarini Oʻzbekistonning boy madaniyati bilan tanishtirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Zero, taqdim etilgan asarlar oʻzbek xalqining madaniyati, anʼanalari, tarixi va madaniyatining goʻzalligi va koʻp qirralari ekanligini namoyish etmoqda.

Qayd etish kerakki, koʻrgazmada yurtimizni avtomobilsozlik, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika sanoati mahsulotlari hamda qurilish materiallari ham namoyish etilmoqda.

Eng muhimi esa, Belarus hunarmandlari joriy yilning 10-15-sentyabrida Qoʻqonda oʻtkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etish istagini bildirmoqda. Mazkur xalqaro festival turli davlat vakillari uchun tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi.

10 272
Sayyora SHOYEVA, OʻzA