O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Xorijiy sayyohlar tashrifi 60 foizga oshdi

Xorijiy sayyohlar tashrifi 60 foizga oshdi

Toshkent viloyatiga joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida 3 million 210 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,2 foiz ko‘p demakdir.

Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratish, shu jumladan, xavfsiz turizmni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sayyohlar oqimining sezilarli darajada ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2019 yil 6 martdagi “Transport va turizm ob’ektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos vazifasini o‘tayotir.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi tuzilmasida xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi. Ayni paytda ushbu tuzilma xodimlari turistik hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, sayyohlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilish, yuzaga keladigan jinoiy holatlarni tizimli tahlil qilish, ularga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etish kabi vazifalarni bajarmoqda. Shuningdek, boshqarma tomonidan sayyohlar va turistik guruhlarni shartnoma asosida kuzatib borish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi jamoasiga ikki va undan ortiq xorijiy tilni biladigan, turistik hududlar tarixi hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha zarur bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb etilgan. Boshqarma xodimlari zamonaviy avtomototransport vositalari hamda boshqa zaruriy texnika va jihozlar bilan ta’minlangan.

Ayni paytda “Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida 4 ta, Kumushkon qishlog‘i va Zangiota ziyoratgohi majmuasi hududida bittadan, jami 6 ta zamonaviy tipdagi xizmat maskani faoliyat yuritmoqda.

Ushbu maskanlar hamda turistik ob’ektlarda xizmat olib borayotgan boshqarma xodimlari tomonidan ayni paytga qadar 550 nafardan ziyod xorijiy hamda 900 nafardan ziyod mahalliy sayyohlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Turizm rivoji, ayniqsa yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar oqimini kengaytirishda xavfsiz turizmni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar viloyat turizmi rivojiga xizmat qilmoqda. Jumladan, joriy yilning 9 oyida viloyatga 3 million 210 ming, shu jumladan, 600 ming nafar xorijlik sayyohlar tashrif buyurdi. Kezi kelganda qayd etish joizki, xorijiy sayyohlar oqimi o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga ko‘paydi

Joriy yil yakuniga qadar viloyatga tashrif buyurayotgan turistlar soni qariyb 3 million 800 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Viloyat IIBB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan turistlarga nisbatan yoki ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Oxunjon MUSTAFOEV,
Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xodimi

2 290
O‘zA