O‘zA O`zbek

11.05.2019 Chop etish versiyasi

Xorazmning turistik salohiyati yuksalmoqda

Xorazmning turistik salohiyati yuksalmoqda

Hurmatli, yoʻlovchilar Andijon – Toshkent – Urganch yoʻnalishidagi poyezd 5 daqiqadan keyin joʻnaydi...

Qoʻshiqlarda eshitganimiz Toshkentdan Xorazmgacha 1100 kilometr, deya qalbda hayajon bilan “temir tulpor”dan oʻz joyimizni egalladik. Bizni Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilgan “Oʻzbekiston bahori” II respublika anʼanaviy ijod festivaliga taklif etishgan edi.

Poyezd Toshkent Janubiy vokzalidan soat 21:42 da Xorazm tomon yoʻlga chiqdi.

Abdulla Oripov, Xudoybergan Devonov, Komiljon Otaniyozov haqidagi qiziq voqealar...

Olis yoʻlda yaxshi suhbatdosh kerak. Bizga 70 bahorni qarshilagan va 30 yildan buyon Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutda rang tasvir va chizma tasvir fanlaridan saboq beradigan Erkaboy Masharipov hamrohlik qildi.

photo_2019-05-11_11-21-25.jpg

Asli turkmanistonlik boʻlgan Erkaboy bobo 1968 yillar Oʻzbekistonga tahsil olish uchun kelib, shu yerda muqim qolib ketibdi. Turkmanistonga qarindoshlarini koʻrgani ketayotgan ekan.

– Urganchdan ona yurtimga oʻtib ketaman, – deydi u deraza ortidan qorongʻu tun qaʼriga nazar solgancha.

Poyezdimiz Guliston vokzalida bir zum nafas rostlab oldi. Manziliga yetib kelgan tushib, uzoq manzillarni koʻzlagan yoʻlovchilar yana qaytib vagonlarga chiqishdi.

photo_2019-05-11_11-21-26 (2).jpg

Erkaboy bobo Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ijodidan sheʼrlar oʻqidi. Soʻng bir sheʼr tarixi haqida soʻzladi. Aytishicha, uning bir doʻsti oʻsha sheʼrni Abdulla Oripovga oʻqib beribdi. Shoir sheʼr haqida fikrlarini bildirib, biroz tanqid qilibdi. Eng qizigʻi, oʻsha sheʼrni maktabga oʻqib yurganida Abdulla Oripovning oʻzi yozgan emish. Bundan ajablangan shoir oʻz sheʼrini qogʻozga tushirib olibdi. Erkaboy bobo shoir bilan bogʻliq yana koʻp qiziq voqealarni aytib berdi.

Gap bilan boʻlib Jizzaxga yetib kelganimizni bilmay qoldik. Suhbatimiz esa tobora qoʻr olmoqda edi...

Gap aylanib, mavzu birinchi oʻzbek kinooperatori va suratchisi Xudoybergan Devonovga koʻchdi. U oʻz filmlarida vatanparvarlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surgan. Xorazm xalqi urf-odatlarini ifodalagan mingga yaqin fotosurat olgan. U yashagan yillardagi voqealar, umrining achinarli zavol topishi haqida soʻzlab bergan suhbatdoshimiz uzoq oʻyga toldi. Soʻng Xivada uning hayot yoʻli aks ettirilgan suratlari borligini, albatta borib koʻrishimizni maslahat berdi.

Suhbatdoshimiz tarixiy suratlar ham chizarkan. Bir nechta suratining tarixi haqida ham aytib oʻtdi.

photo_2019-05-11_11-21-26.jpg

– Ijodkor aniq maqsadni koʻzlab, ijodga kirishmaydi, uni ilhom boshqaradi, – deydi u.

Biz oʻtirgan “temir tulpor” Samarqandda ham biroz tin oldi. Yoʻlovchilar tushadi, yoʻlovchilar chiqadi...

Suhbat Xorazm mavzusiga koʻchdi.

– Oʻzbekistonda yashayapsanmi Xorazmga hech boʻlmasa bir marta borib koʻrish kerak. Aks holda bu diyorda yashaganing bekor, – deydi suhbatdoshimiz hayajon bilan, Prezidentimizning ichki turizmga alohida eʼtibor berayotganini eʼtirof etib.

photo_2019-05-11_11-21-27.jpg

Maroqli dillashuvimiz Oʻzbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov mavzusiga koʻchdi. Emishki, hofiz mashinada ketayotganda beixtiyor shofyor koʻlmakdan oʻtayotib bir yoʻlovchining ustini shalabbo qilibdi. Komiljon Otaniyozov tushib yoʻlovchidan uzr soʻrabdi. Yangi kostyum shim oling, deb pul uzatibdi. Yoʻlovchi olmas emish. Unda toʻyga aytasiz, oʻzim xizmat qilaman, “Kostyum toʻy” deb aytsangiz boʻldi, debdi hofiz. Bir necha yildan soʻng oʻsha yoʻlovchi “Kostyum toʻy” qilibdi. Hofiz yarim tungacha dil tortar qoʻshiqlar kuylabdi. “Xorazmda ana shunday samimiy, vaʼdasiga vafo qiladigan va ovozi bilan dunyoni olgan hofizlar ham yetishib chiqqan”, – dedi Erkaboy bobo.

...Quyosh togʻlar orasidan bosh koʻtardi. Biz Navoiyning bepoyon kengliklari oralab ildam ketmoqdamiz. Yurtimiz tabiati turfa xil. Bir qarasang yam-yashil adirlar, bir qarasang bugʻdoyzor. Keyin qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurgan yaylovlar, undan keyin saksovul betartib boʻy ildiz otgan adogʻi koʻrinmas maskan. Uchquduq, Miskin, Hazorasp, Urganchdan oʻtib Xiva vokzaliga yetib keldik.

Vokzaldan chiqarkanmiz, “xush galdengiz, ogʻa” deb xushmuomala yigitlar kutib oldi.

Hol-ahvol soʻrashdik, manzil tomon yoʻlga tushdik. Yoʻl-yoʻlakay biz Xorazmning turizm salohiyati bilan qiziqdik.

– 2019 yilning birinchi choragida viloyatda 342 ta xona va 773 ta oʻrindan iborat boʻlgan 35 ta joylashtirish vositalari foydalanishga topshirildi, – deydi Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori oʻrinbosari Sanʼat Sobirov. – Viloyatda 2017 yil davomida sayyohlik tashkilotlari soni jami 22 tani tashkil etgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2018 yilda 34 tani va bugungi kunda ularning soni 39 tani tashkil qiladi. Joriy yilda viloyatda jami 9 turoperator faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, 114 ta gid-ekskursavodlar tegishli sertifikatlar olib sayyohlarga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Ingliz, rus, fransuz, nemis, ispan, italiyan, turk, koreys, yapon tillarida tarjimonlar bor.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Xorazm viloyatida moddiy madaniy meros obyektlari 239 tani tashkil qilib, shundan 17 ta arxeologiya, 134 ta arxitektura obyektlari, 80 ta monumental sanʼat yodgorligi, 2 ta muzey hamda 6 ta diqqatga sazovor joylarni tashkil qiladi. 2018 yilda viloyatda 14 ta moddiy madaniy meros obyekti rekonstruksiya qilingan boʻlsa, 2019 yil davomida 39 ta shunday obyekt rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.

2018 yilda viloyatga jami 1 million 654 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurib, shundan 123 mingdan ziyodi xorijlik va 1 million 529 mingga yaqini mahalliy sayyoh boʻlgan.

– 2018 yilda turizm salohiyati va infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadidagi Dastur doirasida jami 123,7 milliard soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilish hisobidan 52 loyiha amalga oshirildi. Natijada 600 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi, – deydi Sanʼat Sobirov. – Joylashtirish vositalari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha mehmonxonalar, kempinglar va oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish yoʻnalishi boʻyicha 80,6 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirish hisobiga 13 ta loyiha, shundan 2 ta mehmonxona, 6 ta mehmon uyi va 5 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi. Transport xizmati koʻrsatish faoliyatini rivojlantirish boʻyicha 5,5 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirish hisobiga 11 ta loyiha, shundan zamonaviy turizm toifasidagi 6 ta avtobus, 11 ta mikroavtobus va 4 ta elektromobil xarid qilindi. Gastronomik turizmni rivojlantirish boʻyicha 34,1 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirish hisobiga 22 ta loyiha, shundan zamonaviy 18 ta restoran va 4 ta kafe faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, Xorazm viloyatida 2019-2020 yillarda mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan jami qiymati 764,1 milliard soʻm miqdoridagi mahalliy va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga 103 ta loyiha amalga oshirilishi hamda 1 ming 717 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

2 ming 478 ta xonadan iborat 62 ta mehmonxona tashkil etish boʻyicha mahalliy va xorijlik investorlar tomonidan loyihalar amalga oshirilishi natijasida viloyatdagi joylashtirish vositalaridagi xonalar va oʻrinlar soni 1,8 martagacha ortishiga erishiladi. Shu bilan birga, ushbu joylashtirish vositalarining 9 tasi 4 yulduzli va 25 tasi 3 yulduzli mehmonxona boʻlishi koʻzda tutilgan. Shu va boshqa koʻplab loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1 ta zamonaviy akvapark va 1 ta turistik kompleks faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Bugun Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilgan “Oʻzbekiston bahori” II respublika anʼanaviy ijod festivalining asosiy tadbirlari boshlandi.

Saytimizni kuzatib boring.

2 827
Xurshid Qodirov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA