O‘zA O`zbek

17.03.2019 Chop etish versiyasi

Xorazm viloyati yil boshidan info-turga mezbonlik qildi

Xorazm viloyati yil boshidan info-turga mezbonlik qildi

Viloyatning turistik salohiyati, yangi turizm yoʻnalishlari va mahsulotlari hamda hududdagi mahalliy hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlari bilan respublika turizm sohasi subyektlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini keng tanishtirish maqsadida 2 kunlik info-tur tashkil etildi. Ishtirokchilar Xorazm viloyatidagi diqqatga sazovor joylarni, jumladan, ”Ulli Hovli”, “Ichan qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasi,”Nurillaboy” saroyi va yangi barpo boʻlayotgan turistik obyektlar bilan yaqindan tanishdi.

Info-tur davomida 200 dan ortiq mahalliy hunarmandlar maxsulotlarining koʻrgazmasi namoyish etildi. Mehmonlar turistik majmualarga tashrifi davomida mahalliy hunarmandlar tomonidan tashkil etilgan mahorat darslarida ishtirok etib, savdo rastalaridagi hunarmandchilik namunalarini tomosha qilishdi. Har qadamda teatrlashtirilgan tomoshalar, Xorazmning milliy folklor ansambllari ishtirokida musiqiy va badiiy chiqishlar tadbirga oʻzgacha ruh bagʻishladi. 

photo5219709768585816793.jpg

Shuningdek, Sumalak sayli va “Navroʻz” bayrami tantanalari, non tayyorlash va yopish marosimi, “Tuxum barak” taomini tayyorlash, Oʻzbek jang sanʼati va Milli kurash namoyishi, dorbozlar chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

“Ichan qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasida “Muhammad Aminxon” madrasasi va minorasi, “Koʻhna ark” majmuasi, “Oq Shayx bobo” tepaligi , “Muhammad Raximxon Feruz” va “Qutlugʻmurod Inoq” maqbaralari kabi boshqa koʻplab tarixiy obyektlar boʻylab sayohatlar uyushtirildi. 

photo5219951910252030422.jpg

Info-tur dastur doirasida turoperatorlar va mahalliy turizm sohasi vakillari uchun V2V tashkil etildi. 

Mehmonxonalarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar va texnologik innovatsiyalar bilan ham yaqindan tanishtirildi.

Info-tur yakunida ishtirokchilarga viloyatning turistik salohiyatini namoyish etuvchi tarqatma materiallar va Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan yaratilgan Xorazm viloyatining turizm ”pasporti” sovgʻa qilindi.

-Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur info-tur kelajakda mamlakatimizda turizm salohiyatini yuqori bosqichga chiqishiga xizmat qiladi, deydi Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti direktori Azizbek Polvonov.- Endilikda 5-6 aprel kunlari Xorazm viloyati Oʻzbekistondagi birinchi xalqaro investitsion forumga mezbonlik qilishi kutilmoqda. 

photo5219951910252030423.jpg

photo5219951910252030424.jpg

photo5219951910252030425.jpg

photo5219951910252030427.jpg

2 988
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA