O‘zA O`zbek

25.11.2019 Chop etish versiyasi

Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi yangi binoda

Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi yangi binoda

Yurtimizda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori alohida o‘rin tutadi. Mazkur hujjatga muvofiq, jumladan, Buxoro viloyati IIB boshqarmasi tarkibida tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining moddiy-texnik bazasi bosqichma-bosqich mustahkamlanib borayotir. Boshqarmaning ikki qavatli zamonaviy binosi foydalanishga topshirilishi ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmning huquqiy asoslari mustahkamlanib borayotgani samarasida viloyatning sayyohlik imkoniyatlari kengaymoqda, soha industriyasi jadal rivojlanishda davom etmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida 50 ta yangi mehmonxona, oilaviy mehmonxona, mehmon uyi tashkil etildi. Turistik xizmatlar jozibadorligi oshirilishi natijasida sayyohlar, jumladan, o‘lkamiz bilan tanishishga qiziquvchi xorijliklar soni 2019 yilning 10 oyida avvalgi yilga qaraganda 2,5 baravarga ko‘paydi.

Ta’kidlash joiz, yurtimizning tinch-osoyishtaligi, jumladan, turistlarning xavfsizligini ta’minlash borasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgani ham sayyohlar e’tiborini tortmoqda.

– Turli sohaviy xizmatlardan iborat tarkibimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilgan, – deydi viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Erkin Safarov. – Xodimlarimiz sayyohlar guruhlarini temir yo‘l bosh bekati va aeroportda kutib olish hamda mehmonxonagacha kuzatishdan tashqari, ularning sayyohlik yo‘nalishida emin-erkin harakatlanishida hamrohlik qilish asnosida tegishli xizmatlar ham ko‘rsatishadi. Buxoro shahrining tarixiy qismi gavjum joylarida oltita ma’lumotlar maskani tashkil etilgan. Bu yerda mehmonlar, jumladan, xorijlik sayyohlarning tegishli masalalar yuzasidan murojaatlariga muvofiq, obidalar manzillariga borishlari uchun maslahat va yo‘l-yo‘riqlar beriladi, zarurat tug‘ilganda, birinchi tibbiy yordam ham ko‘rsatiladi. Ularga ehtiyotsizliklari oqibatida yo‘qotib qo‘ygan yoki unutib qoldirgan buyum, hujjat va boshqa moddiy boyliklarini tezkorlik bilan topib bergan holatlarimiz ko‘p bo‘lgan. Xodimlarimiz rus, ingliz va boshqa tillarni bilganliklari sababli xorijlik mehmonlar bilan bemalol muloqot qilishadi.

Boshqarma shaxsiy tarkibining eng zamonaviy yengil avtomashinalar, skuter va motosiklar bilan ta’minlangani xodimlarning o‘z xizmat vazifasini to‘laqonli bajarishida qo‘l kelayotir.

Zamonaviy va milliy me’morchilik an’analari uyg‘unlashgan holda barpo etilgan va devorlariga Buxoroning qadimiy obidalari naqshlangan inshoot xonalariga kirgan kishi ko‘hna shaharning ruhini sezadi. Ularda xodimlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Bu yerda xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish, tajriba almashish, sohaviy tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan alohida zal ham bor.

Xullas, yangi imkoniyatlar xavfsiz turizmni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada tezkorlik va samarali darajada yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoev so‘zga chiqdi.

13 381
Erkin YoDGOROV, O‘zA