O‘zA O`zbek

12.06.2019 Chop etish versiyasi

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari turistlarga nisbatan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari turistlarga nisbatan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan


Bu haqda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz turizm” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga bag‘ishlab o‘tkazgan matbuot anjumanida aytildi.

Mamlakatimizda turistik salohiyatni yuksaltirish, turistlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek, ularga qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish maqsadida 2017 yil 23 noyabrda Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq turistlar oqimi yuqori bo‘lgan Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida 2018 yil 1 yanvaridan boshlab xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari tashkil qilinib, tanlov asosida bir nechta xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan, kasbiy jihatdan yetuk hamda yuksak muomala madaniyatiga ega xodimlar jamlandi va moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

Tadbirda ichki ishlar organlari xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalarining turizm ob’ektlarida va infratuzilmasi hududida turistlar xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlari natijasi bo‘yicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari IIBlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida 47 davlat va xalqaro tashkilotlardan tashrif buyurgan 313 delegatsiyani kutib olish, ularning xavfsizligini ta’minlash va kuzatish bilan bog‘liq tadbirlar tashkil etilgan.

Bo‘linma xodimlari tomonidan turli masalalarda yordam so‘ragan 23 mingdan ortiq xorijiy va mahalliy turistlarning murojaatlari ko‘rib chiqilgan va ularga kerakli yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, turistlarga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda aholining madaniyati va mehmondo‘stlik fazilatlarini yuksaltirish maqsadida bo‘linmalar tomonidan 2 ming 709 profilaktik tadbir o‘tkazilgan.

Turistlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalalari yuzasidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarga 105 taklif va taqdimnomalar kiritilgan, ularning 18 tasi ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlariga, 42 tasi mahalliy hokimiyat organlariga, 45 tasi boshqa davlat organ va tashkilotlariga yuborilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tashkil etilgan hududlarda turistlar tomonidan yoki ularga nisbatan birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil 6 martdagi “Transport va turizm ob’ektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra turistik salohiyati yuqori bo‘lgan Toshkent, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrining ichki ishlar organlari tarkibida ham xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tashkil qilindi, – deydi Ichki ishlar vazirligi xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh inspektori, polkovnik Sarvarbek Usmonov. – Shuningdek, yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun barcha boshqarmalar zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlandi. Jumladan, alohida belgilari bilan ajralib turuvchi avtobus, yengil xizmat avtomashinalari, motosikl, skuter, segvey hamda planshetlar bilan ta’minlangan.


16 128
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA