O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

Xavfsiz turizm boshqarmasi xizmatidan sayyohlar mamnun

Xavfsiz turizm boshqarmasi xizmatidan sayyohlar mamnun

Surxondaryo viloyatida qulay turistik muhit yaratilayotgani, xalqaro miqyosdagi festival, anjuman va sport musobaqalari tashkil etilayotgani hududga xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirmoqda. Joriy yilda viloyatda IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etilgani sayyohlar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirdi.

– Buning uchun inspektorlarimizga qulay sharoitlar yaratilmoqda, – deydi viloyat IIB xavfsiz turizmni taminlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik F.Toirov. – Jumladan, qisqa vaqtda Termiz tumanidagi al-Hakim at-Termiziy, Sherobod tumanidagi Iso at-Termiziy majmualari, Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi hamda “San’at saroyi” majmuasiga 4 ta “TOURIST POLICE” ko‘chma ma’lumotlar markazi joylashtirilib, mas’ul xodimlar biriktirildi. Boshqa sayyohlik obeklarida ham bu sharoitlarni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish belgilab olingan.

Malumotlarga ko‘ra, viloyat IIB xavfsiz turizmni taminlash boshqarmasi tashkil etilganidan buyon 31 ming 864 mahalliy va 29 ming 614 xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatdi. Ehtiyotsizligi sababli yo‘qolgan buyum, hujjat va boshqa moddiy boyliklarini tezkorlik bilan topib berib, ularning ishonchini qozondi. Joriy yilning 5-6 oktabr kunlari Termiz shahridagi “Alpomish“ stadionida kurash bo‘yicha Prezidentimiz sovrini uchun al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XIV xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 48 davlatidan 170 dan ortiq polvon, murabbiy, hakam va boshqa mehmonlar ishtirok etdi. Ularning xavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi mas’ul xodimlari o‘z vazifalarini sifatli uddaladi. Masalan, 5 oktabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarosi Mubariz Sohrab uyali telefonini yo‘qotib qo‘yganini malum qilib, masul inspektorlarga murojaat qilgan. Tezkor harakatlar natijasida mehmonning uyali telefon apparati zudlik bilan topib berildi.

Xalqaro turnirga Braziliyadan kelgan mehmon sumkasi va uning ichida bo‘lgan fuqarolik pasporti, 2 ming 500 dollar hamda 300 YeVRO pulini, afg‘onistonlik hakam hakamlik sertifikatini ehtiyotsizlik oqibatida yo‘qotib qo‘yganini malum qiladi. Viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi mas’ul xodimlari yo‘qolgan buyum va hujjat joylarini tezkorlik bilan aniqlab, ularni o‘z egalariga topshirdi.

Viloyatdagi turizm namoyishi ob’ektlarida sayyohlar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan bunday tezkor, ishonchli xizmatlar mehmonlarni mamnun etmoqda.

1 780
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA