Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining virtual qabulxonasi ishga tushdi
Xalq bilan muloqot qilishning samarali usuliga aylangan virtual qabulxonalar aholi murojaatlarining tez va sifatli hal etilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Xalq bilan muloqot qilishning samarali usuliga aylangan virtual qabulxonalar aholi murojaatlarining tez va sifatli hal etilishida muhim omil bo‘lmoqda.Davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lami va sifatini oshirdi. Barcha vazirlik va idoralar rahbarlari qatori O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining ham virtual qabulxonasi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining www.uzbektourism.uz rasmiy veb-saytida ochilgan virtual qabulxona sohada faoliyat yurituvchilarning murojaat, shikoyat va takliflari bilan tanishish, ularga yechim topish hamda aholini qiziqtirgan savollarga javob berishda yengillik va qulayliklar yaratadi.
Yurtdoshlarimiz www.uzbektourism.uz manziliga kirib, maxsus shaklni to‘ldirish orqali O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar, ariza va shikoyatlar, turizm sohasini yanada rivojlantirishga doir takliflar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilmoqda. Eng muhimi, onlayn murojaatlarda elektron raqamli imzo talab qilinmaydi. Sayt orqali onlayn murojaat yuborish shakli hamma uchun tushunarli va sodda tuzilgan. Murojaatlar o‘z vaqtida hamda ijobiy ko‘rib chiqilishi uchun har bir masala alohida va tushunarli tarzda yo‘llanishi maqsadga muvofiqdir. Saytda murojaat natijasini (javob berilgan-berilmaganini) tekshirish imkoni mavjud. Qo‘mitaning (+998 71) 233-90-28 raqamli “ishonch telefoni” hamda elektron pochta manziliga ham murojaat qilish mumkin.
Ayni vaqtda qo‘mitada murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. Yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘tarilayotgan har bir masala qo‘mita majlislarida muntazam muhokama qilinmoqda va hal etilmoqda.