O‘zA O`zbek

01.02.2020 Chop etish versiyasi

Turizm rivojida Singapur tajribasi oʻrganiladi

Turizm rivojida Singapur tajribasi oʻrganiladi

2019-yil dekabr oyida Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti va Buxoro davlat universiteti Singapurning “Oʻzbekiston-Singapur turizm markazi” bilan hamkorlikda dunyoda yagona – Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo turizmi xalqaro tadqiqot markaziga (CASEA-InTouReC) asos solgan edi. Unga koʻra, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti markazning bosh taʼlim muassasasi, Buxoro davlat universiteti esa magistrlik boʻlimi hisoblanadi.

Samarqand shahrida mazkur markaz tomonidan “Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan davlatlarda restoran va mehmonxona biznesini rivojlantirish” mavzusida I xalqaro seminar oʻtkazildi.

Turizm sohasi mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda xalqaro sayyohlik biznesini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar tahlil qilindi, navbatdagi vazifalar belgilab olindi.

– Singapur xalqaro sayyohlik biznesi bilan Oʻzbekistondagi sayyohlik xizmatlarini taqqoslashga hali erta, – dedi “Oʻzbekiston-Singapur turizm markazi” direktori Rudi Fang. – Lekin, hozirdan dastlabki muhim qadamlar tashlandi. Sayyohlarga jahon standartlariga mos xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish uchun avvalo yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash, hududlarda ekotizimni yaxshilash lozim. Janubiy-sharqiy Osiyo turizm xalqaro tadqiqot markazi keyingi besh yil davomida Oʻzbekistonning barcha hududlarida oʻz filiallarini ochish orqali Singapur tajribasini oʻrganish va qoʻllashni maqsad qilgan.

24 901
Gʻ.HASANOV, OʻzA