Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.11.2017 14:16 Chop etish versiyasi

Turizm rivojida AKTning o‘rni

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi bilan O‘zbekiston turizm sanoatida ham tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Zero, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritishning muhim shartlaridan biridir. Ular asosida turistik firmalar veb-saytini yaratish, mehmonxonada xona, avia va temir yo‘l chiptalariga onlayn buyurtma qilish imkoniyatini beruvchi yangi tizim va servislar ishlab chiqilmoqda.

«Mirzo Ulugbek Innovation Center» axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va tatbiq etish innovatsiya markazida O‘zbekiston turizm bozorini rivojlantirishda AKTdan foydalanishga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «Mirzo Ulugbek Innovation Center» axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va tatbiq etish innovatsiya markazi, Toshkent shahridagi Inha universiteti vakillari, mahalliy turistik firmalar xodimlari hamda turizm sohasida qo‘llanadigan dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi.

Seminarda turizm sanoatining yanada rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishida alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston turizm sohasining holati, jamoat joylaridagi «WI-FI»ning bulutli nazorati va boshqaruvi, O‘zbekiston turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarishda AKT imkoniyatlaridan foydalanishga oid ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, turizm biznesi tarmoqlarini avtomatlashtirish uchun dasturiy mahsulotlar taklif qilayotgan mahalliy bozorning rivojlanish dinamikasi namoyish etildi. Mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan mehmonxonalarni bronlash, turistik yo‘nalish tanlash, avia va temir yo‘l chiptalari, turpaketlarni onlayn xarid qilish, avtotransportlar transferi va ijara xizmatlari, turistlarga xushmuomala bo‘lish va chegirmalar taklif qilish, shuningdek, safar davomida ularni tunu-kun qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini o‘zida mujassam etgan «Uzbekistan Pass» interaktiv turistik servisi ishlab chiqilgan. O‘zbekistonga kirish vizasini olayotgan xorij fuqarolariga «Uzbekistan Pass» kartalarini bepul taqdim etish rejalashtirilgan.

– Xizmatdan foydalanuvchilar butun O‘zbekiston bo‘ylab xizmat va tovarlar uchun, jumladan, mahalliy mehmonxonalarda yashash, madaniy-tarixiy muassasalar, ko‘ngilochar markazlar, restoranlarga borishda transport korxonalari xizmatidan foydalanganlik uchun to‘lovni amalga oshirayotganida pulini tejash imkoniga ega bo‘ladi, – deydi «TNH Sarmoya» MChJ bosh direktori I.Jabborov. – Servis butun O‘zbekiston bo‘ylab turistik paketlar taqdim etadi, uni to‘rt yo‘nalish – Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentda sinovdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Bu tizimga faqat yuksak talablarga javob beradigan turoperatorlargina ulanishi mumkin.

Tadbirda, shuningdek, mamlakatimizga xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishda AKTning o‘rni ham muhokama qilindi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 805






Все о погоде - Pogoda.uz