O‘zA O`zbek

18.12.2019 Chop etish versiyasi

Turizm istiqboliga bagʻishlandi

Turizm istiqboliga bagʻishlandi

Andijon shahridagi Yoshlar markazida turizm sohasidagi farmon va qarorlar mazmun-mohiyatini targʻib etish, ularning ijrosi, qonunchilikdagi sohaga oid yangiliklarga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbatida viloyat ichki ishlar boshqarmasi mutaxassislari, viloyatdagi mehmonxonalar, tibbiyot turizmi muassasalari, oilaviy mehmon uylari va turoperatorlar vakillari ishtirok etdi. Turizmni rivojlantirish borasidagi yutuq va muammolar xususida atroflicha fikr almashildi.

photo5463092628808642317.jpg

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan mamlakatimiz qonunchiligida yurtimizga tashrif buyuruvchi turistlarga yaratilgan qulayliklar, xususan, viza tizimidagi oʻzgarishlar, elektron viza, xorijiy fuqarolarning Oʻzbekistonda boʻlishi, viza olish va viza berish, fuqarolarning xorijga chiqish tartiblari haqida keng maʼlumotlar berildi.

– Sir emaski, keyingi yillarda xorijlik sayyohlarning mamlakatimizga qiziqishi ortib bormoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Baxtimurod Karimov. – Jumladan, Andijonga joriy yilning oʻtgan davrida 25 mingga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlarga qulayliklar yaratish, ayniqsa, viza olish, rasmiylashtirish ishlari ham birmuncha soddalashtirilgani sayyohlar oqiminig ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

photo5463092628808642319.jpg

Davra suhbatida sayyohlikni rivojlantirish, turistik obyektlar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar, turoperatorlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, shuningdek, vizalarni rasmiylashtirishda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar hamda sohani yanada rivojlantirish, muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga masʼul va mutasaddilardan batafsil javob oldi. Qatnashchilarga turizmga oid meʼyoriy hujjatlar, belgilangan tartib va qoidalarga oid buklet va eslatmalar tarqatildi.  

photo5463092628808642320.jpg

13 126
F.UBAYDULLAYEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), OʻzA