O‘zA O`zbek

30.03.2019 Chop etish versiyasi

Turizm boʻyicha 79 ta loyiha amalga oshiriladi

Turizm boʻyicha 79 ta loyiha amalga oshiriladi
Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti direktori Azizbek Polvonov vohada turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Turizmni rivojlantirishning asosiy omili, avvalo, mehmonxonalar faoliyati bilan bogʻliq. Oʻtgan qisqa davrda Xiva shahrida 3 ta oilaviy uy mehmonxonasi, xususan har biri 10 oʻrinli “Zumrad Xalfʼa”, “Nurulla Baxtiyor”, “Abdulla Zevarposh” mehmonxonalari foydalanishga topshirildi, – deydi A.Polvonov. – Shuningdek, joriy yilda viloyatda 3 ta yangi turoperator ish boshladi. Bugungi kunda sayyohlik tashkilotlari soni 37 tani tashkil qiladi. Tadbirkorlik subyektlariga turizm sohasida yaratilgan imtiyozlar tufayli ular 1 ta 43 oʻrinli avtobus va 2 ta 12 oʻrinli mikroavtobus sotib oldi. Bugun viloyatda 100 dan ziyod gid-ekskursovodlar sayyohlarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Xorazm viloyatida moddiy madaniy meros obyektlari 239 tani tashkil qiladi. Joriy yil boshidan buyon viloyatga 120 mingdan koʻp sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, ularning 9 ming 250 ga yaqini xorijlik sayyohlardir.

photo_2019-03-30_12-04-31.jpg

Viloyatga xorijlik sayyohlar oqimining koʻpayishida xalqaro aviaqatnovlar sonining ortishi sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Toshkent – Urganch – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha yanvar-fevral oylarida 63 reys amalga oshirildi. 2019 yil boshidan qoʻshimcha “Frankfurt – Urganch –Toshkent”, “Istanbul – Urganch – Toshkent”, “Fuszyan – Urganch – Toshkent”, “Dehli – Urganch – Toshkent” va “Volgograd – Urganch – Toshkent” va boshqa yirik shaharlardan aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi. Bu orqali viloyatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar soni joriy yilda 2,7 baravarga oshishi kutilmoqda.

Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Kuala-Lumpur shahriga ishchi safari chogʻida Malayziyaning bir qator yetakchi korxonalari bilan muzokaralar oʻtkazilib, turizm sohasida kelishuvlarga erishildi. Xususan, Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti va viloyat sayyohlik tashkilotlari bilan Malayziya turistik kompaniyalari va tur operatorlari assotsiatsiyasi va “Poto Travel & Tours (M) Sdn. Bhd.”, “Best Holidays Tour (M) Sdn. Bhd.” kabi yirik sayyohlik tashkilotlari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar va memorandumlar imzolandi. Muzokaralar natijasida malayziyalik sayyohlarning Xorazmga sayohatini doimiy ravishda amalga oshirib borish toʻgʻrisida kelishib olindi.

Shuningdek, “Expert Navigator” MCHJ (Oʻzbekiston) bilan Malayziyaning “YB Priorities Sdn. Bhd.” va “GR Travel and Tours” kompaniyalari oʻrtasida Malayziya, Tailand va Pokiston mamlakatlaridan Xorazm viloyatiga ziyorat turizmi boʻyicha sayyohlik guruhlari tashrifini amalga oshirish boʻyicha shartnomalar imzolandi.

“Jones Lang LaSalle Incorported” va “Ajlan &Bros Holding Group” kompaniyasi vakillari turizm va investitsion salohiyatini oʻrganish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida investorlarga Xivaning bir qancha madaniy meros obyektlari hamda mehmonxona qurishga moʻljallangan boʻsh yer maydonlari koʻrsatildi. Xorazm viloyati hokimi bilan uchrashuv tashkillashtirilib, investitsiya olib kirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.

Maʼlumki, ichki turizmni yanada rivojlantirish, yoshlarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishtirish maqsadida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi loyihasi ishlab chiqilgan. Bu loyiha doirasida “Tourism challenge” (Turizm chorlovi) tanlovi boʻyicha targʻibot dasturlari amalga oshirilmoqda. Respublikamizning barcha hududlaridan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahridan viloyatimizga jami 12 mingdan oshiq mahalliy sayyohlar tashrifi amalga oshirildi.

Viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasida xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tashkil qilingan. Ushbu boshqarmaga xorijiy tilni mukammal oʻzlashtirgan xodimlar ishga qabul qilingan.

Viloyatning sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan hududlarida xorijiy sayyohlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida xorijiy va milliy valyutalar (Visa Card, Master Card, American Express, China Union Pay va boshqalar) bilan ishlovchi avtomatlashgan 41 ta valyuta ayriboshlovchi bankomatlar ishga tushirildi va jami valyuta ayriboshlovchi bankomatlar soni 56 taga yetdi.

Gastronomik turizmni rivojlantirish boʻyicha ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, Urganch shahrida milliy va Yevropa taomlarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan oshxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mutasaddi idora tashkilotlar bilan hamkorlikda “Turistik axborot markazlari” tashkil etildi. Ushbu markazlarda xorijiy hamda mahalliy sayyohlarga taqdim qilish uchun viloyatimizning turistik salohiyatini namoyon etuvchi materiallar, jurnallar, bukletlar hamda Urganch va Xiva shaharlarining turistik xaritalari va tarqatma materiallar joylashtirildi.

Shuningdek, sayyohlarga sim kartalar sotish, avtotransport vositalarini ijaraga berish, taksi, gidlar, mehmonxonalar xizmati sifati va koʻlamini kengaytirish choralari koʻrilmoqda, shu maqsadda joylarda bepul “Wi-fi” zonalari tashkil etildi.

Joriy yilda viloyatda turizm salohiyati va infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida qiymati 307,3 milliard soʻm miqdoridagi mahalliy investitsiyalar, shundan, tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari 210 milliard soʻm, bank krediti 96,8 milliard soʻm va 35 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga 79 loyihaning amalga oshirilishi va 1 300 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

3 699
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA