O‘zA O`zbek

16.03.2019 15:08:35 Chop etish versiyasi

“Toshkent xalqaro aeroporti”da “Informatsion markaz” tashkil etildi


Yurtimizda turizmni rivojlantirishda bojxona organlari muhim oʻrin tutadi.

Turizm sohasida ulkan salohiyat va oʻziga xos turistik jozibaga ega boʻlgan ona yurtimiz Oʻzbekiston oʻzining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, tarixiy va madaniy yodgorliklari, betakror madaniyati va anʼanalari, qolaversa xushmanzara tabiati va fayzli goʻshalari bilan sayyohlarni oʻziga rom etadi. Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan bir qancha Farmon va Qarorlar ham soha rivojida huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. 

Yurtimizda turizmni rivojlantirishda bojxona organlari muhim oʻrin tutadi. Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi “2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida keltirilgan vazifalarni bajarish maqsadida, Davlat turizmni rivojlantirish qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi oʻzaro hamkorlikda “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti”ning uchib kelish zalida birinchi “Informatsion markaz”ni tashkil etdi. Ushbu markazning asosiy vazifasi yurtimizga kirib kelayotgan turistlar uchun, shuningdek ichki turistik sayohat qilayotgan fuqarolar uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni taqdim etishdir. Shu bilan birga, yoʻlovchilar oʻzlariga kerakli boʻlgan bojxona qonun qoidalari xaqidagi axborotlarni ham ushbu markazdan olishlari mumkin boʻladi.