O‘zA O`zbek

29.04.2020 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatining ekoturistik imkoniyatlari

Toshkent viloyatining ekoturistik imkoniyatlari

Tabiat qanchalik turli-tuman boʻlsa, ekoturizm ham shunchalik turlichadir. Ularning farqi nafaqat iqtisodiy yoki tabiiy koʻrsatkichlarga, balki mahalliy urf-odatlar va anʼanalar, ijtimoiy va siyosiy vaziyatga ham bevosita bogʻliqdir.

Hozirgi kunda ekoturizm, turizm industriyasining 25% qamrab olgan boʻlib, oʻsish tendensiyalari boʻyicha ilgarilab bormoqda. Jahonda ekoturizm sohasida ajralib turgan 4 maktabni koʻrsatish mumkin. Bular Amerika, Avstraliya, nemis va Meksika maktablaridir. Ularning ekoturistik faoliyatga boʻlgan munosabatlari oʻzlarining turli-tumanligi bilan ajralib turadi.

Ekoturizm geografiyasi umumiy turizmnikidan oʻzgacha boʻlib, anʼanaviy sayyohlarning asosiy oqimi rivojlangan davlatlarga yoʻnalgan yaʼni Fransiya, AQSH, Ispaniya, Italiya davlatlari yetakchilik qilsa, ekoturistlar esa koʻp hollarda rivojlangan davlatlardan rivojlanayotganlariga borishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-dekabrdagi “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5278-sonli farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3509-sonli, 2018-yil 7-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3514-sonli qarorlari hamda 2020-yil 24-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi mamlakatimizda turizm, jumladan, ekoturizm faoliyatini dasturiy asosda yoʻlga qoʻyishda mustahkam negiz boʻldi.

Turizm industriyasi oʻziga katta sarmoya va resurslarni mujassamlashtirish bilan bir qatorda mustaqil davlat va jamiyat uchun zarur boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy funksiyalarni bajaruvchi iqtisodiyot tarmogʻidir. Ekoturizm orqali chet ellik mehmonlar Oʻzbekistonning boy va betakror tabiati haqidagi tasavvurga ega boʻlsalar, Oʻzbekiston fuqarolari — oʻz Vatani bilan yaqindan tanishadilar. Ularda ona yurtiga nisbatan milliy iftixor hamda gʻurur tuygʻusini shakllantirish imkoniyatining tugʻilishini aytib oʻtishning oʻzi kifoyadir.

Ekoturizm va uning rivojlanishi nafaqat oʻrganilayotgan hududning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga bogʻliq boʻlibgina qolmasdan balki shu hududning tabiiy sharoitiga, unda ekoturistik obyektlarning mavjudligiga va ularning geografik oʻrniga ham bogʻliqdir. Chunki tabiiy sharoit xususiyatlari hududning ekoturistik imkoniyatlarini va uning qaysi turlarini rivojlantirish mumkinligini aniqlashga imkon beradi.

Respublikamiz oʻzining turistik resurslari boʻyicha Markaziy Osiyoda oldingi, dunyoda noyob turistik potensialga ega boʻlgan 10-15 ta davlat orasida joy egallaydi. Uning hududida har xil tarixiy davrlarga mansub 4000 dan ortiq noyob arxitektura, tarixiy va tabiat yodgorliklari mavjud.

Oʻzbekistonga turistlarni jalb qiluvchi asosiy omil bu uning maftunkor tabiatidir, uning xilma-xilligidir. Bular tabiati qaytarilmas togʻlar, Qizilqumning arid landshaftlari, yirik suv havzalari va boshqalardir. Respublikamizdagi 9 ta qoʻriqxona, 2 ta milliy bogʻ, 9 ta davlat buyurtmalari, “Jayron” ekomarkazi, noyob tabiat yodgorliklari juda katta ekoturistik potensialga ega. Oʻzbekiston iqlimi, ob havosi yil davomida dam olish va ekoturizmni rivojlantirish uchun qulayligi bilan ajralib turadi. Samarqand,Qashqadaryo,Jizzax, Surxondaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari oʻzlarining togʻ landshaftlari, gʻorlari, togʻ soylari va sharsharalari, buloqlari, koʻllari, muzliklari bilan ekoturizm markazlariga aylanishlari mumkin. Oʻrtacha balandlikdagi va baland togʻlarimizda yozda haroratning vodiylarga nisbatan 5-10 (harorat) past boʻlishi, qishining juda ham sovuq emasligi, qalin qor qoplamini vujudga kelishi bu hududlarimizdan yil davomida ekoturizm maqsadlarida foydalanish imkoniyatini beradi.

Ayniqsa, geografik oʻrni qulay, tabiiy sharoiti va ekoturistik imkoniyatlari xilma-xil boʻlgan, sanoat rivojlangan va aholi zich yashaydigan Toshkent viloyatida ekoturlarga talab yuqoriligi bilan ajralib turadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “2019-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan mazkur viloyatning turizm salohiyati “Oltin halqa” konsepsiyasi asosida rivojlantiriladi. Viloyatning Boʻstonliq, Ohangaron, Parkent, Boʻka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrini oʻz ichiga olgan “Oltin halqa” konsepsiyasi sayyohlar oqimini koʻpaytirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mahalliy aholi daromadini oshirish kabi qator maqsadlarni nazarda tutadi.

Toshkent viloyatidagi har bir tuman oʻziga xos boʻlgan turistik mahsulotlarni ishlab chiqib, sayyohlikning alohida yoʻnalishlariga ixtisoslashadi. Masalan, Boʻstonliq tumani “Chorvoq” erkin turistik zonasi, Ugam — Chotqol milliy bogʻi, “Chorvoq” suv omboriga ega, hududda turizmning ayniqsa ekoturizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Parkent tumani esa togʻoldi hudud, tabiati goʻzal, ziyoratgohlari, agroturizm maskanlari, xushtaʼm taomlarga boy ovqatlanish shoxobchalari bisyor. Zangiota tumani oʻzining tarixiy yodgorliklari bilan mashhur. “Zangiota” majmuasi, hunarmandchilik markazlari, savdo majmualari tufayli tumanda ziyorat turizmini samarali yoʻlga qoʻyish imkoniyati beqiyos. Ohangaron tumani qadimiy manzilgohlar, madaniy meros obyektlariga boy, qolaversa, bu yerda sanoat turizmi yoʻnalishini muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin. Boʻka tumanida gastronomik turizmni barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar juda qulay. Chinoz — Toshkent va vohani bogʻlovchi asosiy magistral yoʻl boʻyida joylashgani tufayli agroturizm, gastronomik turizm va sayyohlikning boshqa turlarini birdek yuritishda benazirdir. Angren — sanoat shahri. Yangiobod va Lashkarak hududlarining betakror tabiati, sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi yoʻl boʻyidagi ovqatlanish shoxobchalari ham turizmni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Jumladan “Chorvoq” erkin turistik zonasining 892 gektar yer maydonida amalga oshirilayotgan, umumiy loyiha qiymati 100 mln. AQSH dollarini tashkil etadigan birinchi yirik “Amirsoy” togʻ kurorti loyihasining 1-bosqichi 2019-yilning 21-dekabr kuni yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Qishda dam oluvchilar changʻi va snoubordlarda uchish, yozda esa plyajda hordiq chiqarish, velosipedlarda sayr qilish va dam olishning ekstremal turlari bilan shugʻullanishlari mumkin. Loyiha togʻ-changʻi majmualarining biznes boshqaruvi sohasida katta tajribaga ega boʻlgan PGI Management kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Togʻ-changʻi kurorti 580 kishiga moʻljallangan boʻlib, 900 gektar yerda joylashgan.

Dam olish maskanida soatiga 2400 kishini tashiy oladigan ikkita kanat yoʻli mavjud.Uzunligi 15 km.dan ortiq boʻlgan sakkizta changʻi trassalari mavjud boʻlib, eng uzun yoʻnalishning uzunligi 3350 m. Sunʼiy qorli yoʻllar tufayli changʻi mavsumi noyabrdan aprelgacha davom etishi mumkin. Togʻ-changʻi kurortining oʻziga xosligi shundaki, atrof har qanday darajadagi changʻichilar va snoubordchilar uchun moʻljallangan. Endigina uchishni boshlayotganlar uchun beshta konveyer tipidagi koʻtarilish liftlari boʻlgan zona mavjud.

Mehmonlar uchun jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalari Doppelmaer va SunKid tomonidan zamonaviy va xavfsiz koʻtarilish uskunalari oʻrnatilgan. Qish mavsumida changʻi patruli xizmati tashkil etilgan boʻlib, ularning vazifasi kun davomida qoyalarda navbatda turish va kerak boʻlganda jarohatlanganlarga yordam koʻrsatishdan iborat.

Shuningdek, dam oluvchilar uchun Shale uslubidagi 40 ta yogʻoch uylardan iborat Le Chalet by Amirsoy mehmonxonasi qurib bitkazilgan. Qulay va barcha sharoitlarga ega shalelar ikki xil kategoriyaga boʻlingan. Deluxe va Chalet Suites shalelari dengiz sathidan 1630 metr balandlikda joylashgan boʻlib, eng yaqin koʻtarilish moslamasidan 2 daqiqalik uzoqlikda joylashgan.

Loyihani 1-bosqichini amalga oshirishda jami 77,5 mln. AQSH dollari, shundan 52,8 mln. AQSH dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirildi. 2020-yilda loyiha toʻliq amalga oshirilib, 200 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi koʻzlangan. Bundan tashqari “Amirsoy” MCHJ QK tomonidan yana yangi 150 mln. yevro qiymatdagi “Vest Amirsoy” togʻ kurorti loyihasining hujjatlarini tayyorlash va 750 gektar yer maydonini tanlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan tumanlardan Boʻstonliq tumani oʻzining ekoturistik salohiyati bilan viloyatning boshqa tumanlaridan ajralib turadi. Boʻstonliq tumanining tabiiy-ekoturistik resurslaridan ekoturizmning turli yoʻnalishlarida (togʻ turizmi, alpinizm, speleoturizm, rafting, trekking, piyoda, ov sport-ishqibozlik) foydalanish mumkin. Ushbu tuman ekoturistik rayonlashtirish nuqtayi nazaridan Chirchiq-Ohangaron okrugiga tegishli.

Ushbu rayoni ekoturistik resurslarini tahlili asosida uning Chirchiq havzasi qismida Chirchiq-Pargos, Xumson-Oqtosh, Chimyon-Beldirsoy, Burchmulla-Nanay, Oqsoqota-Parkent kabi ekoturistik kichik rayonlarini ajratish mumkin. Ular ichida ekoturizm nuqtayi nazaridan eng qulayi Chirchiq vodiysining oʻrta va yuqori qismida ajratilgan Xumson-Oqtosh, Chimyon-Beldirsoy va Burchmulla-Nanay kichik rayonlaridir. Quyida ular haqida qisqacha maʼlumot berishga harakat qilib koʻramiz.

Xumson-Oqtosh kichik rayoni. Bunda ekoturizm uchun eng ahamiyatlisi Xumson qishlogʻidir. U Ugom tizmasi gʻarbiy chekkasining janubiy-sharqiy yonbagʻirlarida, Ugam daryosi boʻyida joylashgan boʻlib, maydoni 15 ming gektar, aholisi 3,3 ming kishini tashkil etadi. Aholisi asosan oʻzbeklardan tashkil topgan bu qishloq 800-1000 m absolyut balandliklarda joylashgan. Xumson-Oqtosh kichik rayonining oʻziga xos takrorlanmas landshaftlari, iqlimi, etnik xususiyatlari, zonada atrof-muhitni ifloslantiruvchi sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonalarining yoʻqligi va respublikamiz poytaxti Toshkent shahriga yaqin joylashganligi (60-90 km) uning hududini ekoturistik kichik rayon deb tan olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xumson-Oqtosh kichik rayonida may-sentyabr oylari oraligʻi turistik mavsum hisoblanadi. Bu davrda Xumsonda 10000, butun zona hududida esa 120000 gacha aholi dam olishi, sayr-sayohat qilishi, davolanishi mumkin va bu davrda ular alpinizm, trekking (koʻp kunlik sayr-sayohat), rafting (Ugam daryosida oqim boʻylab suzish), otda sayr qilish, baliq ovlash bilan shugʻullanishlari mumkin. Undan tashqari yil davomida faoliyat koʻrsatadigan “Xumson”, “Oqtosh” sanatoriylarida, “Xumson-buloq” dam olish uyida va shularga oʻxshash koʻplab davlat va shaxsiy dam olish maskanlarida hordiq chiqarib davolanishlari mumkin.

Burchmulla-Nanay kichik rayoni. Bu zona Chorvoq suv omborining janubi-sharqida, Piskom va Koʻksuv tizmalarining eng chekka gʻarbiy tarmoqlari etaklarida joylashgan, absolyut balandligi 900-1000 m atrofida boʻlgan Burchmulla, Yakkatut, Yangiqoʻrgʻon, Yusupxona, Bogʻiston, Nanay kabi qishloqlarni va ular orasidagi hududlarni oʻz ichiga oladi. Bu zonada ekoturizm nuqtayi nazaridan eng ahamiyatlisi Burchmulla qishlogʻi boʻlib, uning maydoni 15000 gektar, aholisi 4,1 ming kishi boʻlib, etnik tarkibi asosan tojiklardan tashkil topgan. Burchmulla va uning atrofida ekoturistlarni jalb qiladigan (mikrorayonlarga) obyektlarga Kulsoy darasani, Oxotnichiy choʻqqisini, Koʻksuv vodiysini, Chorvoq suv omborini kiritish mumkin. Bu maskanlarda ekoturistlar Chorvoq suv omborida choʻmilishlari, koʻp kunlik va bir kunlik sayr-sayohat uyushtirishlari, qadamjolarni ziyorat qilishlari, otda sayr uyushtirishlari, alpinizm, baliq ovlash bilan shugʻullanishlari, shaxsiy sektorga qarashli oromgohlarda va “Burchmulla” dam olish .uyida hordiq chiqarishlari mumkin. Burchmulla-Nanay kichik rayoniga kelayotgan turistlarning 80 % i uyushmagan poytaxt aholisidir. Chegara rejimi, xizmat koʻrsatishning talab darajasida emasligi koʻplab chet elliklarni bu zonaga jalb qilish imkonini bermaydi. Hozirgi kunda Burchmulla-Nanay rayonida mavsumda 100-150 ming atrofida aholi dam olmoqda. Kelajakda ularning sonini, yuqorida keltirilgan muammolar ijobiy hal qilinsa, 350 ming kishiga yetkazish mumkin. Bu yana Chorvoq suv ombori boʻyida plyajlarni, tibbiy va qutqaruv xizmatini talab darajasiga keltirishni taqozo etadi.

Chimyon-Beldirsoy kichik rayoni. Ugom-Chotqol milliy bogʻi hududida joylashgan. Rayonda ekoturizm uchun eng ahamiyatlisi Chimyon qishlogʻi boʻlib, u poytaxt Toshkent shahridan 80 km shimoli-sharqda, Chorvoq suv omboridan 12 km janubda, Chotqol togʻ tizmasining dengiz sathidan 1600 metr baland qismida joylashgan. Aholisi 2250 kishi atrofida boʻlib, 90 % ga yaqini qozoq va qirgʻiz millatlariga mansubdir.

Chimyon qishlogʻi uni oʻrab turgan togʻlari bilan sarguzasht turizm ishqibozlarini oʻziga jalb qiladi. Kichik rayonning Toshkent shahriga yaqinligi, unda atrof-muhitni ifloslantiruvchi sanoat korxonalarining yoʻqligi, iqlimining yilning hamma fasllarida ham qulayligi (yumshoqligi), umuman tabiatining maftunkorligi, xilma-xilligi, tabiiy resurslarga boyligi, aholisining, madaniyati va urf-odatlari bu zonada ekoturizmni rivojlanishiga keng imkoniyatlar ochib beradi.

Chimyon-Beldirsoy boshqa kichik rayonlardan sport-turistik infrastrukturasini yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun unda turistlarning soni yoz mavsumida, haftaning ish kunlarida har kuni 3000 taga, yakshanbada esa 10000 tagacha, qishda esa dam olish kunlari 5000 tagacha yetadi. Agar bu kichik rayonda turistlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilsa, unga tashrif buyuruvchilar soni yil davomida 350 ming tagacha yetishi mumkin.

Chirchiq-Ohangaron havzasidagi deyarli barcha vodiylar va soylar ekologik turizmni rivojlantirish uchun juda katta tabiiy imkoniyatlarga ega. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng, xususan 2000-yildan keyin Toshkentdan Chorvoq turistik kompleksiga, Chimyon, Beldirsoy dam olish oromgohlariga boradigan, taʼmirlangan avtotrassalar Chorvoq suv ombori atrofidan yana-da toʻliqroq foydalanishga sharoit yaratdi. Lekin Oqsoqotasoy, Nurekota soylarining takrorlanmas ekologik turizm imkoniyatlaridan keng foydalanishga yaxshi avtomobil yoʻllarining yoʻqligi toʻsqinlik qilib kelmoqda. Bu soylarga ham yaxshi yoʻllar, dam olish inshootlari qurilsa, ekoturistlar sonini ancha oshirish mumkin boʻlardi.

Demak, rayon hududi ekoturizmni rivojlanishi uchun zarur boʻlgan barcha resurslarga ega. Maftunkor tabiati, uning xilma-xilligi ekoturistlarni jalb qiluvchi asosiy omildir. Rayon hududi oʻzining toʻqay, voha va togʻ landshaftlari, togʻ soylari va buloqlari, koʻllari, muzliklari, gʻorlari, suv omborlari, kanallari, yer osti mineral suvlari bilan ekoturizm markaziga aylanishi mumkin. Rayonda ekoturizmni barcha turlarini (ilmiy, tabiatning tarixi bilan bogʻliq sayohatlar, sarguzasht turizm, tabiat rezervatlariga sayohat) rivojlantirish imkoni mavjud.

Taʼkidlash lozimki, Chirchiq-Ohangaron ekoturistik rayonining togʻoldi va togʻlik qismida tabiiy sharoit va iqtisodiy-ijtimoiy omillar qulay boʻlgan joylarida tabiiy jarayonlar jadalligini va seysmik xavfni inobatga olgan holda ekoturistik marshrutlarni kengaytirish, yangilarini tashkil etish va ekoturistlarni dam olib, davolanib, sayr-sayohatda boʻlib, kayfiyatlarini yaxshilashlari imkoniyati mavjud.

Nigora Shamuratova, Dilshoda Azimova
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti,
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.
Lola Zakirlayeva, Turizmni rivojlantirish davlat koʻmitasi, Mehmon uylarini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi

33 710
O'zA