O‘zA O`zbek

12.12.2019 Chop etish versiyasi

Toshkent shahrida ko‘ngilochar maskanlar 24 soatlik ish tizimiga o‘tkaziladi

Toshkent shahrida ko‘ngilochar maskanlar 24 soatlik ish tizimiga o‘tkaziladi Avval xabar berganimizdek, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahrini yosh turistlar tashrif buyuradigan Markaziy Osiyodagi asosiy shaharga aylantirish (muzey, teatr, kino, istrohat bog‘lari, restoran va kafelar hamda shu kabi boshqa ko‘ngilochar maskanlarni 24 soatlik ish tizimiga o‘tkazish, yangi ko‘ngilochar maskanlar va ommaviy tadbirlarni tashkil etish) maqsadida “Toshkent-yoshlar shahri” dasturini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish lozimligi qayd etilgan.

Mazkur vazifalarni bajarilish muddati - 2020 yil II chorak, ijro uchun mas’ullar - Toshkent shahar hokimligi (J.Ortiqxo‘jaev), Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Aqqulov), nazorat uchun mas’ullar - Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov).

9 686
O‘zA