O‘zA O`zbek

29.04.2019 Chop etish versiyasi

Tog‘lardagi qor arabistonlik sayyohlarni chorlamoqda

Tog‘lardagi qor arabistonlik sayyohlarni chorlamoqda

BAAning “Flydubai” kompaniyasi vakillari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida bo‘lib, sayohat davomida ajoyib taassurotlarga ega bo‘lishdi. Ularga ayniqsa, Chimyon, Bildirsoy, Chorvoq hududlari manzur bo‘ldi. 

Tumanning tog‘ va tog‘ oldi dam olish maskanlari qish faslida ekstremal va tog‘ chang‘i turizmi uchun qulay bo‘lsa, yozning issiq kunlarida o‘zining salqin va bahavo tog‘ havosi bilan mehmonlarni o‘ziga chorlaydi. 

Ayniqsa, tog‘dagi qor arabistonlik sayyohlar uchun katta qiziqishga sabab bo‘luvchi omillardan biridir.

Shuningdek, joriy yilning 20 martidan boshlab, Birlashgan Arab amirliklari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilindi. 

Bunday qulaylik ishbilarmonlik aloqalari, sayyohlik borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. 

photo5339366745703557728.jpg

Xabaringiz bo‘lsa, joriy yilning martidan boshlab “Fly Dubai” aviakompaniyasi "Dubay - Toshkent - Dubay" yo‘nalishida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi. 

Hozirda mazkur aviareyslar soni haftasiga besh marta bo‘lsa, 31 maydan esa bu yo‘nalishidagi aviaparvozlarni har kuni amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Avvallari ham ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan edi. Misol uchun, 1992 yil fevraldan buyon “O‘zbekiston havo yo‘llari” "Toshkent - Sharja - Toshkent", 2008 yil martidan "Toshkent - Dubay - Toshkent" yo‘nalishlari bo‘yicha reyslarni amalga oshirib kelmoqda.

Kelgusida xalqaro miqyosda keluvchi sayyohlar oqimi oshishini hisobga olgan viloyat rahbarlari joriy yilda ikki yuzga yaqin mehmonxonalar foydalanishga topshirilishini aytishmoqda.

1 512
O‘zA