O‘zA O`zbek

28.01.2018 13:17 Chop etish versiyasi

Tatariston – qayta kashf etilayotgan diyor

Tatariston – qayta kashf etilayotgan diyor
O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Tatariston Respublikasi Turizm bo‘yicha davlat qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Tataristonda bo‘lib turibdi. 

Mazkur tashrif jarayonida jurnalistlar kuni qadimiy Qozon shahrining tarixiy obidalari, diqqatga sazovor joylari misolida tatar xalqi tarixi, madaniyati va urf-odatlari bilan tanishdi. 

Qozon shahri nomi qanday kelib chiqqan?

Shahar bo‘ylab safarimiz avvalida barchani qiziqtirgan savol xayolimizda charx urardi: “Qozon atamasi uy-ro‘zg‘or buyumi nomidan kelib chiqqanmi?” 

Afsonalarda ko‘chmanchi xalqlarning hokimiyat ramzi sifatida qozon tilga olinadi. O‘choq yoqib, qozon ilingan yer esa qabilaning qo‘nim topishi mumkin bo‘lgan joy hisoblangan. Kunlardan bir kun Suyunbek xonning xizmatkorlaridan biri e’tiborsizlik ortidan hokimiyat ramzi bo‘lmish oltin qozonni daryoga tushirib yuboradi. Har qancha urinishmasin hokimiyat ramzini daryodan topishning imkoni bo‘lmaydi va xon shu yerni vatan tutib, shahar qurishga qaror qiladi. Shu tariqa Qozon daryosi va shahar nomi paydo bo‘ladi. 

Qozonning ham o‘z Kremli va “Piza”si bor

Kreml haqida so‘z ketganda ko‘z oldimizga Moskva shahridagi me’moriy majmua gavdalanishi tabiiy. Ammo Qozon shahrining ham o‘z Kremli bor va u Moskvadagi Kremldan bir muddat oldinriq qurilgani tarixchilar tomonidan qayd etiladi. Kreml atamasining aynan tatar tilidagi “Kirm?n” so‘zidan (qal’a degan ma’noni anglatadi) kelib chiqqani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Kreml Qozonning eng qadimiy qismi bo‘lib, shaharning ko‘p asrlik tarixini aks ettiruvchi me’moriy, tarixiy va arxeologik yodgorliklar majuidir. XVI-XVII asrlarda qal’a ichida 13 ta minora bo‘lgan. Ayni paytda ulardan sakkiztasi saqlanib qolgan. Xalq orasida Qozon shahri Pizasi sifatida ommalashgan minoralardan biri malika Suyunbeka nomi bilan ataladi. Yetti qismdan tarkib topgan ushbu inshootning dastlabki uch qavati to‘g‘ri to‘rtburchak, qolgan qavatlari sakkiz qirrali shaklda bunyod etilgan. Italiyadagi Piza minorasi singari qiya holda ekani uning o‘ziga xosligini ta’minlaydi. Og‘ish masofasi yuqoridan minora asosigacha olinganda qariyb 2 metrni tashkil etadi. 

Sayyohlar moziyga sayohat qiladi 

Tatariston Milliy muzeyiga sayohatimiz bizni tatar xalqi o‘tmishi, buguni bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Xususan, muzeyda tarix, madaniyat, milliy san’at, hayvonot va nabotot olamiga oid 900 mingdan ziyod noyob eksponatlar mavjud. E’tiborimizni tortgan jihat – muzey hovlisidagi sahna bo‘ldi. U yerda sayyohlar uchun tarix uzra “jonli” sayohat qilish imkoni beriladi. Ya’ni muzeyda vaqti-vaqti bilan Tataristonning turli tarixi sahnalashtiriladi va turistlar unda ishtirok etib, o‘sha davr qahramoni qiyofasini gavdalantiradi, barchasi jonli kechayotgandek taassurot qoldiradi. Ayni shu jihat Tataristonga ko‘plab mehmonlarni jalb qilish, ichki turizmni ommalashtirish, xususan, yoshlar o‘rtasida madaniy obyektlar bo‘ylab sayohatni keng yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda. Bu kabi ijobiy tajribani yurtimizda ham ommalashtirish foydadan xoli bo‘lmasdi. 

O‘zbek va tatar xalqlari o‘rtasidagi yaqinlikni har qadamda his etish mumkin. Jumladan, Tatariston Milliy muzeyida ham. Shu kunlari bu yerda faylasuf, tarixchi, arxeolog, sharqshunos Shihabetdin Merjani tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda. Uning O‘zbekiston bilan qanday aloqasi bor, deb o‘ylayotgandirsiz? Gap shundaki, taniqli tatar farzandi Buxoro va Samarqand shaharlarida tahsil olgan. Madaniy va ruhiy yaqinlikda umr kechirgan. Ha, ota-bobolarimiz asrlar davomida ana shunday og‘a-ini tutunib hayot kechirishgan. 

“Chak-chak” shirinligi sharafiga ochilgan muzey

Barchamiz sevib iste’mol qiladigan “chak-chak” shirinligi aslida tatar xalqi milliy qandolatchilik mahsuloti ekanini bilasizmi? O‘tmishda “chak-chak” pishirish o‘ziga xos marosim bo‘lib, qizlarning ro‘zg‘or tutishi shu asosda baholangan, onalar o‘z o‘g‘liga shu zayl kelin tanlagan. Tataristonda bugun ushbu tansiq shirinlik sharafiga muzey tashkil etilgan. Bir qarashda o‘tgan asrning 30-40 yillarini eslatadigan uy-muzeyda sizni tatar xonadoni kutib oladi. Shirinlik tarixi haqida ma’lumot berib, bir dasturxon atrofida “chak-chak”dan tatib ko‘rishga taklif etadi. Bunday maroqli tur barchaga birdek xush yoqadi. Agar sayyohlarga o‘zbek xonadoni, an’analari, urf-odat va milliy taomlari bilan shu tariqa tanishi imkoni yaratilsa bormi, kinolarda aytilganidek sayyohlar “Maftun bo‘ladi-qoladi”. 

Qozon shahri.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
17 752