O‘zA O`zbek

29.08.2019 Chop etish versiyasi

Tanlovning 3 nafar g‘olibi Xitoyga sayohat qiladi

Tanlovning 3 nafar g‘olibi Xitoyga sayohat qiladi

“Siz Xitoyni bilasizmi?” tanlovining uch nafar g‘olibi Xitoyga bepul sayohat qiladi. Farg‘onada bo‘lib o‘tgan mazkur tanlovning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida bu haqda ma’lum qilindi.

O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari o‘zaro hurmat, tenglik, do‘stlik va manfaatdorlik tamoyillari asosida kengaymoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining doimiylik kasb etgan muloqot va uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, keyingi vaqtda hududlararo hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilib, ijtimoiy-madaniy sohalarda loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi, “Dono nashriyoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Siz Xitoyni bilasizmi?” nomli tanlov tashkil etildi. Mazkur tanlovdan asosiy maqsad o‘zbek yoshlarini Xitoy bilan yaqindan tanishtirish va o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat. “Bilimdon”, “Dono vord”, “Znayka” va “Excellent” jurnallarida Xitoy haqida viktorina savollari chop etildi. Unda 2 ming 500 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etib o‘z javobini yo‘lladi. Hakamlar hay’ati tomonidan tanlovning 20 nafar g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi M.Obidov tanlov g‘oliblarini tabriklab, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Mazkur tanlovning 3 nafar g‘olibi Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi homiyligida mazkur mamlakatga 7 kunlik bepul yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ularni 31 avgust - 6 sentabr kunlari Pekin, Shanxay shaharlarida qiziqarli sayohat kutmoqda.

– Tanlov natijalari shuni ko‘rsatdiki, yurtimiz yoshlarida Xitoyning tarixi, madaniyatiga qiziqishi katta, – deydi “Bilimdon” jurnali muharriri Klaraxon Hamroqulova. – Biz safar davomida xitoylik yoshlarni ham O‘zbekiston bilan yaqindan tanishtirishni, maktab o‘quvchilari bilan do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

11 748
M. SULAYMONOV, O‘zA