O‘zA O`zbek

11.02.2020 Chop etish versiyasi

Sohibqiron yasattirgan ulkan doshqozonda Navro‘z taomlari pishirilgan

Sohibqiron yasattirgan ulkan doshqozonda Navro‘z taomlari pishirilgan

Tabiatdagi har bir yangilanishning inson qalbida jilvalanishi rost. Shu sababli ko‘klamni intiq kutamiz. Bahorda bahri dilimiz yayrab ketadi. Yashillikning uyg‘onishidan kuch olamiz...

Navro‘zi olamning siru sinoati shunda! Kun va tengligi bu – astronomik hodisa! Aslida, bu yerda yanada jumboqli tenglik ham bor. Ya’ni inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik! Yangilanish faslida ana shu mezon asl muvozanatiga qaytadi.

Navro‘z falsafasini shu bilangina izohlash noo‘rin, albatta. Chunki bayramlarimizni boqiy qiladigan jihatlar bisyor. Ulardan eng muhimlari – qadriyatlar, taomillar, ezgu amallar va albatta, taomlar...
To‘g‘ri, hozirgi innovatsiyalar asrida qo‘ziqorinni momaqaldiroqsiz ham sun’iy yetishtirish, ko‘k somsayu sumalakni yilning boshqa fasllaridayam pishirish, varrakni esa shamol esgan istalgan paytda uchirish mumkin. Ammo Navro‘z ayyomida bularning gashti o‘zgacha. Qolaversa, janjallashib, xafalashib qolganlarning yarashishi, muhtojlarga xayru saxovat ko‘rsatilishi, ochiq osmon ostidagi turli tomoshalar, bellashuvlar, o‘yinlar... Bularning bari ushbu bayramga o‘zgacha fayzu shukuh bag‘ishlaydi.

Shu o‘rinda bir qiziqarli fakt. Esingizda bo‘lsa, bir necha yil oldin Navro‘z ayyomi arafasida mega palov loyihasi asosida o‘rnatilgan antiqa rekord yurtimiz oshpazlari dovrug‘ini dunyoga yoygandi. Uchinchi ming yillikda insoniyatni hayratga solish qiyin bo‘lsa-da, ammo hamyurtlarimiz buning uddasidan chiqishgandi. O‘z navbatida, xuddi shu rekord orqali O‘zbekiston metallurglari ham jahonga tanilgandi. Tabiiyki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tayyorlangan ulkan doshqozon orqali!

Tarixiy faktlarning dalolat berishicha, bunday olamshumul ko‘rsatkichlar o‘tmishda ham ko‘p qayd etilgan. Hatto bu kabi ulkan qozonlar haqida afsonalar bor. Masalan, buyuk muarrix Gerodotning “Tarix” asarida shunday lavha keltiriladi: “Bu bahaybat mis qozon skif xoqoni Arrianning farmoniga ko‘ra yasalgan emish. U o‘z fuqarolari sonini bilish maqsadida har kim bittadan kamon o‘qi uchini olib kelishini buyuribdi. Hash-pash deguncha saroy maydonida paykonlar uchi tog‘ bo‘lib uyulibdi. Xoqon bu o‘qlarning barini eritib kattaroq qozon yasashni amr etibdi. Shu tariqa skif-saklarning afsonaviy mis qozoni paydo bo‘lgan ekan. Navro‘zni shodiyona sifatida tantana qilgan saklar yilboshi kuni ana shu ulkan qozonda tayyorlangan sumalakdan ezgu niyatlar bilan tanovul qilishgan.

Amir Temur va temuriylar davrida ham Navro‘z munosabati bilan Samarqandda, uning atrofidagi Konigilda, Ko‘hak tepaligida, Keshdagi Oqsaroy, Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbarasi atroflarida “Qozon to‘ldi” marosimi taomlari sohibqiron bobomiz yasattirgan qozonlarda pishirilgani xususida tarixiy ma’lumotlar bor. To‘g‘ri ilg‘adingiz, gap Amir Temur buyrug‘i bilan yasalgan qirq quloqlik ulkan doshqozon haqida ketmoqda. Ayni paytda u qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga qarashli Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasi yoniga noyob yodgorlik sifatida o‘rnatilgan.

Ko‘rsatkichlarni qiyoslaymiz. Sarkarda bobokalonimiz quydirtirgan qirq quloqli doshqozonning vazni 2 tonnaga teng. Rekord sifatida qayd etilgan mega palov esa bundan qariyb 4 barobar og‘ir, ya’ni 7070 kilogrammlik ulkan qozonda damlangandi.

Tarixiy doshqozonning diametri 2,47 metrga teng bo‘lsa, bizdagisi 4,2 metrdan iborat. Amir Temur yasattirgan ulkan idish 600 chelak suv bilan to‘lsa, olmaliqlik metallurglar uni 8 ming litr suv sig‘adigan qilib quyishgan. Bu taxminan 1000 chelakka teng ko‘rsatkich. Shu sababli 2017 yili chuqurligi 1 metrlik qozonda salkam 1 900 kg guruch, 1 500 kg mol go‘shti, 400 kg qo‘y go‘shti, 220 kg dumba, 2 700 kg sabzi, 220 kg piyoz, 440 litr o‘simlik yog‘i, 57 kg tuz, 100 kg no‘xat, 190 kg uzum, 5 kg zira, 2 kg yanchilgan qalampir, 1 kg zarchava va 350 litr suv solinib, umumiy og‘irligi 8 tonnadan iborat osh tayyorlandi.

O‘ylaymizki, ulkan doshqozonlarda pishiriladigan tansiq taomlarimiz bu yilgi Navro‘z dasturxoniga ham ko‘rk bag‘ishlaydi. 

19 219
Farrux BO‘TAEV, O‘zA