O‘zA O`zbek

26.03.2019 Chop etish versiyasi

Shohimardon oʻz bagʻriga chorlamoqda

Shohimardon oʻz bagʻriga chorlamoqda
Oʻzbekiston – betakror diyor

Jannatmonand diyorimizning goʻzal va betakror tabiati, turfa nabotot va hayvonot dunyosi, noyob tabiiy yodgorliklari haqida qancha taʼrifu tavsif keltirsak, oz. Jumladan, Fargʻona viloyatining Soʻx, Beshariq kabi tumanlari, Shohimardon togʻlari ana shunday bahavo iqlimi, maftunkor manzaralari bilan ajralib turadi.

Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻi dengiz sathidan 2500-2700 metr balandlikda joylashgan boʻlib, toʻrt tarafi togʻ bilan oʻralgan. Bu yerning tongi yanada maftunkor. Togʻ ortidan bosh koʻtargan quyosh atrofni qizdira boshlaydi. Koʻchalar esa uzoq-yaqindan kelgan yurtdoshlarimiz tabassumi bilan yanada tarovatli. Togʻ odamlari ham qishloqning oʻzidek bagʻrikeng, samimiy, mehnatkash.

Mamlakatimizda ekoturizm, ziyorat turizmi uchun ham keng imkoniyatlar mavjud. Zero, yurtimizda ekoolamning barcha neʼmatlari – xilma-xil oʻsimliklar, qushlar, hayvonlarning yuzlab turlari, bahavo joylar bisyor. Bunday goʻshalar sayyohlarni oʻziga ohanraboday tortadi. Taʼkidlash kerakki, sayyohlikning ushbu yoʻnalishlari Shohimardonda ham rivojlanmoqda.

Shohimardon atamasining kelib chiqishi mardlar shohi, toʻrtinchi xalifa Hazrati Ali nomi bilan bogʻliq. Rivoyatlarga koʻra, Hazrati Alining qabri toʻrt tomoni togʻ bilan oʻralgan, ikki daryo tutashgan joyda emish. Dunyoda bunday geografik joy va ziyoratgohlar koʻp. Shohimardon shulardan biri. Lekin bu afsonalar ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Hazrati Alining qabri Iroqning Kufa shahrida boʻlib, u zot Fargʻona vodiysiga kelmagan. Qishloq markazida Hazrati Alining ramziy maqbarasi boʻlib, mahalliy aholi orasida unga Sherdargoh pirim deb eʼtiqod qiladiganlar koʻp.

– Qishloqda tadbirkorlik qilaman, degan ishbilarmonga barcha sharoit yaratilgan. Yangi tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish direksiyasi tomonidan boʻsh turgan obyektlarni xatlovdan oʻtkazish, ijaraga berish ishlari davom ettirilyapti. Qishloqdoshlar ham bir chetda qarab turgani yoʻq: hamma obodonlashtirish harakatida. Joriy yilda 1 kilometr yoʻlga shagʻal, yana shuncha masofaga asfalt yotqizish rejalashtirilgan. – deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ikromjon Abduxoliqov.

Koʻklam mehnat bilan koʻrkam, deganlari rost. Toʻgʻri, hali jazirama kunlargacha vaqt bor. Lekin ziyoratchilar allaqachon kelishni boshladi, mehnatsevar qishloq ahli ham beparvo oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaydi. Dam olish kunlarida bu yerga mingga yaqin mahalliy sayyohlar kelishini inobatga olsak, ularga sifatli xizmat koʻrsatish, eng muhimi, yaxshi taassurot bilan qaytishini taʼminlash kerak. Bir soʻz bilan aytganda, Shohimardonda turizm rivoji tarixiy-meʼmoriy, tabiat boyliklarini saqlash, muhofaza etish, kamyob oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrashga xizmat qilmoqda. Mahalliy aholining turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratish, iqtisodiy yutuqlar va obodlikka asos boʻlmoqda. Yaqinda tadbirkor Astali Rahmonov tashabbusi bilan qad rostlagan ikki qavatli koʻrkam va zamonaviy bino ayni shu maqsadda tashkil etildi.

– Ixchamgina doʻkonimiz kengayishi bilan oila aʼzolarimiz bandligi ham taʼminlandi, – deydi A.Rahmonov. – Ikkinchi qavatni umumiy ovqatlanish maskaniga aylantiramiz. Har bir mehmon kerakli xaridlarni amalga oshirishi, turli sovgʻalarni shu yerning oʻzidan olib ketishi uchun barcha oziq-ovqat mahsulotlari, turli esdalik buyumlari, bolalar oʻyinchoqlari mavjud.

Qurut va oʻrik qoqi sotib oʻtirgan sotuvchilar huzuridan olislab ziyoratgohga yoʻl olamiz. Anvoyi gullar, obod va koʻrkam shiyponlar. Togʻ ustida afsonaviy Hazrati Aliga nisbat beriluvchi qadimiy maqbara, ul zotning nabiralari Shoh Tolib Sayyid Muhammad Ali ziyoratgohi va undan uncha uzoq boʻlmagan yerda Hamza Hakimzoda Niyoziy mavzoleyi, Shohimardon tabiat muzeyi. Butun qishloq kaftdekkina koʻrinadigan bu tepalikda Shohimardonsoy ustiga osilib tushgan haybatli qoya goʻzal manzara hosil qilgan.

– Har gal toʻlqinlanib gapirganim uchun qizim Gullola Shohimardonni koʻrishga ishtiyoqmand edi, – deydi Quvasoy shahrida yashovchi Gulsanamxon Abdujalilova. – Dam olish kunlarini rejalashtirib kelganimiz yaxshi boʻldi. Yoʻllar ham ancha tartibga kelgan, avvalgidek mashaqqatlar yoʻq. Ziyoratgohga eltuvchi ulkan zinadayoq qizimning hayrati oshdi. Ziyoratgohlarga oilaviy tashriflarni koʻpaytirish zarur, deb oʻylayman. Chunki bu yerdagi taassurotlar farzandlarimizni vatanparvarlikka, yurtni sevishga oʻrgatadi.

Ziyoratchilar orasida quvaliklarni ham uchratdik. Mahalla fuqarolar yigʻinlari mutaxassislariga yetakchilik qilib kelgan Quva tumani hokimining oʻrinbosari, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Shoiraxon Nazirova safar shukuhi haqida soʻz ochadi:

– Qishloq ahli bilan suhbatlashib, koʻngling koʻtariladi. Odamning kayfiyati yaxshi boʻlsa, ishda unum boʻladi, ”Yaxshi dam – mehnatga hamdam” deydilar-ku! Dam olish kunlaridan foydalanib qilgan safarimizdan, ayniqsa, ayollarimiz xursand. 20 yildan beri bu yerga kelish orzusida yurganlar ham bor ekan. Endi ular boshqa mahalladoshlar bilan ziyoratga kelish tashabbusini ham ilgari surishdi...

Yordon qishlogʻidamiz. Archamozorga olib chiqadigan soʻqmoq yoʻllar, togʻ yon bagʻirlari hali koʻklam bilan diydorlashmagan – quyosh nurida tovlanib turgan oppoq qor qoplagan. “Fargʻona vodiy sayyoh” turizm agentligining “Shohimardon” ekoturizm markazi ham sayohatchilar bilan gavjum. Yurtimizning turli hududlaridan keluvchi ziyoratchilar uchun bu yerda barcha sharoit mavjud, ayniqsa, qishki mavsumga moslashtirilgan shinam xonalarda sifatli xizmat koʻrsatilmoqda. Markaz oldidan oqib oʻtuvchi ulkan soy bamisoli tosh suradigan azim daryo. Kuchli oqim ostida toshning toshga surilib ishqalanayotgani yaqqol sezilib turadi. Kunduzi quyosh nurida erigan muzliklardan hosil boʻlgan suvlar qanchadan-qancha jilgʻalar orqali toʻplanib, olis-olislarga oqadi...

Shohimardon markazida shoʻx navolar yangray boshlaydi. Koʻli Qubbonga olib chiquvchi yoʻl boʻylab joylashgan dala hovlilar, dam olish obyektlari “Oʻzbekiston Shveysariyasi”ga oshiqlar qatnovidan yanada tarovat ochib boradi.

Yolgʻizoyoq yoʻldan ortga qaytamiz. Yoqimli togʻ havosi kayfiyatni koʻtarib, koʻngilga huzur bagʻishlaydi. Qisqa vaqtda guvoh boʻlganimiz – ona-tabiatning goʻzal va ajoyib manzaralari haqidagi taassurotlar koʻz oldimizdan bir-bir oʻtadi. Necha asrlarki, yon-atrofga choʻkkan abadiy sokinlikni buzgancha, hayqirgancha kelayotgan zilol soylarning guldurashi asta-sekin ortda qola boshlaydi...

12 665
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat) OʻzA