O‘zA O`zbek

15.04.2019 20:42:21 Chop etish versiyasi

Sayyohlik ko’rgazmasi ishtirokchisi: “O’zbek-grek xalqi aka-uka”


Poyxtimizda “Tashkent Travel Mart” “V2V” formatidagi sayyohlik ko’rgazmasi bo’lib o’tmoqda. 

Yurtimizda birinchi marta o’tkazilayotgan mazkur tadbirda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan yuzga yaqin tashkilot vakillari bilan birga xorijiy aviakompaniyalar ishtirok etmoqda. 

Ozarbayjon, Gretsiya, Gruziya, Shveytsariya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Birlashgan Аrab Аmirliklari, Janubiy Koreya kabi davlat vakillari shular sirasidandir. 

– Maqsad turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'ektlarini uchrashtirish, ular hamkorlikda sayyohlarni yurtimizga olib kelishi va bizdan xorijga sayyohatlar tashkil qilishi borasida kelishuvlarga erishishini ta'minlash, – deydi O’zbekiston xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova. – Nega, V2V formati? Chunki, bunday shakldagi uchrashuvlar xorijda keng ommalashgan. Bunda qisqa fursatda ko’plab hamkorlar bilan ishlash, tanishish mumkin bo’ladi. To’g’risini aytganda, keyingi ikki yilda turizm sohasida tub o’zgarishlar bo’lmoqda. Bu jarayonni xorijlik hamkorlar ham ko’rib, kuzatib bormoqda. Sayyohlik xizmatlari jamlangan bozorimizga kirishga harakat qilmoqda. Misol uchun. Gretsiya havo yo’llari Gretsiya va O’zbekiston o’rtasida to’g’ridan - to’g’ri avia qatnovni amalga oshirmoqchi. Rossiyaning yirik havo yo’llari kompaniyasi ham qiziqish bildirmoqda. Biz kelgusida tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratib, sohaga investitsiya jalb qilmoqchimiz.

Bizga kelayotgan sayyohlarning aksariyati 50 yoshdan oshgan va kelgusida yoshlarni ham yurtimizga ko’proq jalb qilish niyatimiz bor. Shu bois nafaqat tur operatorlar, balki mehmon uylarini ham rivojlantirish loyihasi asosida viloyatlardagi tadbirkorlarni bepul o’qitish loyihasi ustida ishlanmoqda. Bunda yangidan-yangi tur mahsulotlar rivojlantiriladi. Аna shu asosda yoshlarga mo’ljallangan faol turizm turlarini ishlab chiqamiz. Eko va qishloq xo’jaligi turizmini ham targ’ib kilmoqchimiz. 

– O’zbekiston keyingi yillarda iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yanada yuksalib bormoqda, – deydi “Orange fly” aviakompaniyasi menejeri Tsheodore Voutsasekin.– Bu diyorga birinchi kelishim bo’lsa-da, kompaniyamiz vakillari uch yildan buyon O’zbekiston bilan hamkorlikda ishlamoqda. Biz bugun sayyohlik borasidagi eng katta forumda ishtirok etib, bir qator firmalar bilan memorandum imzoladik. 

O’zbek - grek xalqlar bir-biriga qardosh, aka-uka. Bunga sabab, Аleksandr Makedonskiy Baqtriyaga kelganda askarlarining bir qismi Markaziy Osiyoda qolganini hisobga olsak, o’zbek-grek xalqlari birodar, degan fikrdaman.

Ko’rgazma tashkilotchilari xorijlik tur operatorlar va aviakampaniya vakillarining O’zbekistonga birinchi kelishini hisobga olib, ertaga Samarqand shahriga sayyohat uyushtirmoqchi. Bu esa yurtimizning boy madaniyati, tarixi va turizm imkoniyatini ko’rsatish orqali uning targ’ibotini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.