O‘zA O`zbek

26.06.2019 11:00 Chop etish versiyasi

Sayyohlik boʻyicha hamkorlik yangi bosqichda

Sayyohlik boʻyicha hamkorlik yangi bosqichda

Inson koʻp narsani anglashi, yuksalishni yangi bosqichga koʻtarishi uchun dunyo koʻrishi, oʻzgarishlarga esh tutinishi lozim. Balki shuning uchun ham: musofir boʻlmaguncha... degan aqida yuzaga ham kelgandir.

Lekin nima boʻlganda ham hozirgi rivojlanish shiddati sayyohlik bobida ham oʻrganadigan, qilinishi kerak boʻlgan ishlar talaygina ekanligini koʻrsatib turibdi. Avvalo, oʻzaro qardoshlik aloqalarining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishidir. Yurtimizda qoʻshni davlatlar bilan qadrdonlik rishtalarni mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani tahsinga loyiq, albatta.

Jumladan, Qirgʻiziston Respublikasi bilan ham har jabhada hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Birgina turizmni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama doʻstona sherikchilik munosabatlari koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilmoqda.

Sayyohlik tizimining barqaror taraqqiy etishi uchun Toshkent-Tomchi-Toshkent aviaqatnovining yoʻlga qoʻyilayotganidir. “ Inspiro travel” (Qirgʻiziston), “Aziya lyuks travel” (Oʻzbekiston) kompaniyalari xodimlarining sayyohlik boʻyicha davlatlararo turistik yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan yurtimizdagi koʻplab ommaviy axborot vositalari uchun Issiqkoʻl turistik hududiga uyushtirilayotgan press-tur ishtirokchilari Toshkentdagi “Miran Interneyshnl” mehmonxonasidan zamonaviy rusumdagi avtobusda yoʻlga tushdi.

Uzoq yoʻlda oʻziga xos qiyinchiliklarga duch kelinishi turgan gap. Ayniqsa,Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasidagi olti soatdan ortiq davom etgan oʻrinsiz kutishlar kishini oʻyga toldirdi. Nahotki, davlatlar oʻrtasidagioʻtish-qaytishda noxush holatlarning oldi olinmagan boʻlsa?!

Turnaqator boʻlib navbat kutayotgan yoʻlovchilarning besabab bunday kutishlaridan maʼni ne?

Xullas, koʻplab savollarimiz ochiqligicha qoldi: javob yoʻq. Shunday ekan, “yashil yoʻlak”ning kimga va nimaga keragi bor?.. (Bu mavzuga keyinroq toʻxtalish reja qildik. Hozircha shu: lekin, mutasaddilardan albatta, javob kutamiz...)

Uzoq yoʻl yurib, Qirgʻiziston hududidagi oʻtdik. Tabiatning maftunkorligi koʻnglimizdagi gʻashlikni tarqatib yubordi. Bishkek shahri bilan tanishuv barchani qizgʻin oʻylarga, soʻnmas taassurotlarga boshlagani rost. Ayniqsa, shaharning muhim markaziy maydoni, hukumat qarorgohi va ImomSaraxsiy nomidagi oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan ajoyib memorial koʻrinishga ega masjid kuzatuvchilarga oʻzgacha hayrat baxsh etgani aniq.

Yozning iliq harorati qalblarga koʻchdi. Fusunkor tabiatning serjilo tasviriga uyqash tamaddixona xodimlarining oʻzbekona shirin kalom bilan qarshilashi nekbin tuygʻular sari chorlaydi kishini. Koʻngilgafaxru iftixor bagʻishlaydi. Doʻstlik, qardoshlik tuygʻularining koʻngillarda barq urayotgani mamnun kayfiyat ulashadi, albatta.

Safarimiz davomida shaharda joylashgan yirik savdo markazlaridan biridagi joʻshqin hislar yana bir bor dilimizga taskin berdi. Orasta kiyingan yigit-qizlarning oʻz yaqinini koʻrganday suyunib, qarshi olgani – hatto bizni qiziqtirayotgan har bir savolga javob berishga ogʻrinmay, xush kelibsiz, deya qoʻli koʻksidaligidan behad shodlandik...

Issiqkoʻl sari safarimiz davom etdi. Yoʻl yurib, uzoq oʻtmishga ega xushmanzara tabiat qurshovidagi Issiqkoʻlga ham yorqin taassurotlar bilan kirib keldik. Ulkan togʻ oralab oʻtgan yoʻl boʻyidagi shovullab oqayotgan soylarning joʻshqin taronasi dillarni junbishga solgani rost. Koʻrkam daraxtlarning nafis tebranishi koʻngilni nozik evrilishlarga undaydi. Ha, serhimmat tabiatga tagʻin maftunligimiz ortdi. Jismimizdagi charchoq alomatlari izsiz yoʻqolgandek goʻyo.

Hassos shoirning goʻzal satrlaridek yurakda navolangan nafis hislar ogʻushida yashash baxti naqadar ulugʻvorligi qayta akslandi.

Qadrdon, Issiqkoʻl sari safarimiz davomidagi yorqin xotiralarimizni siz bilan bahamlashmoq niyatidamiz. Bizni – uza.uz saytida kuzatishda davom eting!

Gʻayrat Shirinov, Hotamjon Mamadaliyev (surati), Issiq-koʻl, Qirgʻiziston, OʻzA
4 102