O‘zA O`zbek

23.05.2019 Chop etish versiyasi

Sayyohlar xavfsizligi qanday ta’minlanmoqda?

Sayyohlar xavfsizligi qanday ta’minlanmoqda?

Turizm – bu nafaqat maroqli sayohat, balki butun dunyoda muhim daromad manbaiga aylangan eng muhim sohalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekistonda ham bu sohaga keyingi paytda e’tibor kuchaygani yaqqol sezilmoqda. Zero 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros ob’ekti mavjud bo‘lgan bu o‘lka turistik salohiyati yuqoriligi va o‘ziga xos, ya’ni sharqona jozibadorligi bilan ajralib turadi.

Ish yuzasidan uzoq yillar xorijiy davlatda bo‘lganim bois O‘zbekistonga kelishim bilan o‘zim sog‘ingan qadimiy shaharlarni ziyorat qilishni niyat qildim.

Dunyoda ertaklar shahri, deb nom qozongan qadim Buxoroga tashrifim davomida bu mo‘jizor shahar menda yanada qadimiylashgan hamda navqironlashgandek taassurot qoldirdi. Qadim minoralar, betakror obidalar o‘tmishdan so‘zlasa, yon-atrofdagi zamonaviy mehmonxonalar, binolar shaharning taraqqiyotdan ortda qolmaslikka intilayotganini yaqqol ifoda etadi.

Ma’lumotlarga qarganda, Buxoroda olti yuzdan ziyod moddiy madaniy meros ob’ekti ro‘yxatga olingan. Bu salmoqli raqam o‘z ortida minglab, milionlab sayyohlar borligini anglatadi.

E’tiborimni tortgan jihati, Buxoroga tashrif buyurayotgan turistlarga har tomonlama e’tibor kuchaygani bo‘ldi. Ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari ko‘lami kengaygan, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Sayohatim davomida andijonlik otaxon bilan suhbatlashib qoldim. Shahar aylanib toliqqan otaxon mehmonxonalardan biriga dam olish uchun borganida, mablag‘i yetmasligini bilib noqulay ahvolga tushib qolibdi. Bunga guvoh bo‘lib qolgan ichki ishlar organi xodimi otaxonga yordam berishga shoshibdi. Otaxon, boshqa arzon va qulay mehmonxonalar ham bor, deb uni o‘sha yerga eltib qo‘yibdi. Otaxon esa bu e’tibordan juda mamnun bo‘libdi.

Keyin bilsam otaxonga yordamga kelganlar “ezgulik politsiyasi” nomini olgan “xavfsiz turizm” xizmati xodimlari ekan.

Bu voqeadan ta’sirlanib, o‘sha xodimlar bilan uchrashishga qaror qildim. O‘zbekistonning tarixiy shaharlari Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabzda xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha maxsus konsepsiya tasdiqlanganidan xabarim bor edi. Hozirda konsepsiya asosida Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida vaziyat markazi faoliyat ko‘rsatayotgan ekan. Markaz xavfsiz turizm holatini monitoring qilish, sayyohlarni real vaqt rejimida potensial xavflardan xabardor etish hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yordamlashish bilan shug‘ullanadi.

Mazkur xizmatda faoliyat yuritayotgan, otaxonga yordam bergan inspektorlar Denis sukanov va Shavkat Hamidovlarni topish qiyin bo‘lmadi. Ular bilan suhbat asnosida har kuni, har soat turistlarning nafaqat xavfsizligini ta’minlash, balki ularni turli noqulay vaziyatlardan qutqarishga ham to‘g‘ri kelar ekan.

Adashib qolgan, boradigan manzilini topa olmayotgan kishilar, ayniqsa, xorijiy sayyohlar tez-tez uchrab turadi. Ularning o‘z tilidan boshqa tilni bilmasligi vaziyatni yanada murakkablashtirishi tabiiy. Shu yil mart oyida Yaponiyadan kelgan Kaoru Nishiyama va Xatsuyo Kashaski kechasi mehmonxonasini topolmay yurganlarida ezgulik elchilari ularga beminnat yordam bergan. Minnatdor bo‘lgan sayyohlar ertasi kuni kelib, inspektorlarga minnatdorchilik bildirib ketishgan.

“Toqi telpakfurushon” savdo markazida adashib qolgan rossiyalik turist Aleksey Lyubichinkovskiy ham ularning ko‘magida mushkul vaziyatdan qutilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, «Xavfsiz turizm» yagona apparat-dasturiy majmuasi joriy etilgani sayyohlar oqimini kuzatish, muammoga uchragan turistni aniqlash va unga yordam berish imkonini berayotgan ekan. Chunki bu videokuzatuv, ma’lumotlarni tahlil qilish va avtomat ravishda qayta ishlash, huquqbuzarliklar va hodisalar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish va ro‘yxatga olish tizimi orqali barcha holatlar tezkor aniqlanadi va noxush vaziyat aniqlansa, zudlik bilan bartaraf etiladi.

Shuningdek sayyohlar uchun mobil ilova yaratilgan bo‘lib, shu orqali sayyohlar mamlakatimizda bo‘lish qoidalari, viza va ro‘yxatga olish jarayonlari, diqqatga sazovor manzillar va yo‘nalishlar, shuningdek, yaqin ichki ishlar organi tayanch punktlari va tibbiyot muassasalari to‘g‘risida xabardor bo‘ladi. Mazkur mobil ilovada sayyoh huquqni muhofaza qilish organlariga mushkul vaziyatga tushib qolganlik to‘g‘risida xabar yuborishi
yoki o‘z mamlakatining konsullik idorasiga murojaat yozishi ham mumkin.

Ko‘plab xorijiy davlatlarda mavjud bo‘lgan turistik politsiya ham ana shunday zamonaviy mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekistonda ham xalqaro andozlarga mos xavfsiz turizm xizmati samarali faoliyat ko‘rsatayotani diqqatga sazovor.

Bu kabi omillar mamlakatimizga keladigan turistlar oqimini ko‘paytirishga ham xizmat qiladi. Zero, nafaqat jozibador, balki tinch va ayni vaqtda xavfsizlik ta’minlangan joygagina sayyohlar qiziqish bilan qarashi turgan gap.

Shuhrat NE’MATOV,
tadbirkor.

4 174
O‘zA