O‘zA O`zbek

26.02.2018 17:20 Chop etish versiyasi

Sayyohlar ikki barobar ko‘paydi

Sayyohlar ikki barobar ko‘paydi Mamlakatimizda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida qisqa vaqt ichida sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi.

Davlatimiz rahbarining sohaga oid farmon va qarorlari asosida xorijiy sayyohlar uchun viza tizimining soddalashtirilishi, turistlar uchun bir qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratilishi bunda muhim omil bo‘lmoqda. 

9.JPG

– Avvalgi yillarda qish paytlarida mehmonlar kelishi keskin kamayib ketishi tufayli xodimlarimizning ko‘pchiligiga ta’til berilar edi, – deydi Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi rahbari D.Ermamatov. – Bu yil yanvar-fevral oylarida ham majmuamizga keluvchilar oqimi kamaygani yo‘q. Buni raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, o‘tgan yil yanvar oyida 43 ming 700 dan ortiq mehmon, jumladan, 125 nafar chet ellik buyuk muhaddis bobomiz maqbarasini ziyorat qilgan edi. Joriy yilda esa ziyoratchilar qariyb 72 ming kishini, ular orasida xorijliklar 300 nafarni tashkil etdi. Ushbu davrdagi pul tushumi 67 million 500 ming so‘mga yetib, o‘tgan yilgidan 27 million 900 ming so‘m ko‘p bo‘ldi.

Bayram kunlarida qo‘shimcha dam olish kunlarining joriy etilishi, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. Misol, uchun, Yangi yil bayrami kunlarida qish payti bo‘lishiga qaramay majmuamiz ziyoratchilar bilan har qachongidan gavjum bo‘ldi. Navro‘z bayramidagi dam olish kunlarida esa sayyohlarimiz safi ancha kengayishi kutilmoqda. Buning uchun zarur tayyorgarlik ishlarini amalga oshirib, gid-tarjimonlar va diniy xodimlar malakasini oshirish choralarini ko‘rdik. Hududda ziyoratchilar uchun har tomonlama qulayliklar yaratishga harakat qilmoqdamiz. 

12.JPG

Prezidentimiz tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida Imom Buxoriy majmuasi atrofida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Avvalo, Samarqand shahridan majmuagacha bo‘lgan yo‘l kengaytirilib, uning atrofida zarur infratuzilma obyektlari qurilmoqda. Majmua yaqinida xalqaro talablarga javob beradigan 30 ga yaqin mehmonxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, avtoturargoh va boshqa xizmat ko‘rsatish maskanlari bunyod etilayotir.

– Bolalikdan birga o‘sgan do‘stlarimiz, sinfdoshlarimiz bilan tez-tez uchrashib turamiz, – deydi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidan kelgan faxriy o‘qituvchi T.Imomov. – Bu galgi uchrashuvimizni Samarqandga sayohat tarzida o‘tkazishga kelishgan edik. Ziyoratimizni Imom Buxoriy majmuasidan boshladik va qalbimiz ma’rifat nurlari bilan yorishdi. Hududda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini ko‘rib, bu maskan kelgusida yana ham obod va ko‘rkam bo‘lishiga ishonch hosil qildik.

– Tumanimiz hokimligi joriy yilda Haj va Umra safariga boruvchilar uchun Imom Buxoriy majmuasiga uyushtirgan sayohati tufayli ushbu maskanni ziyorat qilish baxti nasib etdi, – deydi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi Gulsara Shorahmedova. – Bundan juda mamnunmiz. Chunki, ulug‘ ziyoratni avvalo o‘z yurtimizdan, islom olamining buyuk allomalari nomi bilan bog‘liq maskanlardan boshlashimiz kerak.

26.JPG 

Ayni paytda majmua yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi ham jadal sur’atlarda olib borilayotir. Qurilish uchastkasi boshlig‘i – “Qurilish birlashmasi” aksiyadorlik jamiyati mas’ul xodimi R.Buruboyevning aytishicha, 7 gektar maydonni egallagan hududda asosiy qurilish ishlari yakuniga yetkazilgan va hozirda binolarni pardozlash va jihozlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlar milliy va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida bajarilmoqda.

Ushbu maskanda ilmiy-tadqiqot markazi, hadisshunoslik maktabi va mazkur maktab tinglovchilari uchun yotoqxona, oshxona, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari, ilmiy xodimlarga mo‘ljallangan turar joylar bunyod etilgan. Markazda ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan va noyob tarixiy kitoblar, qo‘lyozmalar saqlanadigan yirik kutubxona, hadisshunoslik ilmi bilan bog‘liq muzey tashkil qilinadi.

Bu markaz kelgusida Imom Buxoriy majmuasi bilan yaxlit kompleks sifatida yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish va tadqiq etishga xizmat qiladigan ma’rifat maskani, yirik sayohlik markaziga aylanishi shubhasiz.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
13 144