O‘zA O`zbek

10.06.2019 Chop etish versiyasi

Saudiyalik jurnalistlar Fargʻonaga keladi

Saudiyalik jurnalistlar Fargʻonaga keladi

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi Saudiya Arabistoni Podshohligi OAVlari bilan ham toʻgʻridan–toʻgʻri hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi. 

Avval xabar berilganidek, ijodiy uyushma Fargʻona viloyat boʻlimi tashabbuskorligi va tashkilotchiligida 11 nafar hamkasbimiz Saudiya Arabistonida boʻldilar. Dastlab Umra amallarini bajargan fargʻonalik jurnalistlar Jidda shahrida, Oʻzbekistonning Saudiyadagi Bosh konsulxonasida arab olamining taniqli jurnalistlari hamda gazetalari bosh muharrirlari bilan uchrashdilar. Oʻzaro tajriba almashuv va hamkorlik mavzusidagi muloqotlar chogʻida hozirgi globallashuv sharoitida OAVning oʻrni, jurnalist shaxsi, xolislik mezonlari kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi raisi Muhammadjon Obidov jurnalistik faoliyatini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Saudiya OAVlari bilan axborot almashuv, oʻzaro ikki mamlakat gazetalari taxririyatlaridan amaliyot oʻtashni tashkil qilish va boshqa mavzularda maʼlumot berdi hamda takliflar kiritildi.

“Anba” gazetasi tahririyat mudiri Abdulla Mazruk al-Yanbaviy Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda roʻy berayotgan islohotlardan OʻzAning arab tilidagi sahifasi orqali qisman tanishligi, ammo bu sayt 27 mamlakat hududidagi arab olamining ehtiyojini qondira olmasligini aytib, kelgusida uni kengaytirish, axborotlar rangbarangligiga eʼtibor qaratish lozimligini taklif etdi.

“Al-Bilad” gazetasi muharriri Xolid ibn Mirdax al–Mirriy Saudiya OAVlarida sifat oʻzgarishi roʻy berayotgani, Saudiya jamiyatidagi ochilish ayniqsa gazetalarda bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgani haqida axborot berdi.

– Endi ayollar mashina haydashi, yoshlar qiziqishiga koʻra klublar tashkil etishi va unda tadbirlar uyushtirishi, matbuotda taxlil, tanqid, takliflar bayon qilish kundalik hayotiy voqelikka aylandi, – deydi Makka televideniyesining mamlakatda mashhur telejurnalistlaridan biri Mansur Nizomiddin. –Afsuski, Saudiya Arabistoni OAVlarining Oʻzbekistonda muxbirlari hozircha yoʻq va yurtingiz haqida juda oz bilamiz.

Munozara shu yerga kelganida Muhammadjon Obidov Oʻzbekistonda ham Saudiya Arabistoni haqida xolis, tezkor axborot oʻrni hamon boʻshligi, mavjudlari esa Gʻarb, Rossiya va Amerika OAVlarining xabarlari boʻlib, ularda baʼzida bir yoqlamalik kuzatilishini taʼkidlab, taklif kiritdi:

– Ikki mamlakat xalqlarini bir-birlari haqidagi axborot bilan taʼminlashda muammo mavjud ekan, kelinglar, uning yechimi tomon birinchi qadamni qoʻyaylik. Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi 4 nafar Saudiyalik gazeta, televideniye va internet jurnalistini bir haftaga Oʻzbekistonga, Fargʻonaga taklif etadi. Bunda ularning Oʻzbekistonda boʻlish xarajatlarini zimmamizga olamiz. Oʻzbekistonni oʻz koʻzingiz bilan koʻring va qalban his eting. Shundan keyingina bu koʻhna diyor bilan oʻz xalqingizni tanishtiring. Kelgusida esa shunday shart va sharoitlarda fargʻonalik jurnalistlar Saudiyaga ham keladilar, – dedi Muhammadjon Obidov.

Taklif shu zahotiyoq maʼqullandi. Oʻzbekistonning Saudiya Arabistoni, Jiddadagi Bosh konsuli Sirojiddin Shamsutdinov tashkiliy ishlarda vositachilikni zimmasiga oldi.

– Men boshqarayotgan internet saytining 1,5 million faol oʻquvchisi bor, – deydi Rimuza xonim. – Bunday safar natijasi asosida yoziladigan Oʻzbekiston haqidagi maqolalar oʻquvchilarim uchun gʻoyat qiziqarli boʻlishi shubhasiz. Men bu taklifdan xursandman.

Anjumanda “Yangi Fargʻona”, “Quva hayoti”, “Oydin”, “Beshariq tongi” gazetalari bosh muharrirlari Azizbek Ermatov, Zuhra Aliyeva, Xadichaxon Karimova, Sobirjon Temirov, “U kaz” gazetasi muxbiri Faysal Majrashiy, “Saada al-Muvatin” gazetasi gʻarbiy mintaqa byurosi rahbari Muhammad al Amriy, Saudiya iqtisodiyot vazirligining sobiq masʼul xodimi, bloger doktor Muhammad Xamdam, yirik tadbirkor Faxad Ahmad al Mansuriy hamda ota bobolari asli Oʻzbekistondan boʻlgan vatandoshimiz, jamoat arbobi Abu Salmon al Xoʻqandiylar soʻzga chiqib, jurnalistlar va OAVlarining toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorligini yoʻlga qoʻyish mamlakatlarimiz iqtisodiy aloqlarini mustahkamlashi, xalqlarning hamjihatligi va doʻstona munosabatlari rivojiga xissa qoʻshajak, dedilar.

Fargʻonalik jurnalistlar Oʻzbekiston, Fargʻona viloyatidagi islohotlar, uning fidoyi odamlari, allomalar ziyoratgohlari, turizm makonlari, investitsiya kiritishga yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar haqida arab tiliga oʻgirib olib kelgan suratli maqolalarini Saudiya OAVlariga eʼlon qilish uchun topshirdilar.

Gʻoyat samimiy, oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan ijodiy muloqot chogʻi “Oʻzbekistonda, Fargʻonada uchrashguncha!” degan tilaklar qayta-qayta tilga olindi.

Sobirjon DADAXOʻJAYEV,
“Vodil yogʻdusi” gazetasi bosh muharriri,
Saudiya Arabistoni, Jidda shahri. 

11 314
OʻzA