O‘zA O`zbek

27.02.2019 Chop etish versiyasi

Samarqandga bu yil 500 ming xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda

Samarqandga bu yil 500 ming xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda

Bu haqda Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari B.Nurullayev xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida “Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi hisobotida maʼlum qildi.

Hisobotda qayd etilishicha, 2018 yilda Samarqandga 2017 yilga nisbatan ikki barobar koʻp, yaʼni 2 million mahalliy hamda dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 351 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan va ularga 116,7 million dollarlik xizmatlar koʻrsatilgan. Xorijiy sayyohlarning viloyatda qolishi oʻrtacha 2,5 kunni tashkil etdi.

2018 yil davomida viloyatda 215 milliard soʻmlik 75 ta loyiha amalga oshirildi. Jumladan, 439 oʻrinli 18 ta mehmonxona, 15 ta restoran va kafelar, 39 ta turoperatorlik subyektlari tashkil qilindi. 36 ta turistik avtobus va mikroavtobus, 6 ta elektromobil olib kelindi, sayyohlarga va shahar aholisiga sigveylar va velosipedlar ijarasi yoʻlga qoʻyildi. Sayyohlar tashrifi koʻp kuzatiladigan maskanlarda “Wi-Fi” zonalari, axborot markazlari, sayyohlar uchun turistik xaritalar va boshqa tarqatma materiallar tashkil etildi, 64 ta valyuta ayirboshlash bankomatlari oʻrnatildi.

Joriy yilda Samarqandga keladigan sayyohlar oqimini va ular uchun xizmatlar koʻrsatish koʻlamini ikki barobar oshirishni nazarda tutuvchi yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, bu yil viloyatga 500 ming xorijiy hamda 2,5 million mahalliy sayyohlarning kelishi kutilmoqda. Ularga munosib xizmat koʻrsatish, xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

3 597
Gʻolib Hasanov, OʻzA