O‘zA O`zbek

25.01.2020 Chop etish versiyasi

Samarqand Imom Moturidiy taʼlimotiga bagʻishlangan xalqaro anjuman mezboni boʻladi

Samarqand Imom Moturidiy taʼlimotiga bagʻishlangan xalqaro anjuman mezboni boʻladi

Shonli tariximizdan maʼlumki, Movarounnahrdan nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan koʻplab buyuk mutafakkir va allomalar yetishib chiqqan. Istibdod davrida ulardan koʻpining nomini tilga olish ham mumkin emasdi. Ayniqsa, musulmon dunyosida barchaga maʼlum va mashhur zotlarni ularni yetishtirgan ona xalqining oʻzi – oʻzbeklar tanimasligi juda ayanchli holat edi. Shukrki, Istiqlol yillarida milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalarimizni tiklash, ulugʻ allomalar merosini oʻrganish ishlari davlat siyosati darajasiga koʻtarildi – muqaddas qadamjolar taʼmirlanib, obodonlashtirilmoqda, yangi ilmiy-tadqiqot muassasalari ochilib, eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda.

Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham yangidan bunyod etilgan yosh ilmiy-tadqiqot muassasasidir.

Unga Prezident Shavkat Mirziyoyev qanchalik ahamiyat qaratishini oddiy bir dalil bilan izohlash mumkin – davlatimiz rahbari turli xalqaro tashkilotlarning yuksak minbarlaridan turib, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, maʼrifat va madaniyatlarni boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishda ushbu Markaz samarali platforma boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab kelmoqda. Nufuzli xorijiy mehmonlarning Oʻzbekistonga tashrifi dasturiga, albatta, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyorati bilan birga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishuv tadbiri ham kiritilmoqda.

“Gʻarbda – Rim, Sharqda – Samarqand”, degan naql “Roʻyi zamin sayqali” boʻlgan bu shahar faqat koʻplab yirik davlatlar poytaxti boʻlganinigina anglatmaydi. Bu taʼrif Samarqand koʻplab hukmdorlar orzusidagi poytaxt, shu bilan birga, ulugʻ alloma va mutafakkirlarni yetishtirgan, ularning xoki poyi uchun muqim makonga aylangan zamin boʻlganini ham ifoda etadi. Samarqand chin maʼnoda yer yuzining bezagi, koʻrkidir.

Joriy yil oʻtkaziladigan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanga mezbon etib aynan Samarqand belgilanganida ham ushbu shaharning jahon ilmi va tarixida oʻzining mumtoz oʻrniga egaligi va musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekaniga, qadimda uning ahli va mehmonlari qoldirgan merosning beqiyosligiga ishorat namoyon boʻladi. Samarqandning tanlanishi Imom Moturidiyning tabarruk maqbarasi joylashgan bu shaharda eng noyob va betakror maʼnaviy-ruhiy muhit mavjudligi bilan ham asoslanadi.

Konferensiya moturidiylik taʼlimotining tub mazmun-mohiyatini ochib berish, Imom Moturidiy merosini oʻrganish va uning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini xalqaro miqyosda targʻib etish kabi ishlar qamrovini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizdagi turli ilmiy-tadqiqot markazlari, qoʻlyozma fondlari, muzey va kutubxonalarda 100 mingdan ortiq nodir qoʻlyozma va toshbosma asar saqlanmoqda. Ular asosan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning asarlaridir.

Ularni sifatli saqlash va keng tadqiq etish kerak. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va xorijiy tadqiqot markazlari fondlarida qanday asarlar saqlanayotganini oʻrganishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda.

Bugungi kunda barcha qoʻlyozma fondlar oʻzidagi manbalarni kataloglashtirmoqda. Qaysi fond va markazda qanday qoʻlyozmalar mavjudligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotga ega boʻlish maqsadga muvofiq.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasidagi tashabbuslar boshqa sohalar qatorida ilm ahli uchun ham ayni muddao boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Davlatimiz rahbarining Oʻzbekistonda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarish maqsadida yurtimizda 2020-yilga “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berish toʻgʻrisidagi taklifi olqishlar bilan qarshi olingani bejiz emas.

Zero, Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishdek ulugʻ maqsadga faqat jadal islohotlar qatorida, ilm-maʼrifat va innovatsiya bilan erishish mumkin. Buning uchun esa tashabbuskor islohotchi boʻlib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash zarur.

Shu oʻrinda Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada alohida taʼkidlagan soʻzlarni keltirib oʻtish joiz:

“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm,

Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya,

Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”

Davlatimiz rahbari zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish barcha uchun uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligini dona-dona qilib aytganining sababi ham shunda.

Shavkat Mirziyoyev shu ezgu maqsadlardan kelib chiqqan holda, oqil, dolzarb, xalqchil tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkaziladi va buning uchun byudjetdan qariyb 2 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi. Yaʼni 2020-yildan boshlab, Oʻzbekiston tarixida ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, 2020-yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital taʼmirlanadi. 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, mamlakat boʻyicha ularning umumiy soni 141 taga yetkaziladi. 2021-yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik koʻrish uchun 348 ta tayanch maktabi belgilanib, 6 mingdan ortiq oʻqituvchining malakasi oshiriladi.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida Milliy malaka tizimi ishlab chiqilishi ham oʻziga xos odimlash boʻlishi shubhasiz. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasb boʻyicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda kamida 25 foiz va kelgusida 50-60 foizga yetkazish ham eng ilgʻor tashabbuslardan biri boʻldi. Bu boradagi yana bir muhim jihat shuki, oliy taʼlim qamrovini oshirish toʻlov kontraktiga bogʻliq boʻlib qolmasligi uchun talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobar koʻpaytiriladi.

Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini parallel ravishda rivojlantira olmaydi. Davlatimiz rahbari shuni inobatga olib, har yili ilm-fanning bir necha ustuvor yoʻnalishini belgilab olish tashabbusini ilgari surdi. Jumladan, joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Har bir oliy taʼlim muassasasi va ilmiy-tadqiqot maskani nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda joriy yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 700 dan ziyod olim va professor-oʻqituvchi chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuborilishini maʼlum qildi.

Bevosita ajdodlar ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish, islomshunoslik, qoʻlyozmalar bilan ishlash masalalariga keladigan boʻlsak, davlatimiz rahbari “jaholatga qarshi – maʼrifat” degan ezgu gʻoya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va doʻstlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targʻib etish mamlakatimizda dolzarblik jihatidan doimiylik kasb etgan masalalardan biri boʻlib qolaverishini maʼlum qildi.

Joriy yilda kalom ilmining buyuk namoyandasi Imom Moturidiy bilan birga, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy va boshqa allomalarning ilmiy merosiga bagʻishlangan anjumanlar, diniy bagʻrikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Bahouddin Naqshband bobomiz tavalludining 700-yilligi yuqori saviyada nishonlanadi.

Bularning barchasi Shavkat Mirziyoyev har bir sohaga yangi innovatsion gʻoyalarni olib kirish va tatbiq etishni dolzarb vazifa etib belgilar ekan, ajdodlar xotirasini tiklash, merosini oʻrganish va targʻib etishga ham alohida eʼtibor qaratayotganidan dalolat beradi.

Samarqandda oʻtadigan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanda islom olamining yetuk olimlari, taniqli ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu konferensiya Movarounnahrdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning merosini oʻrganish va targʻib qilish, nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlarni tadqiq etishda xalqaro hamkorlikni yana bir pogʻona yuqoriga koʻtarishi shubhasizdir.

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-

tadqiqot markazi direktori

38 341
OʻzA