O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Rossiyalik sayyoh yo‘qotgan qadrli narsa topildi

Rossiyalik sayyoh yo‘qotgan qadrli narsa topildi

Xorazm viloyati Xiva shahar “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan egasi noma’lum, unutib qoldirilgan qora rangli mobil telefon apparati topildi. 

Ushbu aloqa vositasini egasiga qaytarish maqsadida, Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan “Ichan qal’a” majmuasidagi savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilar, muzeylar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, mehmonxonalar ishchi-xizmatchilari hamda sayyohlik guruhlarining gid-tarjimonlari o‘rtasida so‘rov-surishtiruv harakatlari olib borildi.

Olib borilgan so‘rov-surishtiruv ishlari natijasida ushbu aloqa vositasi Rossiya Federatsiyasidan sayyoh sifatida kelgan Valentina Makeevaga tegishli ekanligi aniqlanib, unga shaxsiy telefoni qaytarib berildi.

Valentina Makeeva Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari bo‘lgan suhbatda ushbu telefon o‘zi uchun juda qadrli ekanligi, unda sayohat davomida olingan fotosuratlari va boshqa qimmatli bo‘lgan ma’lumotlar mavjudligini, sayohat davomida bu telefonni “Ichan qal’a”da joylashgan tarixiy ob’ektlar, ularning uzoq o‘tmishi, o‘ziga xos yuksak did bilan ishlangan koshinlari va me’morchiligiga mahliyo bo‘lib qanday qilib unutib qoldirganini, shundan keyin topa olmasdan yurganligini bildirdi.

Rossiyalik sayyoh Valentina Makeeva boshqarma xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

“Menga qadrli bo‘lgan, O‘zbekiston bo‘ylab sayohatim aks etgan fotosuratlarim saqlanayotgan telefonimni topib berganliklari uchun O‘zbekiston Ichki ishlar organlari, xususan, Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman", deya quvonch ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi.

Doniyor Sultonov, 
Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimi

1 972
O‘zA