O‘zA O`zbek

04.02.2020 Chop etish versiyasi

Rossiyalik blogerlar o‘zbek milliy taomlarini dunyoga tanitmoqda

Rossiyalik blogerlar o‘zbek milliy taomlarini dunyoga tanitmoqda

Rossiyalik blogerlar o‘zbek milliy taomlarini dunyoga tanitmoqda. “Summerdays” YouTube kanali yurituvchilari rossiyalik blogerlar Denis va Tanya Andijonga sayohat qildi. 

Denis va Tanya gastronomik turizm bo‘yicha blog yuritib, o‘z obunachilarini o‘zbek oshxonasining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirib boradi.

Bu ikkala bloger Andijon shahriga kelgan kunidayoq mashhur “Andijoncha choyxona palovi”ning tayyorlanish jarayonini suratga oldi va o‘z kanaliga joylashtirdi. Ushbu videolavha allaqachon 186 ming martadan ortiq tomosha qilindi. Viloyatga kelganlariga to‘rt kun bo‘lgan blogerlar bugungacha Izboskan tumanidagi xonadonlardan birida shavla tayyorlash, Andijon tumanidagi xonadonlardan birida “uy oshi” tayyorlash, Shahrixon shahridagi pichoqchi hunarmandlarning milliy pichoq tayyorlash jarayonlari haqidagi videolavhalarni o‘zlarining YouTube kanallariga joylashtirdi. Videolavhalar 540 ming martadan ortiq tomosha qilindi. 

Denis va Tanya shuningdek Andijon shahrining diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishish va ular haqida ham ko‘rsatuv tayyorlashni ham rejalashtirgan. Ma’lumot uchun: Denis va Tanyaning “Summerdays” YouTube kanali obunachilari soni 171 ming nafardan ziyod bo‘lib, kanalga joylangan videoroliklar 40 million martadan ortiq tomosha qilingan. Bu ularning O‘zbekistonga birinchi kelishlari emas. Ular avvalroq Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida ham bo‘lib, o‘z obunachilarini mazkur viloyatlarning o‘ziga xos taomlarini tayyorlash jarayoni bilan tanishtirgan. 

Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu YouTube kanalining obunachilari turli mamlakatlardan bo‘lib, ular o‘z izohlarida tez orada O‘zbekistonga sayohat qilish niyatida ekanliklarini bildirmoqda. “Ta’tilni Yevropadagi davlatlardan birida o‘tkazmoqchi edim, fikrimdan qaytdim. Yozgi ta’tilni albatta O‘zbekistonda o‘tkazaman”, – deb yozadi obunachilardan biri. 

22 060
O‘zA