O‘zA O`zbek

15.03.2019 18:39 Chop etish versiyasi

Rossiyada Oʻzbekistonning sayyohlik brendi elchisi tayinlandi

Rossiyada Oʻzbekistonning sayyohlik brendi elchisi tayinlandi

Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda Rossiyada Oʻzbekistonning sayyohlik brendi elchisi tayinlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakat sayyohlik agentliklari rahbarlari, oʻzbek diasporasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Rossiyadagi Oʻzbekistonning sayyohlik brendi elchisi etib Rossiya xalq artisti, taniqli aktyor, rejissyor va jamoat arbobi Yuriy Stoyanov tayinlandi. U bunday yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirar ekan, Oʻzbekiston bilan mustahkam rishtalar orqali bogʻlanganini qayd etdi.

Yuriy Stoyanovning onasi Ikkinchi jahon urushi yillarida Toshkentga koʻchib kelgan va uzoq vaqt shu yerda yashagan. Aktyorning oʻzi Oʻzbekistonga tez-tez kelib turadi va yurtimizni chinakam mehr bilan sevadi.

Elchi Rossiyada Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solishini taʼkidlab, barcha darajadagi tadbirlarda yurtimiz tarixi, madaniyati, milliy qadriyat va anʼanalari, bugungi erishayotgan yutuqlarini targʻib etishini bildirdi.

OʻzA
935