O‘zA O`zbek

09.07.2019 12:00 Chop etish versiyasi

“Registonda vaqt tushunchasi yo‘qoladi, go‘yoki abadiylikka daxldorsiz”

“Registonda vaqt tushunchasi yo‘qoladi, go‘yoki abadiylikka daxldorsiz”

Samarqand shahrida MDH davlatlarining I turizm yarmarkasi va MDH mamlakatlari Turizm kengashi ish boshladi.

Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan yuzlab turizm sohasi vakillari orasida ishtirok etayotgan MDH davlatlarining sport, madaniyat, turizm va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlik kengashi vakili Tatyana Kovalevaning fikrlari e’tiborimizni tortdi.

– Samarqandga O‘zbekiston Prezident saylovi o‘tkazilganda kuzatuvchi sifatida kelgan edim, – deydi Tatyana Kovaleva. – Shunda Samarqand tarixiy, shuningdek, u nafaqat o‘zbeklarning, balki bu yerga kelgan har bir inson qalbida muhabbat uyg‘otadigan shahar ekaniga guvoh bo‘lgan edim.

Bugun shahar yanada yuksalibdi, tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan maskanga aylanganiga guvoh bo‘ldim. Kecha kechqurun shunchaki shahar aylanib, Registon maydonidagi shouga tushib qoldik. Bunda milliy va zamonaviy musiqalar, turli ranglar, ritm va yoqimli havodan ko‘z va dil yayraydi. Qalbingizda vaqt tushunchasi yo‘qoladi, go‘yoki siz abadiylikka daxldorsiz. To‘g‘risi, birgina Registondagi ana shu hayratomuz holat dunyo ahlini bu yerga kelishiga arziydi.

Bugungi uchrashuvga qaytadigan bo‘lsak, MDH davlatlari o‘rtasida birinchi marotaba o‘tkazilayotgan turizm yarmarkasi O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etildi. Biz ham uni qo‘llab-quvvatladik. Zero, bu tadbirlar MDH davlatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishda qo‘l keladi. Biz kelgusidagi hamkorlik borasida maslahat qilamiz va reja ishlab chiqamiz. Undagi muhim voqealardan biri, sayyohlik borasida o‘n yilga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi ishlab chiqilishidir. Sohaga tegishli kadrlar tayyorlash, sayohat qilishning yanada taassurotlarga boy va qiziqarli bo‘lish borasida yangi loyihalar ishlab chiqish e’tiborda bo‘ladi.

Bugungi uchrashuvda sayyohlar uchun yangi yo‘nalishlar ochiladi. Ipak yo‘liga sayohat, restoran turizmi, YuNESKOga kirgan manzillar izidan borish shular sirasidan. Eng muhimi, hamkorlik borasida xavfsizlik masalalarini ta’minlash, yangidan yangi go‘zal maskanlar eshigini ochish borasida kelishib olinadi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, yurtimizga o‘tgan yili 5 million 300 ming sayyoh dunyoning ellikdan ortiq mamlakatidan tashrif buyurdi. Joriy yilda esa ularning sonini 6 million nafardan oshirish mo‘ljallanmoqda. Bunda esa MDH mamlakatlari o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar soning ortishi hamkorlik va ahil qo‘shnichilik ruhini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sayyora ShOEVA, O‘zA
3 122