O‘zA O`zbek

13.03.2019 16:22:26 Chop etish versiyasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga info-tur tashkil etilmoqda


Joriy yilning 14-16 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga info-tur tashkil etilmoqda.

Mazkur info-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz moddiy-madaniy meros ob’ektlarini xalqimizga tanishtirish va targ‘ib qilish hamda tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylashda ommaviy axborot vositalari rolini oshirishga qaratilgan.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Chimboy tumanida bu boradagi o‘zgarishlar, Xorazm viloyatining o‘ziga xos azaliy qadriyatlari, mingyillik me’moriy obidalarini, Urganch tumanida joylashgan “Ulli hovli” va Xiva shahridagi “Nurullaboy” majmualari bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ladi.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida turizm sohasini tubdan takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xodimi Sherzod Sultonov. – Prezidentimizning 2018 yil 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida ham aynan shu tizimni rivojlantirishga, turizm sohasi sub’ektlari va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari uchun info-tur tashkil etish bo‘yicha qo‘mitamizga ko‘rsatmalar bergan edi. Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, qo‘mita tomonidan bir guruh jurnalistlar uchun info-tur uyushtirilmoqda. Maqsadimiz yurtimizning turizm salohiyatini yanada ko‘tarish, xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb qilib, ichki turizm ravnaqi yo‘lida mustahkam poydevor o‘rnatishga qaratilgan.