Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 15:09 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyati: yutuqlar va istiqbol

Qarshida “Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyati: yutuqlar va istiqbol” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Turizm olami” jurnali hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari, muzey va qo‘riqxonalar xodimlari, turistik firmalar vakillari, professor-o‘qituvchilar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda turizm sohasini iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy jihatdan jadal rivojlantirish, hududlarning turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qashqadaryo zamini o‘zining boy tarixi, qadimiy osori-atiqalari, o‘tmish yodgorliklari, betakror tabiati bilan soha rivojida muhim o‘rin tutadi.

– Viloyatda bugungi kunda 1 ming 311 madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 1 ming 41 tasi arxeologiya, 200 tasi arxitektura, 43 tasi haykal va 27 tasi diqqatga sazovor joylardir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Akmaljon Umrzoqov. – Bu madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bilan birga, ularda rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borish juda muhim. Ayniqsa, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, G‘uzor va Qarshi tumanlarida bu kabi milliy merosimiz namunalari ko‘p. Harakatlar strategiyasining o‘nga yaqin bandi turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishida so‘zlagan ma’ruzasida belgilangan ustuvor vazifalar zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi. Masalan, xalqaro aeroportning yangi terminalini ishlab chiqish, turizm obyektlariga tashriflarni uyushtirishda turistlar va ekskursantlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Tadbirda viloyatning boshqa tumanlarida ham sayyohlik yo‘nalishlarini ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, ekoturizmni yanada rivojlantirish, Muborak tumani cho‘llariga safar uyushtirish kabi bir qator loyihalar taqdim etildi. Turizmni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi tahlil qilinib, Qashqadaryoning ochilmagan turizm yo‘nalishlari va foydalanilmayotgan imkoniyatlar bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.

Viloyatdagi har bir tumanning turistik xaritasini tuzish, ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini qabul qilish, turizmni rivojlantirish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli kredit mablag‘i ajratish, turistik firmalarga litsenziya berish tartibini soddalashtirish, agroturizm, etnografik turizmni rivojlantirish, mehmonxona va servis xizmati imkoniyatlarini kengaytirish, turistik marshrutlar hamda viloyat qo‘riqxonalarini jahon standartlari darajasida takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

O‘lmas Barotov, O‘zA 

1 270






Все о погоде - Pogoda.uz