O‘zA O`zbek

14.10.2019 Chop etish versiyasi

Ozarbayjon G‘arb va Sharq sivilizatsiyalarini bog‘lovchi ko‘priq

Ozarbayjon G‘arb va Sharq sivilizatsiyalarini bog‘lovchi ko‘priq

Turizm – jahonda so‘nggi yillarda tez taraqqiy etib borayotgan sohalardan biri bo‘lib bormoqda. Har yili millionlab kishilarning dam olish va sayohatga chiqish niyatida yo‘lga otlanishi natijasida bu tarmoq kun sayin kengayib bormoqda. 

Bu borada Ozarbayjonda ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan Ozarbayjon hududlari ming yillar davomida savdogarlar to‘xtab o‘tadigan manzillardan biri bo‘lib kelgan edi.

XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Bokudagi karvonsaroylar dunyoning barcha burchaklaridan kelgan savdogarlar bilan to‘lib toshgani tarixdan ma’lum. 


Ekspertlarning fikricha, Ozarbayjonda zamonaviy turizm o‘tgan asrning 80 yillarida tezlik bilan taraqqiy eta boshladi. 1987 yilda bu borada eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. O‘sha yili respublikaga dunyoning 50 ta mamlakatidan 250 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurdi. 

Sayyohlar oqimi ko‘payib borishi sababli hukumat respublikada yangidan-yangi mehmonxonalar qurish haqida qaror qabul qildi.

1990 yillar boshlarida Ozarbayjondagi turizm sohasida bir qator muammolar uchradi. Biroq mustaqillik yillarida turizmga katta e’tibor qaratilgani bois, bu soha rivojlana boshladi. Mamlakatning yirik va qadimiy shaharlarida xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga qodir zamonaviy mehmonxonalar bunyod etila boshlandi. 

Respublikaning barcha mintaqalarida sayyohlarga mo‘ljallangan turistik kompaniyalar tashkil etildi. 

Shuningdek, zamon talablariga to‘la mos keladigan xususiy sog‘lomlashtirish markazlari ham faoliyat yurita boshladi. Bir yilda respublikaga keluvchi xorijiy sayyohlar soni 1 milliondan oshib ketdi. 
Bugungi kunda Ozarbayjonda 130 dan ortiq muzey, galereya va ularning filiallari faoliyat ko‘rsatadi. 6308 ta tarixiy va madaniyat yodgorligi ro‘yxatga olingan. Uchta yodgorlik esa - Bokudagi “Icheri shexer“, “Qiz qalasi” va “Qobustan” - YuNESKO Madaniy Meros ro‘yxatiga kiritilgan. 

Qobuston, Beyuk-dash, Kichikdash, Jingirdag, Shongardag va Shixgaya tog‘laridagi qoyatosh suratlari ibtidoiy odamlarning manzilgohlari, qalalar, qabrlardagi yozuvlar ozarbayjon xalqining ming yillik tarixini namoyon etmoqda. 

Mamlakat poytaxti Bokudagi Icherishexer qalasi, Shirvanshaxlar saroyi, Siniq Qala, Qiz qalasi, Savdo majmualari kabi yodgorliklar kishini o‘zishga jalb qiladi. Shaharda 7 teatr, 30 ga yaqin muzey (jumladan, Sanat muzeyi, Ozarbayjon gilamlari muzeyi, Xalq amaliy sanati muzeyi) mavjud. 

Shahar atrofidagi diqqatga sazovor joylardan biri Otashgoh majmuasi va ochiq osmon ostidagi Qobuston muzeyi hamisha sayohatchilar bilan gavjum.
Ozarbayjon tarixi muzeyi – shahardagi eng ko‘rkam binolardan biri bo‘lib Respublika bosh muzeyi hisoblanadi. Muzeyda 300 000 dan ortiq eksponat bor.


Ozarbayjonda neft bilan davolashga alohida e’tibor qaratiladi. Davolashning bu usuli orqali inson organizmida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishi isbotlangan. Shu maqsadda respublikada ko‘plab shifoxona va kurortlar tashkil etilgan. 

Davolash muassasalari sayyohlik markazi ham sanaladi. Dunyoda yagona hisoblanmish Naftalandagi davo maskanlariga minglab turistlar tashrif buyuradi. Tahlilchilar turizm Ozarbayjonda jadal suratlarda taraqqiy etayotganini ta’kidlashadi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Har yili sayyohlar oqimi o‘rtacha 10-11% o‘smoqda. Bu o‘z navbatida yangidan yangi dam olish hududlari va mehmonxonalar barpo etilishiga sabab bo‘lmoqda. Ozarbayjon Madaniyat va turizm vazirligi sohani rivojlantirish maqsadida jahonning turli mamlakatlarida, jumladan Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro sayyohlik ko‘rgazma va yarmarkalarida muntazam ishtirok etib keladi. Respublikada may- oktabr oylari sayyohlik mavsumi deya tan olingan. 

Ozarbayjon g‘arb va sharq sivilizatsiyalarni bog‘lovchi ko‘priqdir. Bu mamlakat diqqatga sazovor joylari va go‘zal tabiati bilan e’tiborlidir. Boku markazida do‘konlar ertalabki 9:00da ochilib, tun yarmiga qadar ishlaydi. Narxlar bozor va yarmarkalarda nisbatan arzon bo‘lib, xaridor albatta sotuvchi bilan savdolashishi kerak. 

Ozarbayjon oshxonasi haqida ham albatta to‘xtalib o‘tish kerak. Ozarbayjon taomlari asosan go‘sht, baliq va sabzavotlardan tayyorlanadi. Ozarbayjonlar ham xuddi o‘zbeklar singari palovni
milliy taom sifatida tan olishadi. Bu yerda oshning 40 dan ortiq turi bor. Shashlik haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Ozarbayjonliklarning shirinliklari ham sayyohlarning og‘zida ancha vaqt qolsa ajabmas.

Respublikaning barcha burchaklarida choyxonalarni uchratish mumkin. Shu sababli ham ozarbayjonlarni, xuddi o‘zbeklar singari choyxo‘rlar deb atash mumkin. O‘zbeklarda choy piyolalarda ichilsa, ozarbayjonlarda kichik shisha stakanlarda beriladi. 

Mustaqillikka qadar Ozarbayjon neftdan ko‘ra ko‘proq uzumchilikdan foyda ko‘rardi. Bu faktning o‘ziyoq respublikada qadimdan uzumchilik rivojlanib kelganligini ko‘rsatadi. Arxeologik qazishmalar eramizdan avvalgi 3 asrdayoq mintaqada uzumchilik va vinochilik rivojlanganligidan dalolat beradi. 

Ozarbayjonda qadim-qadimdan buloq suvi, balchiq, neft orqali davolash yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakat davolash uchun mo‘ljallangan neftni eksport qilish bilan olamga tanilgan. Shu sababli ham Ozarbayjon kurort o‘lkasi deb ataladi. Bugungi kunda respublikada tibbiyot turizmi rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 


2007-yilda prezident Ilhom Aliev “Ozarbayjon kurortlari” deb nomlangan Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. 2009-yilda esa Vazirlar Mahkamasi “Kurortlarning Namunali Ustavi” to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

So‘nggi uch yilda Ozarbayjonda oltida Besh yulduzli mehmonxona foydalanishga topshirildi. Naftalanda mehmonxonalar soni ortib bormoqda. Bugungi kunda Naftalan shahrida 3ta besh yulduzli mehmonxona bor. 

4 031
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA