O‘zA O`zbek

14.04.2020 Chop etish versiyasi

Osiyoning mashhur kurortlarida bugun nima gap?

Osiyoning mashhur kurortlarida bugun nima gap?

Karantin Janubiy-Sharqiy Osiyoda kurortlaridagi anʼanaviy holatni butunlay oʻzgartirib yubordi. Plyajlar boʻm-boʻsh, qirgʻoqlarda delfinlar paydo boʻlgan. Shahar koʻchalarini baʼzan shoxdor jonivorlar kezib yuribdi. Doʻkonlarda hama narsa bor, binobarin, Bangkokda alkogol sotish taqiqlangan. Keling, Osiyodagi butun dunyo sayyohlari eʼtiborini yil davomida jalb etib turadigan eng mashhur dam olish hududlarining bugungi kuniga navbatma-navbat nazar tashlaymiz.

Vyetnam

Vyetnam koronavirusni yengishni uddaladi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda 255 dan ziyod bemor boʻlsa-da, oʻlim holati biror marta ham qayd etilgani yoʻq. Sogʻayganlar esa 144 nafar. Shunga qaramasdan, profilaktika choralari haliyam qatʼiy amal qilmoqda. Juda koʻp mashhur sayyohlik manzillari fevral oyidan buyon yopiq. 16-martdan boshlab Vyetnam fuqarolari ham, xorijliklar ham koʻchada tibbiy niqob bilan yurishlari shart qilib qoʻyilgan.

Cheklovlar, oʻz navbatida kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. “Fantastika! Nyachangda yana delfinlar paydo boʻldi, — deydi 6 yildan beri shu yerda yashayotgan Janna Mokrushina. — Bir tomondan, kemalar shovqini ancha kamaygan, goʻzallik, ekzotika koʻproq”.

Plyajlar hozir berk. Mahalliy aholi va sayyohlarga faqat oziq-ovqat doʻkoni, dorixona va ishga borish uchun ruxsat bor. Hamma joyga kirishda tana harorati oʻlchanadi.

Shaharlar ham kurortlar ham kimsasiz. Politsiya koʻchada yurganlarni haydaydi. Savdo markazlari yopiq. Sayyohlarning aytishicha, doʻkonlarda hech bir mahsulot tanqisligi kuzatilgani yoʻq. Buning ustiga, masalan, Xoshiminda ehtiyojmand oilalarga guruch tekin berilyapti. Nyachangda yaqinda restoran egalari Andrey va Anna 50 dan ziyod kishiga bepul tushlik tarqatishdi.

Nyachangdagi “rus orolchasi” — Gorkiy xiyoboni ham faoliyatdan toʻxtagan. Aslida, bu makonning nomi “Markaziy”, ammo negadir, koʻpchilik yuqoridagidek ataydi. Odatda, ushbu bogʻ doimo gavjum boʻlardi. Har qadamda oʻyin-kulgi, xush kayfiyat hukmron edi. Kafelar ishlab turardi, musiqachilar kuy chalishardi.

Tailand

Tailandda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat Vyetnamga qaraganda ancha ogʻir. Infeksiya taxminan 2500 kishida aniqlangan. Tabiiyki, kasallik yuqtirganlar orasida mamlakatning kurort zonalarida dam olish uchun kelgan xorijiy fuqarolar ham koʻp.

Davlat virusga qarshi keskin choralar koʻryapti. Barcha hududlarda 22.00 dan 04.00 gacha komendantlik soati joriy qilingan. Sayyohlarga xizmat koʻrsatayotgan gidlardan birining aytishicha, “Bu usul xavfsizlik nuqtayi nazaridan qoʻllangan, chunki, masalan, Pattayya shahrida kechalari koʻchalar dezinfeksiya qilinadi. Bundan tashqari mahalliy aholining koʻpchiligi ishidan ayrilgan, shu bois jinoyatchilik koʻpayishi ehtimoli yuqori, kriminogen vaziyat yomonlashgan".

Hozircha plyajlarga kirish butunlay taʼqiqlangani yoʻq. “Pattayyada plyajlar ishlab turibdi, faqat koʻpchilik boʻlib toʻplanmaslik talab etiladi, — deya vaziyatga aniqlik kiritgan gid. — Karantin payti dengizni hech kim yopgani yoʻq, biroq, masalan, Pxuketning Patong tumanida qatʼiy oʻz-oʻzini yakkalash rejimi amal qilmoqda. Hatto, koʻchaga chiqish ham mumkin emas. Suv, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlarni uyga keltirib berishyapti”.

Aytishlaricha, ayrim orollar hududiga kirib-chiqish mutlaqo man etilgan.

Park va xiyobonlar 25-martdan buyon mehmonlarni qabul qilmayapti. Sayyohlar yoʻqligi dam olish maskanlari byudjetiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Maʼlumki, dunyoning koʻpgina davlatlaridan kelgan sayyohlar uchun fil ekzotik jonivor hisoblanadi. Tailand park va xiyobonlaridagi fillar odatda, muayyan toʻlov evaziga turli tomoshalar koʻrsatadi, sayyohlarni ustiga mindirib olib, sayr qildirishadi. Egasi yoki kuzatuvchisi bilan birga, albatta. Shu kunlarda yuzlab mana shunday turistik xizmat koʻrsatuvchi fillar hayoti xavf ostida qolmoqda — jonivorlar “oʻzlarini oʻzlari boqa” olishmayapti. Zero, birgina filning faqat qornini toʻydirish uchun kuniga 300 kilogramm ozuqa kerak boʻladi. Yana boshqa xarajatlar ham bor. Ikki mingdan ziyod xartumlilar “ishsiz” qolishdi. Boshqacha aytganda, virus mamlakat turizm sanoatini izdan chiqardi. Bu fikrlar Tailand fillar assotsiatsiyasi prezidenti Tirapat Trungprakanga tegishli.

Tailanddagi barcha savdo markazlari faoliyati toʻxtagan. Faqat oziq-ovqat sotiladigan supermarketlar va dorixonalar ishlab turibdi. Restoran va kafelar, sartaroshxonalar, massaj salonlari, stadionlar, kinoteatrlar, fitnes-markazlar taqa-taq berk. Mamlakat poytaxti va yana bir necha provinsiyalarda spirtli ichimliklar bilan savdo qilish man etilgan.

Binobarin, shunday murakkab vaziyatda ham doʻkonlarda mahsulotlar taqchilligi umuman sezilmayapti. Eng muhimi narx-navo joyida, koʻtarilmagan. Aksincha, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, masalan mavsumiy mevalar arzonlashgan.

Tailandda hozir shunchaki koʻchalarni aylanib yurish mumkin emas. Komendantlik soati jorif etilganligi sababli, tunda uydan chiqishga ruxsat yoʻq, kunduzi tibbiy niqob taqish majburiy. Yaqinda Pxuket orolida belgilangan qoidalarni pisand qilmay, plyaj yoqalab bemalol yurgan bir fransuz sayyohi qoʻlga tushibdi. Maʼlum boʻlishicha, unga 20 ming bat (taxminan 6 750 000 soʻmga teng) jarima jazosi qoʻllanishi mumkin ekan.

Indoneziya

Indoneziyada oʻtgan hafta soʻngida COVID-19 bilan kasallanganlar soni 2700 dan oshdi, 220 dan ortiq bemor halok boʻldi.

Shunday boʻlsa-da, ushbu davlatda joylashgan dunyoning eng maftunkor orollaridan biri Balini koʻpchilik xorijlik sayyohlar tark etishni xohlashmayapti. Maʼlum boʻlishicha, ikki mingga yaqin Xitoy, AQSH va Yevropa mamlakatlari fuqarolari hukumatdan vizalarini uzaytirib berishni soʻragan.

Qoidalar endi-endi qatʼiylashyapti. “Indoneziya chegaralarni yopdi, — deydi Bali boʻyicha gid Ariya Pande. — Hozir ishlamayapmiz, avia qatnovlar tiklanishini kutyapmiz. Umuman olganda, orolda hayot kechirish uchun muammo yoʻq: doʻkonlar ochiq, hamma narsa bor, taqchillik sezilmaydi. Faqat kurortlar, plyajlar sayyohlarni qabul qilmayapti ”.

Nepal

Nepalda ham hozir sayyohlar ancha kamaygan. Ular ham, plyaj ishqibozlari emas, balki asosan trekking yoki alpinizm bilan shugʻullanuvchilar. Everest choʻqqisiga koʻtarilish 14-martdayoq toʻxtatilgan. “Dunyo tomi”ga chiqishni xohlovchilar uchun, agar hammasi joyiga tushib ketsa, 30-apreldan keyin yoʻl ochiladi. Nepal poytaxti Katmandu shahri yaqinida joylashgan, doim xorijlik sayyohlar bilan gavjum boʻladigan Lalitpurdagi Durbar maydonining eng aziz mehmonlari ayni payt — qushlar.

Sayyohlarning aytishicha, doʻkonlar, bozorlar ochiq. Buning ustiga ayrim joylarda oʻtirib olib, kofe ham ichish mumkin.

Shunga qaramasdan, ayrim shaharlar koʻchalariga vaqti-vaqti bilan yovvoyi hayvonlar oralab qoladi. Masalan, kuni kecha bir qoʻtos Chitvandagi milliy park hududini tark etib, shu yaqin oradagi aholi punktini sayr qilib chiqdi. Tabiiyki, koʻchada yurgan kam sonli yoʻlovchilar “kutilmagan sayyoh”ni koʻrib, tumtaraqay qochishdi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda hazil aralash izohlar paydo boʻldi: “Changalzordan kelgan mehmon bizga karantinga rioya qilish shartligini eslatib qoʻydi”.

Internet materiallari asosida
Gʻayrat XONNAZAROV tayyorladi,

20 517
OʻzA