O‘zA O`zbek

06.03.2019 17:59:01 Chop etish versiyasi

Olmaota – nostalgiya va trolleybusda sayohat...


Samolyotdan tushishimiz bilan dimogʻimizga tanish, yoqimli is urildi. Biz oʻzimizni boshqa yurtda emas, xuddi Toshkentdagidek his qildik. Goʻyoki bir soat davomida uchgan samolyot bizni oʻzga yurtga emas, qadrdon yerimizga olib kelgandek edi.

Olmaota shahri bizni shunday iliq qarshi oldi. Aeroportdan shahar markaziga qarab yurarkanmiz, haqiqatan ham, Oʻzbekiston va Qozogʻiston ming yillik qadrdon xalq vakillari ekanligiga yanayam ishonch hosil qildik. Koʻchalar, shamollar, odamlar ham xuddi oʻzimizdagidek. Shaharning baʼzi jihatlari esa 10 yil avvalgi Toshkentni eslatib yuboradi va sizda nostalgiyani qoʻzgʻagandek boʻladi. Olmaotadagi Toshkent nostalgiyasini quyidagilarda koʻrdim:

Bilasizmi, Olmaotada 10-15 yil avval Toshkent koʻchalarida ezmalanib yurgan shoxli trolleybuslarni uchratish mumkin. Sovet Ittifoqi davridan qolgan koʻp qavatli uylar va maʼmuriy binolarni tomosha qilib trolleybusda sayr qilarkansiz biroz Olmaotani yaqin tarixiga qaytgandek boʻlasiz. Ammo, koʻchalardagi gʻarb mashinalarining koʻpligi yangi koʻpriklar va Osmonoʻpar binolar sizga Olmaotani bugunini eslatib turadi. Shaharda katta-kichik daraxtlar shu qadar koʻpki, erta bahorda, yozda ular yam-yashil boʻlib, olmalar shahriga qanchalar tarovat bagʻishlashini tasavvur qilish mumkin. Uzoqda qorli togʻlar yastanib yotibdi, shahar ichida esa hayot qaynamoqda, qozoqcha-ruscha yozuvli turli binolar yonidan trolleybus sekin ketib boradi. Asfalt yoʻllar tekis, “yama”lar uchramaydi, avtomobillar tartibli harakatlanadi. Yoʻlni duch kelgan joyidan kesib oʻtuvchi odamlarni uchratmaysiz. Koʻchada militsiya, YPX xodimlari deyarli koʻrinmaydi. Olmaotadan 1997 yilda poytaxt maqomi olib tashlangan. Olmaotaliklarning aytishicha bu bilan shaharda rivojlanish toʻxtab qolgan emas. Davlat idoralari Ostonaga koʻchib oʻtgan boʻlsa-da, shahar avval poytaxt boʻlganini eslatib turuvchi binolar talaygina. Misol uchun, Qozogʻiston davlat muzeyi ham Olmaotaning avval madaniyat markazi, poytaxt boʻlganidan darak beradi. Muzeyda Qozogʻiston tarixi bilan bogʻliq mingdan ortiq eksponatlar borligi aytiladi. Shahar markazidagi koʻrkam tarixiy binolardan yana biri, “Qozogʻiston” mehmonxonasidir. Olmaotaliklar bu tarixiy bino bilan faxrlanadi. Mehmonxonadan sal nariroqda Olmaotani qush parvoz etadigan tepalikdan tomosha qilishga olib chiquvchi kanatli yoʻl “Koʻk tobe” tepaligi bor. Ming tengega (12 ming soʻm) “Koʻk tobe” kanatli yoʻlida sayr qilsangiz, Olmaota sizga kaftdek namoyon boʻladi. Bu albatta, trolleybusda sayr qilishdan koʻra zavqliroq. “Koʻk tobe” tepaligidan togʻlar orasida chiroqlari oʻchib-yonib jilovlanayotgan shaharni, unda toʻxtovsiz manzilga shoshilayotgan mashinalar va harakatsiz qotgan yirik qutisimon binolarni tomosha qilish mumkin. Aytgancha, tepalikka oʻrnatilgan “Beatles” guruhi haykali bilan suratga tushishni yoddan chiqarmang.

Trolleybus doʻkon, ofis va restoranlar yoyilgan koʻchalar boʻylab sekin boradi. Olmaotada ham zamonaviy ofislarni koʻpayib, milliylik biroz kamayib borayotganini payqash mumkin. Ammo, milliylik yoʻq deyishdan yiroqmiz. Milliylik ruhini Olmaota markazidagi mustaqillik monumentida sezish mumkin. Unda qanotli bars yelkasida tik turgan qozoq yigiti tasvirlangan. Uning qoʻllarida burgut va kamon oʻqi boʻlib, bu haykal mamlakat mustaqilligining ramzi hisoblanadi. Monument atrofi Qozogʻistonning turli muhim tarixiy voqealari aks etgan haykal kompozitsiyalar bilan oʻralgan. Olmaota sirki koʻrinishida ham milliylik ufurib turibdi. U 1972 yilda qurilgan va hozirgacha shahar koʻrki sanaladi.

Olmaotaning eng jozibali joylari Alatau togʻlaridir. Togʻlarning qoʻynida joylashgan “Shimbuloq” dam olish maskanida togʻ changʻisi bilan shugʻullanish uchun talab etiladigan barcha zamonaviy qulayliklar bor.

Trolleybus bilan Olmaotaning markaziy masjidiga yetib boʻlmaydi ammo, masjidni ham ziyorat qilishdan qochmang. U bizdagi masjidlardan oddiy va sodda arxitekturasi bilan farq qiladi. Olmaotaliklarning aytishicha bu Islom dinining odamlarga yaqin va oddiylikdan iboratligiga ishora qiladi. Masjidda ayollar va erkaklar uchun alohida namozxonalar mavjud.

Trolleybusda orqa oʻrindiqqa joylashib, Olmaotani sayr qilish zavqli. Trolleybus menga talabalik davrimni yodga soladi. Olmaotaning bir-birini takrorlamas koʻchalarini esa men negadir Toshkentga oʻxshataveraman. Xadra maydonidagi sirkka oʻxshab ketuvchi Qozoq sirki, Sovet Ittifoqi davridan Toshkentga yodgorlik qolgan fontanlarni ham Olmaotaning favvoralariga qiyoslash mumkin. Yoʻl chetida taksiga qoʻl siltayotgan odamlar, trolleybus eshiklari ochilib-yopilganda chiqib-tushayotgan yoʻlovchilar ham bizga begona emasdek. Koʻp narsalar oʻxshash va yaqin. Davlatlarimiz orasidagi chegaralar shunchaki ramziy u azaliy qadrdon boʻlgan xalqlarning doʻstligiga raxna sola olmagan. Bu gaplarga ishonmasangiz qoʻshni davlatning olmalar shahriga sayohat qilib koʻring. Trolleybusda yoʻl kira haqi 100 tenge.

Anora Sodiqova,
Toshkent-Olmaota-Toshkent