O‘zA O`zbek

11.03.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Germaniyaning “TUI Group” kompaniyasi targ‘ib qiladi

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Germaniyaning “TUI Group” kompaniyasi targ‘ib qiladi

“ITB Berlin 2019” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Germaniyaning “TUI Group” kompaniyasi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda turizm sohasidagi asosiy tendensiyalar va yangiliklar haqida fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida germaniyalik hamkorlar mamlakatimizda joriy etilayotgan vizasiz tartibni ijobiy baholagan.

Без названия (1).jpg

“TUI Group” kompaniyasi asosiy faoliyat turi sohil bo‘yida va dengizda sayyohlik turlarini tashkil etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlarini “Gebeco GmbH & Co. KG” sho‘ba korxonasi orqali davom ettirishni ma’lum qildi.

Mamlakatimizga har yili o‘rtacha 5 million sayyoh keladi. Uchrashuvda mamlakatimiz delegatsiyasi yurtimizning turistik salohiyatini kompaniya axborot resurslarida keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni taklif etdi va bu Germaniya kompaniyasi vakillari tomondan ijobiy qabul qilindi.

Без названия.jpg

Shundan so‘ng ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Germaniya kompaniyasi mamlakatimiz turizm imkoniyatlari haqida foto, video va matnli ma’lumotlarni o‘z internet nashrlarida chop etish hamda O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati haqida tegishli mutasaddilarning intervyularini e’lon qilin borishni ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, “TUI Group” 1 ming 600 ta sayyohlik agentligi, 380 dan ortiq mehmonxona, 150 ta samolyotga ega 6 ta aviakompaniya, 16 kruiz kemasi, ko‘plab chakana savdo do‘konlari hamda ularda band 70 mingdan ziyod xodimlarni o‘z ichiga olgan sayyohlik kompaniyasidir. Kompaniyaning 2018 yilgi moliyaviy holati 19,5 milliard yevroni tashkil etgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
bilan hamkorlikda tayyorlandi

2 541
O‘zA