O‘zA O`zbek

25.03.2019 10:22:01 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar Ozarbayjonda


Turizm – jahonda tez taraqqiy etib borayotgan sohalardan biri bo‘lib qoldi. Har yili millionlab kishilarning dam olish va sayohatga chiqish niyatida yo‘lga otlanishi natijasida bu tarmoq kun sayin kengayib bormoqda. Ayni yo‘nalishda Ozarbayjonda ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi H.Aliev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar uchun media-tur tashkil qildi.

Toshkentning Islom Karimov nomli xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilgan samolyot roppa-rosa ikki yarim soatdan keyin Bakudagi H.Aliev nomli xalqaro aeroportga kelib qo‘ndi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar aeroport VIP zalida kutib olindi va shahardagi nufuzli “Pulimon” mehmonxonasiga joylashtirildi.

Ekspertlarning fikricha, Ozarbayjonda zamonaviy turizm o‘tgan asrning 80 yillarida tezlik bilan taraqqiy eta boshladi. Sayyohlar oqimi ko‘payib borishi sababli hukumat respublikada yangidan-yangi mehmonxonalar qurish haqida qaror qabul qildi.

1990-yillar boshlarida Ozarbayjonda turizm sohasi bir qator muammolarga uchradi. Biroq mamlakatning yirik va qadimiy shaharlarida xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga qodir zamonaviy mehmonxonalar bunyod etila boshlandi.

Respublikaning barcha mintaqalarida sayyohlarga mo‘ljallangan turistik kompaniyalar tashkil etildi. Shuningdek, zamon talablariga to‘la mos keladigan xususiy sog‘lomlashtirish markazlari ham faoliyat yurita boshladi.

photo5242718050124409796.jpg

Bugungi kunda Ozarbayjonda 130 dan ortiq muzey, galereya va ularning filiallari faoliyat ko‘rsatadi. 6308 ta tarixiy va madaniyat yodgorligi ro‘yxatga olingan.

Uchta yodgorlik esa – Bokudagi ”Icheri shexer”, ”Qiz qalasi” va “Qobustan” – YuNESKO Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Mamlakat poytaxti Bokudagi Icherishexer qalasi, Shirvanshohlar saroyi, Siniq Qala, Qiz qal’asi, Savdo majmualari kabi yodgorliklar kishini o‘ziga jalb qiladi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar avvaliga Icherisheher qal’asini aylandi. Ozarbayjoncha İçəri şəhər-Bakudagi tarixiy – arxitektura qo‘riqxonasining atrofi mustahkam devorlar bilan o‘rab olingan. Maydoni 221 ming m² bo‘lgan mazkur qo‘riqxonada 1300 dan ortiq oila istiqomat qilar ekan.

Qo‘riqxona hududlariga bronza davridayoq odamlar kelib o‘rnasha boshlagan. Arxeologik qazishmalarga ko‘ra, bu yerda VIII - XI asrlarda odamlar zich yashagan, savdo va hunarmandchilik rivojlangan.

XV asrda Shirvanshoh o‘z qarorgohini Shemaxidan Bakuga ko‘chirib keladi. Qarorgoh Icheri shexerga joylashadi. Shu tariqa 1747 yildan 1806 yilgacha Baku (asosan Icheri shexer) xonlik poytaxtiga aylanadi. 1806 yildan so‘ng Baku rivojlana boshlaydi va kengayib Icheri shexerdan tashqariga ham chiqib ketadi.

1977 yilda Icheri shexer tarixiy-arxitektura qo‘riqxonasi, deya e’lon qilinadi, 2000 yilda esa Shirvanshohlar saroyi va Qiz qalasi bilan birgalikda YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritiladi.

Ozarbayjonlarning ”Ahmad qaerda?”, ”Arshin mololan” va ”Qaynona” filmlarini sevib tomosha qilamiz. Icheri sheherda filmga hurmat ma’nosida ”Qaynona” degan qahvaxona ochishibdi.

“Brilliant qo‘l” filmini ko‘rmaganlarning o‘zi bo‘lmasa kerak. Mana shu filmning ayrim sahnalari Bakuda suratga olingan.

Filmdagi “Chert poberi” (o‘zbekchasi ”Jin ursin”) degan so‘z esingizdami? Nikulin tasodifan, Mironov ataylab yiqilgan joyda kichkina va mo‘jazgina “Brillaint qo‘l” degan qahvaxona ochishibdi. Shu qahvaxonalar oldidan o‘tar ekanmiz, bizda ham ”Shum bola”, ”Suyunchi” , ”Chinor ostidagi duel”, ”O‘tkan kunlar” va boshqa kinolar nomi ostida qahvaxonalar ochiladigan vaqt kelmadimikan?” degan o‘y o‘tdi.

Icheri sheherda oddiy bochkalardan ham sanat asarlari yaratishlariga guvoh bo‘ldik.

Baku buyuk insonlar shahri va shu bilan birga, buyuk shahar ekan.. Har qadamda ”Bu uyda ... yashagan” degan lavha bor. Toshkentda ham Erkin Vohidov, G‘afur G‘ulom, Muhiddin Qori Yoqubov, Tamaraxonim, Isohar Oqilov va boshqalar istiqomat qilgan uylarda shu kabi lavhalar bor. Ammo Baku tajribasini ommalashtirish kerakka o‘xshaydi.

photo5242718050124409798.jpg

Bakudagi eng buyuk va eng diqqatga sazovor yodgorlik sifatida Icheri sheherdagi Qiz qal’asi tan olinadi.

Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bu kabi tarixiy obida Sharq mamlakatlarining birortasida ham uchramas ekan. Hozircha yodgorlikning qachon va kim tomonidan nima maqsadda qurilgani borasidagi bahs-munozaralar davom etmoqda.

Ko‘plab tarixchilarning fikricha, ayni damda Bakuning ramzi bo‘lmish bu obida eramizning boshlarida bunyod etilgan. Biroq binoning eramizdan avvalgi asrlarda qurilganini aytuvchi tarixchilar ham bor.

Yana bir guruh tarixchilar obida 6 asrlarda qurilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni o‘rtaga tashlashadi. Yana ba’zi olimlar Qiz qal’asi birdaniga emas, asta-sekin bunyod etilganini aytishadi.

Tarixchilarning so‘zlariga qaraganda, 12 asrda Qiz qal’asi Shirvanshohlarning eng mustahkam qal’alaridan biri sifatida tan olingan.

Arxeologlar qal’a atrofidan eramizdan avvalgi 6 - 5 asrlarga oid qadimiy odamlarning qoldiqlarini, ularga tegishli mehnat qurollarini va harbiy qurol-yarog‘larni topishga muvaffaq bo‘ldilar.

Mazkur noyob inshoot toshdan bunyod etilgan bo‘lib, u avvaliga diniy ibodatlar o‘tkazish maqsadida, ya’ni Otashgoh sifatida qurilgani taxmin qilinadi.

Biroq rasadxona yoki mudofaa inshooti vazifasini bajargani borasidagi taxminlar ham mavjud. Biroq, bu taxminlarning birortasi hozircha o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q. Chunki qal’a joylashuvi va qurilishi bo‘yicha mudofaa maqsadlariga javob bermas edi. Ya’ni qal’ada qurol-yarog‘larni joylashtirish uchun mutlaqo imkoniyat yo‘q.

Qal’aning yuqori qismida 12 asrga oid ko‘fiy yozuvidagi tosh taxta bor. Biroq toshtaxta keyinchalik qal’aga ta’mirlovchi usta tomonidan o‘rnatilgani aytiladi.

Obidaning “Qiz qal’asi” deyilishiga inshoot biror marta ham dushmanlar tomonidan egallanmagani sabab bo‘lsa, ajab emas.

Qiz qal’asi haqida ko‘plab afsonalar bor. Aytishlaricha, shoh qizini o‘zi yoqtirmagan yigitga turmushga bermoqchi bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘zining talabi bilan qurilgan binoning tomiga chiqqan malika o‘zini dengizga tashlab halok bo‘ladi.

photo5244497077118020052.jpg

Yana bir afsonaga ko‘ra, bosqinchilar shaharga yaqinlashganlarida, minora tomidagi alanga bokira qizga aylanib, dushmanga qaqshatqich zarba bera boshlabdi. Dushman armiyasi ortga chekinibdi. Biroq, shaharga qaytgan qahramon qiz dushman lashkarboshisini sevib qolganini aytib, qilichi bilan o‘z joniga qasd qilgan ekan.

Qiz tushgan tosh bokiralik ramzi sifatida ko‘riladi. Shu yerda savol tug‘iladi axir qal’a dengizdan 100 metr uzoqlikda bo‘lsa, qiz qanday qilib o‘zini dengizga tashlashi mumkin?

Afsonalardan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha vaqtlarda Qiz qal’asi Kaspiy dengizi sohillariga yaqin bo‘lgan. Keyinchalik dengiz shahardan uzoqlashgan bo‘lishi mumkin.

18 asrga qadar inshootdan qal’a bayrog‘ini ko‘tarish maqsadida foydalanishgan bo‘lishsa, keyinchalik mayoq sifatida ishlatildi. Vaqt o‘tib, shahar kengaya borishi bilan, to‘g‘rirog‘i, 1907 yilda mayoq Nargin oroliga ko‘chirildi.

O‘tgan davr davomida qal’a bir necha bor ta’mirlandi. 1960 yilgi ta’mirlanishdan so‘ng Ozarbayjon mo‘jizasi va siri bo‘lmish qal’a butunlay o‘zgarib ketdi. Qal’aning balandligi 29,5 metrni, diametri 16,5 metrni tashkil qiladi.

Qiz qal’asi ozarbayjonliklarning faxri hisoblanadi. Shu sababli ham unga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar bor. 1923 yilda taniqli ozarbayjonlik dramaturg Jafar Jabarli “Qiz qal’asi” deb nomlangan doston yozdi.

Oradan bir yil o‘tib, shu nomdagi film suratga olinadi. “Qiz qal’asi” deb nomlangan birinchi Ozarbayjon baleti 1940 yilda sahnalashtirildi. Qiz qal’asi 1964 yilda muzeyga aylantirildi.

Qiz qal’asi yaqinidagi Shirvanshohlar saroyi (Şirvanşahlar sarayı) — bugungi kunda Ozarbayjon arxitekturasining durdonasi hisoblanadi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar borgan navbatdagi manzil Ozarbayjonning taniqli namoyondalari dafn qilingan qabriston bo‘ldi. Bu qabristonda taniqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliriza o‘g‘li Aliev (Heydər Əlirza oğlu Əliyev;) dafn qilingan.

H. Aliev 1923 yilning 10 may kuni Naxichevan shahrida temir yo‘lchilar oilasida tavallud topdi. 1939 yilda Naxichevan pedagogika texnikumini tamomlagan Haydar Aliev Bokudagi Azizbekov nomli Ozarbayjon Sanoat institutiga o‘qishga kiradi. Biroq boshlangan urush tufayli u o‘qishni davom ettira olmaydi.

1941 yildan boshlab Haydar Aliev Ichki ishlar va xavfsizlik organlarida mehnat qila boshladi. 1948 yilda Ozarbayjon Davlat Xavfsizlik vazirligining 5-Boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Aynan o‘sha yili Xavfsizlik idorasining Malaka oshirish institutida tahsil oladi.

photo5244497077118020053.jpg

1957 yilda Ozarbayjon Davlat universitetining tarix fakultetini tamomladi. 1967 yilning 21 iyunida Haydar Aliev Ozarbayjon Vazirlar Kengashi qoshidagi Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi raisi etib tayinlanadi. 1969 yil iyulida Ozarbayjon rahbari etib saylanadi. Bu lavozimda 1982 yilga qadar faoliyat yuritdi. Shu davr mobaynida Haydar Alievning respublikada ildiz otgan korrupsiya va boshqa jinoyatlarni yo‘q qilishga katta hissa qo‘shgani tan olinadi.

1987 yilda sobiq ittifoq vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan iste’foga chiqqanidan so‘ng, 1990 yilning iyulida Ozarbayjonga qaytadi. U xalq tomonidan iliq kutib olinadi hamda Ozarbayjon Oliy Kengashi deputati va 1993 yilda mustaqil Respublikaning Prezidenti etib saylanadi. Ya’ni, 3 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida “Siz nimani xohlasangiz, shuni beraman” shiori bilan maydonga chiqqan Haydar Aliev saylovchilarning 98,8 % ovozini olishga muvaffaq bo‘ldi. U 1993 yildan 2003 yilga qadar Ozarbayjon Prezidenti lavozimida faoliyat yuritdi.

Aliev ikkinchi bor hokimiyatga kelganida respublikadagi ichki siyosiy vaziyat beqaror edi. Ishlab chiqarish pastga tushib ketgan, og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga kelgan, qochqinlar bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgan, qo‘shni respublika bilan harbiy to‘qnashuvlar davom etayotgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, 1993 yilda hokimiyatga qaytgan Haydar Aliev Ozarbayjonni tanazzuldan qutqarib qoldi. Chunki o‘shanda fuqarolar urushi chiqishi ehtimoli bo‘lgan respublika jar yoqasiga kelib qolgan edi.

Haydar Aliev respublikada boshqaruv tizginini o‘z qo‘liga olgach, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. U iqtisodni rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligida keng qamrovli islohotlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratdi. 

Uning rahbarligida 1995 yilda yangi Konstitutsiya ishlab chiqildi va referendum orqali qabul qilindi. Yangi konstitutsiyada rejali iqtisodiyot bozor iqtisodiyotiga o‘tishi belgilab qo‘yildi.

Haydar Aliev 15 dekabr kuni Bokudagi Faxriylar xiyobonidagi qabristonga, rafiqasining yoniga dafn etildi.

Bakudagi Shohidlar xiyoboni (Şəhidlər Xiyabanı) — sayyohlar tashrif buyurishi kerak bo‘lgan qabristonlardan biri bo‘lib, bu yerga 1990 yilgi “qora yanvar” qurbonlari (126 kishi) dafn etilgan.

O‘zbekistonlik jurnalistlar ularning xotirasini yodga olib, Gisor tumani sari yo‘l oldi. Bakuda bahor nashidalari hukmronlik qilayotgan bir vaqtda jurnalistlar mazkur tumandagi Shoxdag turistik majmuasida hamon davom etayotgan qalin qorli qishga guvoh bo‘lishdi.