O‘zA O`zbek

12.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va xorijlik yosh turistlarga “Work&Travel” dasturi joriy etiladi

O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va xorijlik yosh turistlarga “Work&Travel” dasturi joriy etiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatning tashkiliy mexanizm va chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, Yoshlar turizmini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, shu jumladan xorijlik yosh turistlarga ishlash bilan birgalikda sayohat qilish imkoniyatini yaratish maqsadida “Work&Travel” (ish va sayohat) dasturini joriy etish mexanizmi va tashkiliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Hujjat loyihasida mazkur vazifani ijrosi uchun mas’ullar etib Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov), O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi (A.Sa’dullaev),Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov), Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Aqqulov)lar belgilangan.

Bundan tashqari qarorda nogironligi bo‘lgan yoshlar va kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun O‘zbekiston bo‘ylab bepul sayohatlar tashkil etish, nogironligi bo‘lgan yoshlar sayohat qilishlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida tegishli jamoat tuzilmasi tashkil etish orqali “Charity Tour” loyihasini amalga oshirish vazifalari ham belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, yoshlarni ichki turizmga faol jalb qilgan holda ularni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida turizm mavsumi past davrda (yanvar-mart) “Tourism challenge” (Turizm chorlovi) tanlovi o‘tkaziladi.

9 739
O‘zA