O‘zA O`zbek

09.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Eron o‘rtasida muntazam parvozlar rasman tiklandi

O‘zbekiston va Eron o‘rtasida muntazam parvozlar rasman tiklandi

Eronning “Zagros Airlines” aviakompaniyasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi “Tehron – Toshkent – Tehron” yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshladi.

Bugun ushbu yo‘nalishning ilk yo‘lovchilari sifatida “Zagros Airlines” aviakompaniyasi vakillari, tur-operatorlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

Hozircha Eron aviakompaniyasi mazkur yo‘nalishda parvozlarni haftasiga bir marta bajaradi. Keyinchalik esa parvozlar chastotasi haftasiga ikki martaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

2019 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Eron Islom Respublikasi aviatsiya ma’muriyatining “Zagros Airlines” aviakompaniyasini muntazam parvozlarni bajaruvchi aviakorxona sifatida tayinlash to‘g‘risidagi xabarnomasi, shuningdek, 2001 yil 17 avgustdagi Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim doirasida taqdim etilgan zarur hujjatlarga muvofiq “Tehron – Toshkent – Tehron” yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun Eron aviakompaniyasiga ekspluatatsiya ruxsatnomasi berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida muntazam parvozlarning tiklanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Otabek Olimjonov. – Shu bilan birga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda. Bu turizm sohasining yanada rivojlanishiga zamin yaratadi. Joriy yil noyabr oyida yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar soni 6 milliondan oshdi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 6,5 milliondan ortadi. Hozirgi kunda Erondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 25 foizga oshdi. Bugun “Tehron – Toshkent – Tehron” yo‘nalishida muntazam parvozlarning yo‘lga qo‘yilgani ham bu boradagi ishlarni yangi bosqichda rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron Islom Respublikasining “Zagros Airlines” aviakompaniyasi 2005 yilda Abadan shahrida tashkil etilgan. 2007 yilda ushbu aviakompaniya Tehron – Damashq yo‘nalishida o‘zining birinchi xalqaro reysini amalga oshirdi. 2013 yilda aviakompaniya Airbus A320-200 tashuvchilariga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda “Zagros Airlines” aviakompaniyasi Armaniston, Ozarbayjon, Iroq, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan.
– Avvalambor, O‘zbekistonning mehmondo‘st xalqiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman, – deydi “Zagros Airlines” aviakompaniyasi raisi o‘rinbosari Hushang Seddiq. – Bugun “Tehron – Toshkent – Tehron” yo‘nalishida muntazam qatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Oldin Tehrondan Toshkentga yoki Toshkentdan Tehronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov yo‘q edi. Mehmonlar boshqa yo‘nalish orqali kelishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa, tabiiyki, ortiqcha vaqtni talab qilardi. Bugun yo‘lga qo‘yilgan qatnov orqali 2,5 soatda Toshkentda bo‘ldik. 

2018 yilda Erondan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 2 ming 200 ga yaqin bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 3 mingga yaqinlashdi. Bu esa, o‘z navbatida, eronliklarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini bildiradi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarning amalga oshirilishi kelgusida bu ko‘rsatkichning yanada ortishiga imkon yaratadi.

11 958
Nurillo NASRIEV, O‘zA