O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Fransiyada namoyish etilmoqda
Fransiya poytaxti Parij shahrida 20-sentabr kuni “IFTM Top Resa – 2016” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi. Unda O‘zbekiston turistik salohiyati keng namoyish etilmoqda.
Fransiya poytaxti Parij shahrida 20-sentabr kuni “IFTM Top Resa – 2016” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi. Unda O‘zbekiston turistik salohiyati keng namoyish etilmoqda.O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimizda ichki va xalqaro turizm tobora kengayib, sayyohlik olamining yangi-yangi yo‘nalishlari kashf etildi. Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy turizm infratuzilmasi va dam olish maskanlarida yo‘lga qo‘yilgan yuksak sifatli xizmatlar sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
“IFTM Top Resa” dunyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro ko‘rgazmalardan. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yil mazkur ko‘rgazmada AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Braziliya, Rossiya, Belarus, Vetnam, Hindiston, Isroil, Eron va boshqa mamlakatlardan bir yarim mingdan ziyod sayyohlik firma va kompaniyasi o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan.
Parijdagi “Porte de Versailles” ko‘rgazmalar majmuida o‘tkazilayotgan nufuzli turizm forumidan joy olgan “O‘zbekiston” milliy stendi o‘ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko‘rgazma ishtirokchilari e’tiborini tortmoqda. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalari, xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlari aks etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma’lumotlar, xalq hunarmandligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“IFTM Top Resa – 2016” xalqaro ko‘rgazmasi jahon jamoatchiligini mamlakatimiz sayyohlik sanoati imkoniyatlari bilan keng tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama manfaatli shartnomalar tuzish, turistik biznes rivojining tendensiyalarini aniqlash, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish, bu borada o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati mavzusida taqdimot o‘tkazilgan. Tadbirda ikki mamlakat turistik tashkilotlari o‘rtasida bitimlar imzolangan.